Ramazon Qur’on oyi
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) johiliyat zulmati qoplagan, zulm shirk, jaholat, kufr keng tarqalgan og‘ir zamonda insoniyatga Allohning rahmatiyu marhamati o‘laroq yuborildilar. U zotga hidoyatu furqondan iborat bo‘lgan ochiq oydin pok mussafo hayot yo‘lini ko‘rsatib beruvchi, Allohni tanitib, bashariyatni Unga erishtiruvchi buyuk Kitobi Qur’oni karimni nozil qildi.
Bu bilan insoniyatni johiliyat zulmatidan tavhid va Islom nuriga olib chiqdi.
“Allohdan sizlarga Nur va ravshan Kitob keldiki, u bilan Alloh rizosini topishga intilganlarni (U) tinchlik va salomatlik yo‘llariga yo‘llab, O‘z izni bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur” (Moida surasi, 15-16).
Alloh taolo marhamat qildi:
“Alif, Lom, Ro. (Ey, Muhammad! Bu Qur’on) Parvardigorlarining izni bilan odamlarni zulmatlardan nurga, ya’ni qudrat va hamd egasining yo‘liga olib chiqishingiz uchun Sizga Biz nozil qilgan Kitobdir” (Ibrohim, 1).
Bu hidoyat insonlar va jinlar jamoasi uchun, barcha zamon va makonlar uchundir. Bu Kitob yaratilgan maxluqotlarning aqidalari, Rabbilari bilan aloqalarini, unga qanday ibodat qilishlari lozimligini, boshqalar bilan muomala qilishni va ularga husni xulqni o‘rgatadi.
Alloh taolo aytadi:
“Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etur va ezgu ishlarni qiladigan mo‘minlarga katta mukofot borligi haqida bashorat berur” (Isro, 9).
Alloh taolo bu Kitobni bir qancha ismlar bilan nomlagan va bir qancha sifatlar bilan sifatlagan. Bular nur, ruh, basira, xushxabar, hidoyat, rahmat, mav’iza, shifo va zikr kabilardir. Muttaqinlar nafslarida uning buyukligini his etishlari uchun Qur’onga bo‘lgan ehtiromlarining ziyoda bo‘lishida uni tilovat qilishga va uni ulug‘lashga rag‘batlarini oshirish uchun ham shunday ta’sirli, go‘zal nomlar va sifatlar bilan nomlagan. Alloh subhanahu va taolo kim bu Kitobni tilovat qilib, unga ergashsa, uning hech qachon adashmasligini va baxtsiz bo‘lmasligini, balki abadiy saodatga, tuganmas latif ne’matlarga erishishini xabarini bergan:
“Hidoyatimga ergashganlarga xavf yo‘qdir va ular tashvish ham chekmaydilar. Kofir bo‘lgan va oyatlarimizni yolg‘onga chiqarganlar – aynan o‘shalar do‘zax ahlidirlar. Ular o‘sha yerda abadiy qoluvchidirlar” (Baqara, 38 - 39).
Agar banda bu Kitobning nozil qilinishi naqadar buyuk baxt ekanligini bilsa, unga bu ne’matning shukrini qilish vojib bo‘ladi. Bu esa Allohning Kitobini tadabbur bilan tilovat qilish va unga amal qilish bilan bo‘ladi. Kimki bu ne’matni shukrini qilaman desa, Alloh taoloning kitobiga aynan mana shu fazilatli oyda – Ramazon oyida katta ehtimom ko‘rsatishi lozim bo‘ladi. Chunki, bu oy Alloh taolo Qur’oni karimni nozil qilgan oydir. Alloh taolo aytadi:
“Albatta, Biz uni (Qur’onni «Lavhul-mahfuz»dan birinchi osmonga) Qadr kechasida nozil qildik” (Qadr, 1).
“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, (tuta olmagan kunlarining) sanog‘i boshqa kunlardandir. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi. Bu – hisobni to‘ldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun Allohga takbir (hamdu sano) aytishingiz va shukr qilishingiz uchundir” (Baqara surasi, 185-oyat).
Tafsir ulamolari: “Qur’on dunyo osmoniga Qadr kechasida bir butun holida nozil bo‘ldi. So‘ngra yigirma yil yoki yigirma uch yil mobaynida bo‘lak-bo‘lak bo‘lib nozil bo‘lgan, deyishadi. Bayhaqiy Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi: “Qur’oni karim dunyo osmoniga Qadr kechasida bir butun holda nozil bo‘ldi, keyin 23 yil davomida nozil qilindi Alloh taolo aytadi:
“Qur’onni odamlarga vaqti-vaqti bilan o‘qib berishingiz uchun uni bo‘laklarga bo‘ldik va bo‘lib-bo‘lib nozil qildik” (Isro, 106).
Shunga ko‘ra salafi solihlar Ramazon oyida Qur’oni karimga alohida e’tibor berganlar, bunda ularga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning o‘zlari namuna bo‘lganlar. Ramazon oyida Jabroil (alayhissalom) u zotga Qur’ondan ta’lim berar edi. Buxoriy va Muslim Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan quyidagicha rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yaxshilikda odamlarning eng saxiysi, oliy himmati edilar, Ramazon oyi kelganida esa, u zotning saxiyliklari yanada ziyoda bo‘lar edi. Sababi Jabroil (alayhissalom) bilan uchrashar edilar. Jabroil (alayhissalom) bilan Ramazonning har kechasida uchrashar edilar va unga to Ramazon ketguncha Qur’onni o‘qib topshirar edilar. U zot Jabroil bilan uchrashganlarida tez esadigan shamoldan ham saxiyroq bo‘lar edilar”. Shu kabi hadislardan Ramazonda Qur’onni yanada ko‘proq tilovat qilib, xatmlar qilish savobli ish ekanini bilib olamiz, bu ishni kechasi qilish yana ham marg‘ub bo‘lib, sababi kechasi odam dunyo ishlaridan xoli bo‘ladi, qalbi sokin bo‘lib tadabbur qilishga imkoni ko‘payadi. Salafi solihlarning barchasi (rahimahumulloh) Ramazonda boshqa oylardagiga nisbatan ko‘proq xatm qilishga va buni hilvatda qilishga ijtihod qilar edilar. Ilm darslarini qo‘yib mus’haflarini qo‘lga olar edilar va: “Ramazon Qur’on oyidir” der edilar.
Ibn Abdul Hokim aytadi: “Molik Ramazon oyi kirganda hadis qiroatini va ilm majlislarini bir chetga surib, Mus’hafdan Qur’on tilovat qilishga kirishar edi”.
Abdurrazzoq aytadi: “Sufyon Savriy Ramazon oyi kelganda barcha ibodatlarini qo‘yib, (ya’ni nafl ibodatlarni) Qur’on tilovat qilishga kirishib ketardi. Taroveh namozlarida qiyomda tilovatni uzun qilar edilar”.
Imom Molik “Muvatto”da Soib ibn Yaziddan rivoyat qiladi. U aytadi: “Umar ibn Xattob Ubay ibn Ka’b va Tamim Doriyga odamlarga 11 rak’at qoim qilib berishlarini buyurdi. U aytadi: “Har birida yuz oyatdan qiroat qilib berardi. Qiyomning uzunligidan hassaga suyanib qolardik. To tonggacha forig‘ bo‘lmas edik. Bu va bundan boshqa hadislardan salaflarning Ramazon oyida Allohning Kitobiga ehtimomlari juda yuksak bo‘lganini va buni zohiriy ta’zim bilan namoyon qilganlarini bildiradi.
Mo‘min odam Ramazonda nafsiga qarshi ikki narsa bilan kurashadi: biri kunduzlari ro‘za tutib, ikkinchisi kechalari Qur’on qiroati bilan qoim bo‘lib. Kimki shu ikki kurashni jam qilsa va ularning haqlariga rioya qilsa va u ikkisiga sabr qilsa, hisobsiz ajru savobga ega bo‘ladi. Shuning uchun ham Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) o‘z so‘zlarida Qur’on va ro‘zani jam qilganlar: “Ro‘za va Qur’on Qiyomat kunida bandani shafoat qiladi. Ro‘za deydi: “Ey Rabbim, men uni kunduzlari taom va shahvatlardan man qildim. Uni shafoat qilishimga izn ber”. Qur’on aytadi: “Men uni tunlari uyqudan man qildim, uni shafoat qilishimga izn ber”, deydi. Shunda Alloh taolo: “Ikkingiz uni shafoat qilishingiz mumkin”, deydi”.
Manba: “www.bukhari.uz”
Kiritilgan vaqti: 16/06/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 3316
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 11:23