O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Саҳобалар ҳаёти

MUS'AB IBN UMAYR Islomning avvalgi elchisi

 
 

Tarixchilar ta'rificha, Mus'ab ibn Umayr Makkada qurayshlik yigitlar sarasi bo‘lib, u eng asl va xushbo‘y atrlardan foydalangan. U badavlat xonadonda dunyoga kelgani sababli to‘qchilik, farovonlik va mo‘l-ko‘l ne'matlar ichida o‘sib ulg‘aydi. Makka yoshlari orasida ota-onasi tarafidan eng ko‘p erkalangan bola ham Mus'ab bo‘lsa ajab emas. Nihoyatda yoqimtoy va chiroyli yigit bo‘lgani uchun Makka ahli suhbat va gurunglarda uni maqtab tilga olishardi.

Mana shunday hurmat-e'tibor ostida hech kamlik ko‘rmay ulg‘aygan yigit ulardan voz kechib, keyinchalik yuksak iymon sohibiga aylandi, musulmonlar orasida “Mus'abul xoyr” ya'ni, yaxshi Mus'ab degan nom qozondi. U Muhammad alayhissalom tarbiyalarini olgan ulug‘ zotlarning biri edi. Chunki, bu sahobiyning hayoti barcha insonlar uchun yuksak namuna va ibrat maktabi bo‘ldi.

Makkada Muhammad Amin haqida gap-so‘zlar bo‘layotganidan Mus'ab ibn Umayrning ham xabari bor edi, albatta. Muhammadni Alloh taolo mo‘minlarga bashorat beruvchi, kofirlarni ogohlantiruvchi va yakkayu yolg‘iz Allohning ibodatiga da'vat etuvchi Payg‘ambar qilib yuborgani to‘g‘risidagi gap-so‘z o‘sha paytlarda ertayu kech butun Makka ahlining tilidan tushmasdi. Mus'ab ibn Umayr esa shunday suhbatlarni ko‘p eshitib, aynan guvohi bo‘lardi va bu kabi suhbatlarda doim ishtirok etishga harakat qilardi. O‘ta talabchan va aqli teranligi Mus'ab qalbiga iymon eshigini ochdi. Rasulloh va sahobalari quraysh mushriklarining aziyat va ozorlaridan uzoq bo‘lishi uchun Safo tog‘ining tepasidagi Arqam ibn Abu Arqam hovlisida to‘planishardi. Buni eshitgan Mus'ab bir zum ham ikkilanib o‘tirmay darhol o‘sha tomon yo‘l oldi. Uning qalbida zavqi oshib toshgan edi.

Bu hovlida Payg‘ambarimiz sahobalariga dindan ta'lim berar, Qur'on oyatlaridan tilovat qilar va ular bilan birga Ulug‘ Allohga ibodat qilar, namoz o‘qir edilar. Mus'ab hali o‘tirishga ham ulgurmay turib, Rasululloh qiroat etayotgan ilohiy oyatlarning qalblardan o‘rin olayotganiga guvoh bo‘ldi. Chunki bu oyatlarni eshitgan Mus'abning qalbini qattiq hayajon tutdi. U benihoya xursandligidan qalbi jo‘shib, qush kabi uchib ketgudek edi. Payg‘ambar bu alangali qalbni joyidan qo‘zg‘alib ketmasligi uchun  muborak qo‘llarini uning ko‘kragiga qo‘ydilar.

Davomi bor.

 

 Z.Eshonqulov – O‘MI Samarqand viloyati vakili

Payg‘ambar atrofidagi kishilar” kitobidan.


Kiritilgan vaqti: 19/09/2019 16:17;   Ko‘rilganligi: 1863
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/sahaba/musab-ibn-umayr-islomning-avvalgi-elchisi
Chop etilgan vaqti: 24/04/2024 00:51
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing