Ramazon sabr va rahmat oyidir
Alloh taologa bitmas tuganmas hamdlar bo‘lsinki, sog‘inch va ishtiyoq bilan kutilgan oylarning sultoni ezgulik va rahmat oyi, ko‘p-ko‘p Qur’on tilovatlari o‘qiladigan, insonlar savoblarini ko‘proq qiladigan, saxovatu duo, tarovehu Qur’on tilovotlar oyi bo‘lmish muborak mohi Ramazon o‘zining tarovati, saxovati va barakoti bilan kirib keldi.
Musulmonlar bu fazilatli oyni bir olam shodligu quvonch bilan kutib oldilar. Kimdir bu oyni masjidlarga chiqib taroveh namozlarida qatnashib xatmi Qur’onlarga some’ bo‘lib uning savobidan umidvor bo‘lish niyatida bo‘lsa, yana kimdir bu oyda ko‘p xayrli ishlarni amalga oshirish niyatida bo‘lmoqdalar. Kimlardir qalbidagi ginalardan forig‘ bo‘lib, o‘zi uchun pokiza hayot sahifasini ochish niyatida bo‘lsa, kimdir saxovat va silai rahmda bo‘lish niyatida. Bu muborak oyda insonlar Alloh uchun Ramazon ro‘zasini astoydil ado etadilar.
Alloh taolo: “Ro‘za men uchun. O‘zim uning mukofotini beraman, Banda taomini, ichimligini va shahvatini men uchun tark qiladi”, deb marhamat qilgan.
Bu jumlada qudsiy hadis rivoyat qilinmoqda. Boshqa bir rivoyatda Alloh taolo: “Odam bolasining barcha amali o‘zi uchun, faqat ro‘za men uchun va uni mukofotini beraman”, dedi”.
Ro‘zador banda ro‘za kunlarida sabru qanoatda bardavom bo‘lib, Parvardigorining amriga bo‘ysinish uchun barcha ne’matlar: taom va ichimliklarni iste’mol qilishdan va o‘z jufti haloliga (ayoli) yaqinlik qilishdan shahvatini tiyadi.
Ro‘zadan boshqa amallarga ozgina bo‘lsa-da, riyo aralashadi, ya’ni banda bajarayotgan ibodatlarini boshqalar ham ko‘radi. Faqat ro‘za bundan mustasnodir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ro‘zada riyo yo‘qdir. Alloh : faqat ro‘za men uchun … degan”.
Bir insonni ro‘za ekanini boshqalar bilishi qiyindir. Shu bois Alloh taolo ro‘zaning mukofotini O‘zi berishini bildirdi.
Imom Zuhriy roziyallohu anhu aytadi: “Ro‘zadan boshqa barcha amallar inson tashqi harakatisiz bo‘lmaydi, faqat ro‘za qalbdagi niyat bilan boshqalar ko‘ziga ko‘rinmaydigan amaldir”.
Ro‘za ulug‘ ibodat. Ro‘zador kuni bo‘yi yeb-ichishdan o‘zini tiyadi. Ayniqsa, yoz fasli kelgan Ramazon oyida kunlar uzun va havo harorati issiq bo‘lishi sababli mashaqqatliroq kechadi. Shunda ham ro‘zaning hurmatidan ro‘zador o‘zini nazorat qiladi, hech kim ko‘rmaydigan joylarda ham man’ qilingan narsalardan saqlanadi. Bu bilan ro‘zadorning sabru bardoshi sinaladi.
Alloh biz mo‘minlarga farz qilgan Ramazon ro‘zasining inson uchun foydalari juda ham ko‘p. Jumladan:
1. Ro‘za tutgan kishining taqvodorligi oshadi. Alloh taolo ro‘za haqidagi oyatning oxirida «Shoyadki, taqvodor bo‘lsangiz», deydi. Alloh taoloning «Shoyadki» degani esa «Albatta bo‘lasiz» mazmunidadir. Ochlik ila kishilarni davolovchi tabiblardan biriga: «Siz ro‘za tufayli topgan eng ulkan foyda nima?» deb savol berilganda: «Allohni his etish, ibodat qilishga havas, qisqasi, taqvodorlik», deb javob berdi.
2. Ro‘zaning eng mashhur hikmatlaridan biri sog‘likdir. Ro‘za ixtiyoriy och qolishning eng yaxshi namunasidir. Ro‘za nafaqat sog‘likni saqlash uchun, balki bemorliklarni davolash uchun ham o‘ta zarurligi ta’kidlanmoqda. Hozirgi kunda keng tarqalgan bemorliklarning ko‘plarini musulmon bo‘lmagan yurtlarning tabiblari ochlik — ro‘za tutdirish yo‘li bilan davolamoqdalar. Yakinda o‘ris olimlari ro‘za tutdirish yo‘li bilan davolangan bemorlar ro‘yxatini e’lon qilishdi. Natijalar, kishini hayratda qoldiradi. Hatto saraton kasaliga mubtalo bo‘lganlar ham shu usuldan shifo topganlar.
3. Ro‘zaning foydalaridan yana biri havoi nafsni sindirishidir. Ma’lumki, havoyi nafsning aytganini qilaverish insonni unga qul qilib qo‘yadi. Bora-bora inson havoi nafsi nima desa shuni qiladigan bo‘lib qoladi. Havoi nafs esa insonni hech kachon yaxshi narsaga buyurmaydi. Ro‘za tutgan kishi esa ishtahasi kelib turgan holda turli taom, ichimliklar, shahvoniy narsalar va istaklardan o‘zini tiyish bilan havoi nafsining xohishini sindiradi.
Kiritilgan vaqti: 14/06/2017 00:00;
Ko‘rilganligi: 3212
Chop etilgan vaqti: 03/12/2024 01:18