O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

RAMAZON QUR’ON OYIDIR

 
 

Ramazon Qur’on oyidir. Ha, Ramazonning eng buyuk fazilatlaridan biri – bu uning Qur’on oyi ekanidadir. Alloh taolo O‘zining so‘ngi kitobi, Qiyomatga boqiy qoladigan, barchani ojiz qoldirgan mo‘jiz kalomi Qur’oni Karimni nozil qilish uchun aynan Ramazon oyini tanlagan. Shuning o‘zi bu oyning qanchalar ulug‘ ekanini anglash uchun yetarlidir. Alloh aytadi:


«Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib Qur’on tushirilgandir» (Baqara, 185-oyat).


«Albatta, Biz U(Qur’on)ni Qadr kechasida tushirdik» (Qadr, 1-oyat).
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, Alloh taolo Qur’onni avval Lavhul-mahfuzdan dunyo osmoniga butunicha nozil qilgan va bu Ramazon kechalaridan birida – Qadr kechasida bo‘lgan. Vaqti-soati kelib, Qur’onning Yer yuziga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilinishi ham aynan Qadr kechasida boshlangan. Keyinchalik har Ramazonda vahiy farishtasi Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, u zotga shu Ramazongacha nozil bo‘lgan oyatlarni takrorlatadigan bo‘ldi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot etadigan yillari Qur’onni Jabroil alayhissalomga ikki bora o‘qib berganlar. Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhumo bu muborak xatmga guvoh bo‘lganlar. Bu xatm manbalarda «arzai oxir» - «so‘ngi o‘qib o‘tkazish» degan nom bilan mashhurdir.


Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiyi edilar. U zotning eng saxiyliklari Ramazonda – Jabroil u zot bilan uchrashganda bo‘lar edi. Jabroil Ramazonning har tunida u zot bilan uchrashib, Qur’onni dars qilishardi. Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda erkin shamoldan ham saxiy bo‘lib ketar edilar».


Hadis kitoblarni o‘qisak, Ramazon bilan Qur’onni egiz shafoatchi tarzida tasvirlanganini ko‘ramiz. Imom Ahmad va Abu Fazllarning hadis to‘plamlarida Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ro‘za va Qur’on ikkisi Qiyomat kuni bandani shafoat qiladi: ro‘za: «Ey Robbim, men buni kunduzlari taom va shahvatlardan to‘sgan edim, uning haqida shafoatimni qabul qil», deydi. Qur’on: «Men uni kechalari uyqudan to‘sgan edim, uning haqida shafoatimni qabul qil», deydi. Bas, ikkovi ham shafoat qiladi»,deganlar».


Ana shunday qilib, bu oy ilohiy tasarruf orqali Islom ummati uchun Qur’on oyi qilib berildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlaridan tortib bugungi kungacha bu holat butun musulmon olamida an’ana tarzida muvaffaqiyatli davom etib kelmoqda. Sahobai kiromlar va tobeinlar Ramazonda Qur’on tilovatiga alohida e’tibor berar edilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuga Ramazonda tarovehda Qur’onni odamlarga xatm qilib berishni topshirganlari ham bejiz emas edi. Buyuk tobein Sufyon Savriy rahmatullohi alayhi Ramazon oyi ichi barcha ibodat va vazifalarini to‘xtatib, Qur’on o‘qish bilan mashg‘ul bo‘lar edi. Imom Buxoriy bobomiz esa Ramazon oyida Qur’oni karimni uch marotaba o‘qib tugatar edilar.

Hozirda ko‘plab musulmon yurtlarida mahalliy va xalqaro Qur’on musobaqalarini Ramazon oyida o‘tkazish urf bo‘lgan. Bizda ham «Xatmi Qur’on» deganda Ramazon, «Ramazon» deganda Xatmi Qur’on yodga tushadigan bo‘lib ketgan.

Yaratgan zotga behisob shukrlar bo‘lsinki, yurtimiz istiqlolga erishgach muqaddas dinimiz ko‘rsatmalarini emin-erkin ado etishga miyassar bo‘lib turibmiz. Joriy 2016 yil yurtimiz bo‘ylab ikki mingdan ortiq masjidlarimizda taraveh namozlari, shu jumladan minga yaqin masjidlarimizda xatmi Qur’on tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Zero qayerda Allohning kalomi tilovat etilsa, o‘sha yerdagi fayz va baraka yanada ziyoda bo‘ladi inshaollloh. Duolarimizda jonajon vatanimizdagi umumiy boyligimiz tinchlik va osoyishtaligimiz bardavom bo‘lishini so‘rab, barchalaringizni Qur’on oyi bo‘lmish Ramazon oyi bilan muborakbod etamiz.


Kiritilgan vaqti: 04/06/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 4451
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/ramazon-quron-oyidir
Chop etilgan vaqti: 25/04/2024 12:44
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing