O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Ramazon oyining fazilatlari

 
 

Ramazon - rahmat va mag‘firat oyidir. Ro‘za gunohlardan to‘suvchi pardadir. Shunday ekan bu muborak oyni chiroyli kutib olib, Alloh taolo bandalariga bergan ulkan ne’matlardan foydalanib savob zahiramizni ko‘paytirib qolishimiz kerak. Zero Ramazon bir oygina mehmonimiz bo‘ladi xolos.

Payg‘ambarimiz (s.a.v) o‘z hadisi shariflarida: “Kimki Ramazon oyida ro‘zaning farzligiga ishongan va Alloh taoloning roziligini istagan xolda ro‘za tutsa uning o‘tgan gunohlari kechiriladi”- deb marhamat qilganlar. Demak gunohlardan pok bo‘lishimiz uchun ro‘za tutmoqligimiz, jismonan va ruhan o‘zimizni tklab olishimiz lozim ekan.

Ko‘pchilik ro‘za tutishlikni haddan tashqari mashaqqat deb bilishadi. Chunki ular hayotda ba’zi kunlari och qolishib ochlik azobini totib ko‘rganlar. Ammo ulug‘larimiz ochlikni ikkiga bo‘lishadi, birinchisi majburiy ochlik, ikkkinchisi esa ixtyoriy ochlik. Shu ikki xil ochlikni ikkita pichoqqa o‘xshatishadi. Birinchisi johil qo‘lidagi pichoq, ikkinchisi tabib qo‘lidagi pichoq. Johil qo‘lidagi pichoq kishining tanasiga tegsa jarohatlaydi, tabib qo‘lidagi pichoq kishining tanasiga tegsa davolaydi. Xuddi shuningdek majburiy ochlik kishini holdan ketkazib tanasiga ziyon bo‘lsa, ixtiyoriy ochlik esa tanadagi o‘ttizdan ortiq kasalliklarni davolashga yordam beradi.

Ro‘za hammamizga ma’lumki ochiqdan - ochiq ixtyoriy ochlikning yorqin ko‘rinishidir. Alloh taolo bu oyda ro‘za tutishni farz qildi, Rasul akram (s.a.v.) Ramazon kechalarida ibodat qilishni sunnat etib belgiladilar. Ushbu oyda kim nafl amalni bajarsa boshqa oyda farz amalini bajargan bilan teng bo‘ladi. Kimki bu oyda farz amalini bajarsa, boshqa oyda yetmishta farz amalini bajargan savobni oladi. Ramazon- sabr oyidir. Sabrning mukofati esa jannatdir. Ramazon- exson oyidir. Bu oyda muminning rizqi ziyoda bo‘ladi. Kimki bu oyda birorta ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, uning gunohlari kechiriladi va do‘zaxdan ozod bo‘ladi. Shuningdek unga ham ro‘zadorning savobidan hech qancha kam bo‘lmagan savob beriladi.

Alloh taolo Ramazon oyini barakotli qilib, hammamizning xonadonlarimizga, umrimizga, kasbkorimizga xalollik, bardavomlik ato qilsin. Yurtimiz tinch, elimiz obod, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin. Yana bir bor Ramazon oyi muborak bo‘lsin yurtdoshlar.So‘zimning oxirida siz azizlarga o‘z ijodimdan ulashmoqchiman:

Shodligingiz shodliklarga aylansin,

Mehmon kelsa mezbonlar ham shaylansin,

Bir oygina uyingizga joylansin,.

Eshigingiz oching, keldi Ramazon.

Gunohlarni olovlarga yoqadi,

Savoblar-chi daryo bo‘lib oqadi,

Baxtu omad sizga kulib boqadi,

Eshigingiz oching, keldi Ramazon.

Ro‘za tutmay qilmang aslo bahona,

Kutib oling o‘ynab kulib shahona

Barakaga to‘ladi har bir xona

Eshigingiz oching, keldi Ramazon.

Jismingizga shifo bo‘lar, dur bo‘lar

Belingizga quvvat, ko‘zga nur bo‘lar

Jannatlarda yoqut, marjon, hur bo‘lar

Eshigingiz oching, keldi Ramazon

Boqoniy der Ramazonda xikmat ko‘p

Uni topib peshonasin darxol o‘p

Iltimosim aytganimni qiling, xo‘p

Eshigingiz oching, keldi Ramazon


Kiritilgan vaqti: 17/05/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 2049
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/ramazon-oyining-fazilatlari
Chop etilgan vaqti: 07/10/2024 10:01
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing