O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Rasulullohning ﷺ fayzli uylari

 
 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z qo‘llari ila, sahobalar bilan birga tuya cho‘kkan joyda masjidlarini bino etib, muborak uylarini qura boshladilar. Onalarimiz yer yuzidagi eng ulug‘ zot bilan birga oila qurib yashayotganlarini juda yaxshi bilishardi. Ularning uylarida insoniyatga qiyomatgacha ikki dunyo saodatini ko‘rsatib beruvchi ilohiy dastur-Qur’oni Karimning oyatlari nozil bo‘lib turar edi. Ular yashab turgan uy oddiy uy emas, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari joriy etilib, hadislari so‘zlanib turadigan fayzli uy edi. Alloh taalo aytadi:

“Va uylaringizda tilovat qilinayotgan Allohning oyatlarini va hikmatini eslang” (Ahzob surasi 34-oyat.)

Onalarimiz uchun qurilgan birinchi uy Oisha roziyallohu anhoning uylari edi. U kichik bo‘lishiga qaramay Alloh taaloning qiyomatgacha mo‘jizasi bo‘lib qoladigan samoviy kitobi - Qur’oni Karimning ko‘p oyatlari tushadigan muqaddas makonga aylandi. Shu kichik uyda Payg‘ambar sollollohu vasallamning son-sanoqsiz hadisi shariflari vorid bo‘ldi. Shu kichik uy ko‘plab sahobalarni Islom ta’limotidan bahramand etdi. Bu uy masjidning sharqiy tomonida bo‘lib, eshigi “Ravza” tomoniga qarab ochilar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda e’tikof turganlarida Oisha roziyallohu anho turgan uyga boshlarini uzatib yuvdirar edilar. Hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bemor bo‘lganlarida ham shu uyni tanladilar. Oisha roziyallohu anho “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda va bag‘rimda olamdan o‘tganlar”, deb aytar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam olamdan o‘tganlarida sahobalar hayratga tushib qoldiar. Umar roziyallohu anhu eshik oldida turib, kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni olamdan o‘tdi desa, uni jazolayman deb turganlarida Abu Bakr roziyallohu anhu uyga kirib, o‘z kiyimlarida yotgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rib, yuzlarini ochib, peshonalaridan o‘pib, ota-onam sizga fido bo‘lsin ey Allohning rasuli o‘lim sizga ham yozilgan ekan deb chiqdilar va eshik oldida turib “kim Muhammadga ibodat qilib kelgan bo‘lsa, Muhammad olamdan o‘tdilar. Kim Allohga ibodat qilib kelayotgan bo‘lsa, Alloh tirik o‘lmaydi”, dedilar. So‘ng ushbu oyatni tilovat qildilar.

“ Muhammad payg‘ambardir, xolos. Undan oldin ham payg‘ambarlar o‘tgan. Mabodo, u o‘lsa yoki o‘ldirilsa, ortingizni (kufrga) qaytib ketasizmi?! Ortiga qaytgani bilan hech kim Allohga sira zarar yetqaza olmas. Alloh shukr qiluvchilarni, albatta, mukofotlaydi”. ( Oli Imron 144-oyat. )

Umar roziyallohu anhu oyatni eshitgach, buni eshitmagan ekanman dedilar. So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni dafn etish masalasi bo‘ldi. Abu Bakr roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan har bir payg‘ambar o‘z uyida dafn etilishi hadisni eshitganlarini aytdilar va uylarida dafn etishga kelishdilar. Oisha roziyallohu anho o‘sha uyda yashay boshladilar va orada biror to‘siq yo‘q edi. Abu Bakr roziyallohu anhu olamdan o‘tganlarida istaklariga muvofiq boshlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yelkalari barobariga qo‘yildi. Oralarida biror to‘siq qo‘yilmay Oisha roziyallohu anho “Bu kishi mening erim va bulari mening otam” der edilar. Umar roziyallohu anhu o‘lim yoqasida yotganlarida ikki sohiblari oldida dafn etilishlarini o‘g‘illari Abdulloh orqali izn so‘radilar. Oisha roziyallohu anhoning iznlari bilan Umar roziyallohu anhu olamdan o‘tganlarida Abu Bakr roziyallohu anhuning yelkalari barobarida dafn etildilar. Shundan so‘ng Oisha roziyallohu anho qabr orasiga to‘siq qo‘ydilar. Ulamolarni aytishlaricha o‘sha muborak uyda yana bir bo‘sh joy bo‘lib, unda Iso alayhis salom dafn etilar ekanlar. Imom Termiziy sunanlarida Abdulloh ibn Salom roziyallohu anhudan: “Tavrotda Iso alayhissalom Payg‘ambarimiz Muhammad sollalohu alayhi vasallam bilan dafn etilishlari yozilgan”, deb aytadilar.

U naqadar fayzli va sharafli uy ekanki, o‘z bag‘rida ulug‘ zot bo‘lgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumolarni olgan ekan. Mu’min-musulmonlar Madinai Munavvaradagi Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu vasallamning muborak masjidlarini ziyorat etar ekanlar, ular uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salom berish baxt va saodatdir. Hadisi sharifda u zot: “Biror kishi menga salom bersa, albatta, Alloh mening ruhimni qaytarib beradi va men o‘sha odamning salomiga alik olaman”, deganlar.

Jobir Elov tayyorladi


Kiritilgan vaqti: 06/10/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 1993
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/rasulullohning--fayzli-uylari
Chop etilgan vaqti: 21/02/2024 02:31
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing