RAMAZON YAQIN
Birodarlar, ramazon oyi tobora yaqinlashmokda. Shu munosabat bilan o‘z xulqimda ba'zi o‘zgarishlarga erishmoqchiman. Chunki, kishi islohni o‘zidan boshlamasa qolgan baland parvoz gaplar bekor. Xato qilsam to‘g‘irlab qo‘yasiz degan umiddaman.
Birodarchilik odobida kim bilan nuqsonga yo‘l qo‘ygan bo‘lsam ulardan uzr so‘rayman. "Albatta mo‘minlar birodardirlar". (Hujurot, 10-oyat).
Kim bilan gap talashib, urushib qolgan bo‘lsam oralarni isloh qilishga chaqiraman. "Ikki birodaringiz orasini isloh qiling" . (Hujurot -oyat).
Kim bilan bir masalada fikrimiz jam bo‘lmay, bo‘linib qolgan bo‘lsak, kibrni chetga otib, bo‘linishga chek qo‘yish kerak. "Barchangiz Allohning arqonini mahkam tuting va bo‘linib ketmang" . (Oli Imron 103-oyat),
Mo‘minlarga nisbatan yanada rahmliroq bo‘lishga qaror qildim. "(Mo‘minlar) o‘zaro raxmlidirlar". (Fath, 29-oyat)
Birodarlarga nisbatan kechirimli, haliym va ularga istig‘for aytishni odat qilaman. "Agar qo‘pol, qalbi qattiq bo‘lganingizda atrofingizdan tarqab ketgan bo‘ladilar, bas, ularni avf eting, ularga istig‘for ayting va ular bilan mashvarat qiling". (Oli Imron, 159-oyat).
Bilgan va bilmagan do‘stlar haqqiga doimiy duo qilishni odat qilish va qalbda o‘rnashib qolgan g‘ashlikni ketkazishimiz zarur – HAMMAMIZ.
"Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qil. Qalbimizda mo‘minlarga nisbatan nafrat solmagin. Ey robbimiz albatta sen shafqatli va mehribonsan" (Hashr, 10-oyat).
Agar hammamiz mana shunday shakllansak, ramazonda taqvo sifatini o‘zimizda his qilamiz inshaalloh.
Hoy o‘zaro janjallashib yurgan aka-ukalar, opa-singillar orangizni isloh qiling. Alloxdan qo‘rqing. Parokanda bo‘lmang.
Kirib kelayotgan Ramazon oyi barcha mo‘min va mo‘minalarga muborak bulsin.
Jahongirxon Abrorov - O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot kotibi
Kiritilgan vaqti: 01/04/2020 17:35; Ko‘rilganligi: 1416
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 12:30