Rasulullohning xulqlari Qur’on edi
Din nasihatdur chiroyli muomalada dindandur. Insonga vojib bo‘ladigan narsalarning birinchisi chiroyli odob axloq bilan xulqlanmoqlikdir Alloh Taolo o‘zining aziz kitobida sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo Sallollohu alayhi vasallamning go‘zal xulqlarini maqtab shunday dedi:
وانك لعلى خلق عظيم (سورة القلم 4 اية
Albatta Siz ulug‘ Xulq ustidadirsiz” (Qalam surasi 4 oyat)
Izoh: Ayrim mufassirlarning aytishlaricha bu oyatdagi “ulug‘ Xulq” dan murod ulug‘ dindir. Zero, Alloh Taolo nazdida Islom dinidan suyukliroq va go‘zalroq biron xulq yo‘qdir. Oisha onamizdan Alloh u zotdan rozi bo‘lsin Payg‘ambar Alayhis Salomning axloqlari to‘g‘risida so‘ralganida: “U zotning xulqlari Qur’on edi. Qur’on rozi bo‘lgan ishdan rozi, Qur’on norozi bo‘lgan ishdan norozi bo‘lar edilar” – deb javob qilganlari ham yuqoridagi tafsirni quvvatlaydi. Zotan, Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning o‘zlari ham: “Darxaqiqat men ulug‘ xulqlarni kamoliga yetkazish uchun Payg‘ambar qilib yuborilganman”, deb marhamat qilganlar.[1]
Albatta go‘zal muomala dindandur. Insonga vojib bo‘ladigan narsalarning birinchisi go‘zal axloq bilan xulqlanmoqlikdir. Bu xususda Rasululloh Sallollohu alayhi vasallam:
ما من شىء اثقل فى ميزان المؤمن يوم القيامة من حسن الخلق (رواه الترمذى)
“Qiyomat kunida mo‘minning (amallar) me’zonida chiroyli xulqdan ko‘ra og‘irroq amal yo‘qdir” dedilar va yana:
ان من خياركم احسنكم اخلاقا (متفق عليه)
“Albatta xulqi go‘zal bo‘lganlaringiz yaxshilaringizdir” (Muttafaqun alayh) Rasululloh sallollohu alayhi vasallamdan, “Ko‘proq insonlarni jannatga kiritadigan amal haqida so‘ralganida U zot Sallollohu alayhi vasallam:
“Allohdan qo‘rqishlik va go‘zal axloq“ deb javob berdilar (Termiziy rivoyati) yana:
اكمل المؤمنين ايمانا احسنهم خلقا (رواه الترمذى)
“Mo‘minlarning iymon jihatidan komilrog‘i xulqi chiroyli bo‘lganidir.” (Termiziy rivoyati)
ان المؤمن ليدرك بحسن خلقه درجة الصائم القائم (رواه ابو داود)
“Albatta mo‘min, o‘zining go‘zal xulqi bilan ro‘za tutib, namozlarida qoim bo‘lguvchilarning darajasini topadi” dedilar.(Abu Dovud rivoyati)
خير الجيران عند الله خيرهم لجاره (رواه الترمذى)
“Alloh nazdida qo‘shnilarning yaxshisi, qo‘shnisiga yaxshi bo‘lganidir” (Termiziy) Alloh barchalarimizga, go‘zal axloq sohibi bo‘lishimizni nasib etsin. Amin.
Kiritilgan vaqti: 04/10/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 2953
Chop etilgan vaqti: 04/12/2024 14:54