IBRATLI VOQEA
Bir kuni Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu qimmatbaho sovutini yo‘qotib qo‘ydi. Kufa bozorini aylanib yurganda uni bir zimmiyning qo‘lida ko‘rib:
- Bu mening sovutim-ku. Falon kuni, falon joyda tuyamdan tushib qolibdi,-dedi.
- Yo‘q, sovut meniki. Chunki mening qo‘limda turibdi.
- Yo‘q, meniki. Boshqa gap yo‘q, uni birovga sotma, hech kimga berma.
- Keling, yaxshisi qoziga boramiz,-dedi shunda zimmiy.
- Xayriyat insofing bor ekan. Yur tezroq, - dedi Ali roziyallohu anhu
Ikkovlon qozi Shurayxning xuzuriga borishdi. Ali roziyallohu anhu davosini so‘yladi. Shurayx zimmiyga qarab:
- Xo‘sh, sen nima deysan? – dedi
- Sovut meniki, chunki u mening qo‘limda, biroq amirul mo‘mininni yolg‘onchi deb ham o‘ylamayman.
Qozi Ali roziyallohu anhuga qarata:
- Sizning gapmngizga shubham yo‘q ey mo‘minlar amiri. Sovut sizniki ekaniga ishonaman. Ammo da'voingiz isboti uchun ikkita guvoh lozim, -dedi. Shunda Ali roziyallohu anhu Qanbar isimli mavlosi va o‘g‘li Hasan guvohlik berishini aytdi.
- O‘g‘lining otaga guvohligi o‘tmaydi,-dedi qozi.
- Subhanolloh! Nahotki jannat ahlidan bo‘lgan kimsaning guvohligi o‘tmasa? Balki Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning: “Hasan va Husayn jannat ahli yigitlarining sayidlaridir”, deganlarini eshitmagandirsiz?
- Eshitganman. Ammo bolaning otasiga bergan guvohligi qabul qilinmaydi.
Shunda Ali roziyallohu anhu zimmiyga qarab:
- Ol, olaqol shuni. Mening boshqa guvohlarim yo‘q-dedi.
Bundan tasirlangan zimmiy:
- Lekin men, ey mo‘minlar amiri, sovut sizniki ekaniga guvohlik beraman,- dedi va so‘zida davom etdi: -Yo Alloh, o‘z qozisi huzurida halifa haq-huquq talashdi. Qozi mening foydamga hukum chiqardi. Men bu din haq ekaniga Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga, Muhammad sallollohu alayhi vasallam uning bandasi va rasuli ekaniga iqrorman. Ey qozi janoblari, sovut rostdan ham amiril mo‘mininnikidir. Men Siffiynga ketayotgan qo‘shin izidan borib, yo‘lda uni topib olgan edim.
Ali roziyallohu anhu dedi:
- Sen musulmon bo‘lding. Sovut senga sovg‘a. Mana bu otni ham qo‘shib beraman. Olaqol!
Bu voqiadan ko‘p o‘tmay Nahrovon kunida bu kishi Ali raziyallohu anhuning bayrog‘i ostida xavorijlarga qarshi jangda ishtirok etdi va shahidlardan bo‘ldi.
Zayniddin Eshonqulov O‘MI Samarqand viloyat vakili (Tobe'inlar hayoti kitobi asosida)
Kiritilgan vaqti: 17/02/2020 18:44; Ko‘rilganligi: 3009
Chop etilgan vaqti: 12/10/2024 15:50