Rasulullohni quvontirgan bitim
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Avvalo butun borliqni yaratguvchisi va tarbiyachisi bo’lmish Alloh taologa behad hamdlar bo’lsin. Olamlar sarvari, Alloh bizlarga rahmat qilib yuborgan Payg’ambar Muhammad alayhissolatu vassalomga salovat va salomlarimiz bo’lsin.
Payg'ambarimiz Muhammad salallohu alayhi vasallam yigirma yoshlarida sharafli ahdlashuvda ishtirok etganlari haqida quvonib eslardilar.
Hadisi shariflardan birida: "Men Abdulloh ibn Jud'oning uyida bir bitimda qatnashganman. Agar islomda ham shunday bitmga da'vat qilinsam, hech ikkilanmay qabul qilar edim." - degan edilar.
Yani ushbu bitimni tuzilishiga sabab o'sha davrda Makka shahriga keluvchilarning ba'zi bir shahar ahllari tomonidan adolatsizlikka uchrashlari edi.
Makka insonlar uchun muqaddas shahar. Chunki Haq taologa ibodat qilish uchun qurilgan Bayt (Allohning Uyi) shu yerda, baytni qurishni Alloh taolo buyurgan bo'lsa, uni qurganlar Ismoil va Ibrohim alayhissalomlardir. Hojilar Makkada hotirjam yurib, ibodat qilar, savdogarlar esa savdo qilish maqsadida bu yerga kelar edilar. Kunlarning birida Zabid shahridan kelgan savdogar mollarini Os ibn Voilga sotadi. Lekin Os savdogarning haqqini bermay, unga adolatsizlik qiladi. Shunda savdogar Makkadagi obro'li kishilardan yordam so'rab murojaat qiladi. Afsuski aksariyat nufuzli xonadonlar Os ibn Voil bilan aloqalari mustahkamligi uchun, ba'zilari undan qo'rqib unga yordam bermaslikka qaror qiladilar. Hattoki ayrimlar uni quvib soladilar.
Shunda savdogar shaharning o'rtasida dod-voy sola boshladi va uning oldiga birinchi bo'lib Zubayr kelib uning gaplarini tingladi. Boshqalar ham unga yordamga keldi. Ular Abdulloh ibn Jud'oning uyiga yig'ilishga kelishdilar. Bu ishda Abdumonofning ikki o‘g‘li bo‘lmish Hoshim va Muttalib avlodi, Asad ibni Abduluzzo, Zuhra ibni Kilob avlodi va Taim ibn Murra avlodi jamoalari qatnashdi. Bularning orasida yigirma yoshli Muhammad ibn Abdulloh ham bor edilar. U zot garchi davradagi eng yosh inson bo'lsalar ham o'zlarining go'zal xulqlari, odoblari boshqalarga o'rnak bo'ladigan aql-zakovatlari bilan barchadan ajralib turar, hatto kattalarga ham o'rnak bo'la olar edilar. Shuning uchun yig’ilganlar: "Bu yigit bizning davramizda nima qiladi,"- deyishni xayollariga ham keltirishmasdi.
Nihoyat, Abu Tolibning singlisi Bayda (yoxud Otika) o‘rtaga bir idishda mushku anbar keltirdi. Mehmonlarning hammasi unga birmabir barmoqlarini botirdilar. Bu arablarning o‘ziga xos qasamyod marosimi edi. Ba’zan shunday xushbo‘y hidli narsaga, ba’zan qon va shunga o‘xshash narsalarga barmoqlarini botirib, qasamyod etardilar. Qasamdan qaytmasliklarini bildiruvchi bir dalil hisoblanardi bu.
Shundan keyin ilk qasamyod so‘zlari yangradi: «Toki dengizda birgina soch tolasini ho‘llashga etadigan suv bor ekan, Savr va Hiro tog‘lari qad ko‘tarib turar ekan, doimo mazlumning yonida, unga yordamchi bo‘lishga, zolimdan haqqini olguncha qo‘llab quvvatlashga, faqirlarga saxovat ko‘rsatishga Alloh nomi bilan qasamyod qilaman». Bu qasamyod ayni tarzda bir necha bor takrorlandi. Bu qasamyod «Xilful fuzul» (ya’ni «Fazilatli kishilarning fazilatli ish tutish uchun qilgan qasamyodi») nomi bilan ataldi. Bu nom necha yuz yillar oldin ham arablar orasida xuddi shu ma’noda bir bitim tuzgan uch kishining nomlari bilan aloqador edi. Ular Fazl ibn Fazola, Fazl ibn Vadoa, Fazl ibn Horis ismli uch o‘rtoq edilar. Mardonavor bir bitim tuzishgan, mazlumning yonini olib, zolimga qarshi, haqsizlikka qarshi kurashgan, shu tariqa necha asrlargacha arablar orasida yaxshinom qoldirishgan edi ular. O‘sha boshlangan yo‘lni bu safar Abdulloh ibn Jud’onning uyida yig‘ilganlar davom ettirmoqchi edilar.
So'ng ular Osning uyiga borib savdogarning molini unga qaytarishdi. Savdogar ulardan behad xursand bo'ldi. Tez orada “Hilful fuzul” a'zolari Makkada katta hurmat va e'tiborga sazovor bo'lishdi.
Alloh taolo mo’minlarni adolatga, insofga va aql yuritishga chorlab, o'zining kalomi sharifida shunday marhamat qiladi: "Ey iymon keltirganlar! Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan emanglar. Magar o‘zaro rozilik ila tijorat bo‘lsa, mayli. O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang. Albatta, Alloh sizlarga rahmlidir." (Niso surasi 29-oyat).
Nabiy alayhissalom shunchalik omonatdor va adolatli inson bo’lganlarki, hatto u zotga o’z dushmanlari ham mollarini omonatga tashlab ketar ekanlar. Shunday zotning ummati bo’lgan holda u zotga ergashib, sunnatlarini davom ettirish biz mo’minlar uchun ham juda zarurdir.
Kiritilgan vaqti: 28/11/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 2675
Chop etilgan vaqti: 14/12/2024 11:38