O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Ramazon oyi va ro‘zasining fazilati

 
 

Bandalarining har ikki dunyo saodatini ko‘zlab, ro‘zani Islomning farz ibodatlari qatoriga qo‘shgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin

Ummatlariga mehr ko‘rgazib, ro‘za tutmoqni barcha sir-asrorlari ila o‘rgatib ketgan habib Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo janoblariga abadul abad salovotu salomlar bo‘lsin!

 Ramozon oyi munosabati bilan barcha musulmonlar ro‘za tutadilar. Shu munosabat bilan biz sizlarga ro‘zaning fazilatlari haqida Alloh taolo qodir qilguncha ma'lumot beramiz.

Ro‘za arab tilida «siyom» deb atalib, lug‘atda bir narsadan o‘zini tiymoqlikni bildiradi.

Shariat istilohida esa, «tong otgandan to quyosh botguncha niyat bilan ro‘zani ochuvchi narsalardan o‘zni tiymoqlikdir».

Islom shariatidagi har bir ibodat haqida hadisi shariflar vorid bo‘lgan. Ularning fazilatlari qayta-qayta ta'kidlangan. Jumladan, ro‘zaning fazilati bayon qilingan yuzlab hadisi shariflar muhaddislar tomonidan rivoyat qilingan. Ulardan eng mashhurlarini keltiramiz:

Abu hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men - O‘zim berurman, dedi. Ro‘za saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, men ro‘zadorman, desin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan zot ila qasamki, albatta, ro‘zador og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorga ikki xursandlik bordir. U ikkisini ham yashagay. Qachon iftor qilsa, xursand bo‘lgay va qachon Robbisiga muloqot bo‘lganda, ro‘zasi ila xursand bo‘lgay», dedilar». Beshovlari rivoyat qilganlar.

Sahl ibn Sa'd raziyallohu anhu rivoyat qilgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar:

 “Albatta jannatda bir eshik bor. Unga ar-Rayyon deyiladi. Qiyomat kunida odamlarga qarata: “Ro‘zadorlar qayerda?” deyiladi. Bas, ularning (ro‘zdorlarning) oxirgisi o‘sha eshikdan kirib bo‘lganida, ushbu eshik yopiladi”. Imom Buxoriy va Muslim rivoyati.

Abu Hurayra raziyallohu anhudan qilgan rivoyatlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon kirishi arafasida mana bunday marhamat qilgan ekanlar:

 “Muborak oy sizlarga kirib kelmoqda. Sizlarga uning ro‘zasini tutish farz qilindi. U oyda jannat eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari qulflanadi va shaytonlar kishanlanadi. Unda ming oydan yaxshiroq bir kecha ham bor. Kimki bu oyning yaxshiliklaridan mahrum qolsa, haqiqatdan ham mahrum qolgandir!”.  Imom Ahmad, Nasoiy va Bayhaqiylar rivoyati.

Ro‘zaning fazilatlari haqida gapiradigan bo‘lsak, Alloh taolo bu ibodatni serfazilat qilib qo‘ygan. Mazkur fazilatlarni sanab adog‘iga yetish qiyin. Biz esa, ulardan ba'zilarinigina siz azizlarga taqdim etishga harakat qildik. Jumladan:

  1. Ro‘za tutgan kishining taqvodorligi oshadi.

Muso va Iso alayhissalomlar, Budda va Gandi kabilar ham ixtiyoriy och qolish yo‘li bilan oliy ruhiy maqomlarga erishganlarini, hozirda ham kim taqvodorlikka erishish niyatida bo‘lsa, albatta, ro‘za tutishi zarurligini ta'kidlangandir.

  1. 2. Ro‘zaning foydalaridan navbatdagisi havoi nafsni sindirishdir.

Ma'lumki, havoyi nafsning aytganini qilaverish insonni unga qul qilib qo‘yadi. Bora-bora inson havoi nafsi nima desa, shuni qiladigan bo‘lib qoladi. havoi nafs insonni hech qachon yaxshi narsaga buyurmaydi. Ro‘za tutgan kishi esa, ishtahasi kelib turgan holda turli taom, ichimliklar, shahvoniy va boshqa nafsi tilab turgan narsalardan o‘zini tiyishi bilan havoi nafsining xohishini sindiradi. Shu bilan ro‘zadorning irodasi kuchayib, havoi nafsini jilovlab olishga erishadi.

  1. 3. Ro‘zaning foydalaridan yana biri Shaytonga qahr ko‘rsatishidir.

Ma'lumki, la'nati Shayton inson bolasini yaxshilikdan qaytarib, yomonlikka boshlab turadi. Inson yomonlikka yursa, Shayton alayhila'na xursand bo‘ladi. Yaxshilikka yurib, Allohning amri­ni bajo keltirsa, u la'in xafa bo‘ladi, o‘zini qahrga qolgan hisoblaydi. Ro‘za esa aynan o‘shandoq ibodatdir. Ro‘za ibodatini qilgan inson yomonliklardan qaytishi va Allohga taqvo qilishi bilan Shaytonga qahr ko‘rsatgan bo‘ladi.

  1. 4. Ro‘zaning foydalaridan yana biri ro‘zadorning qalbi musaffo bo‘lishi.

Ro‘za tutgan inson doimo Alloh taoloning kuzatib turganini his qilib yashaydi. Shuning uchun o‘zi yolg‘iz qolganida ham ro‘zasini ochishga jur'at etmaydi. Doimiy ravishda Allohni his etib turish esa, kishi qalbini musaffo qiladi. Uning qalbiga Alloh muhabbatidan boshqa narsa sig‘may qoladi. Ro‘zador kishi o‘z-o‘zidan yomonlik qila olmay qolishi ham shundan.

  1. 5. Ro‘za tutgan kishining tutgan ro‘zasi sababidan gunohlari mag‘firat qilinadi.
  2. 6. Ro‘za tutgan kishi o‘z ro‘zasi tufayli farishtalar sifati ila sifatlanadi.

Ma'lumki, yemaslik, ichmaslik va jinsiy yaqinlik qilmay, doimo toatda bo‘lish farishtalarga xos sifatdir. Ro‘za tutgan inson o‘zining ro‘zadorligi ila aynan o‘sha sifatlarga sohib bo‘ladi.

  1. 7. Ro‘zaning foydalaridan yana biri ro‘zadorning sabr-bardoshli kishi sifatiga ega bo‘lishidir.

Bu esa har bir inson uchun juda ham zarur sifatdir. O‘z ixtiyori ila o‘ttiz kun turli ko‘ngli xohlagan narsalardan o‘zini tiygan kishi esa, keragicha sabr-bardoshga ega bo‘ladi.

  1. 8. Ro‘za ro‘zadorda rahm-shafqat sifatini shakl­lantirib mustahkamlaydi.

Ro‘za tutgan kishi o‘z ixtiyori ila och qolib, chanqab, turli ko‘ngil xohlaydigan narsalardan vaqtincha mahrum bo‘lish bilan o‘z ixtiyoridan tash­qari och qolib, chanqab, dunyo lazzatlaridan bebahra bo‘lib yurgan beva-bechora, kambag‘allarga nisbatan rahm-shafqatli bo‘lib qoladi. Doimo ularga yaxshilik qilib turish kerakligini tushunib yetadi.

Demak, kim o‘zida rahm-shafqat sifatini shakl­lantirish va mustahkamlashni xohlasa, ro‘za tutsin.Mana shu zikr qilingan narsalar ro‘zaning bu dunyodagi ba'zi bir foydalari, xolos.

Ro‘zaning eng zo‘r hikmatlaridan biri u tufayli ro‘zador sog‘lig‘ini tiklab oladi. Ro‘za nafaqat sog‘liqni saqlash uchun, balki bemorliklarni davolash uchun ham o‘ta zarurligi endi oshkora aytilmoqda. hozirgi kunda keng tar­qalgan bemorliklarning ko‘plarini musulmon bo‘lmagan yurtlar tabiblari ochlik, ya'ni, ro‘za tutdirish yo‘li bilan davolamoqdalar.

Ro‘za turli kasalliklardan xalos etish bilan birga, kishi badanida to‘planib qolgan turli keraksiz moddalar, yog‘lar, tuzlar va boshqa narsalarni ham ketkazadi. Natijada insonning jismi ham, ruhi ham yengillashadi, zehni o‘tkir, xotirasi kuchli, irodasi mustahkam bo‘la boradi. Tib olimlari, haqiqiy ilm kishilari ro‘zaning haqiqiy koni foyda ekanligini ta'kidlamoqdalar va isbot qilmoqdalar. Jumladan, “Hadis va hayot” kitobida ro‘za insonning sog‘ligiga foyda bo‘lishini quyidagi jihatlarda ko‘rsatilgan:

1) Ro‘za insondagi kasalliklarga qarshi qobiliyat (immunitet)ni kuchaytiradi. Chunki ro‘za tutgan odamda ushbu maqsadga xizmat qiluvchi hujayralar o‘n marta ko‘payishi ilmiy ravishda sobit bo‘lgan.

2) Ro‘za tutgan odamda semizlikka qarshi mone'lik paydo bo‘ladi. Ro‘zador ruhiy iztiroblardan ham saqlanadi...

3) Ro‘za buyrakda toshlar yig‘ilishidan saqlaydi. Chunki ro‘za tutgan odamning qonida soda ko‘payib, kaliy tuzlari to‘planishini man qiladi. Shuningdek, ro‘zador siydigida siydik yo‘llaridagi tuzlarni to‘planib qolishini yo‘qotadigan modda ko‘payishi ham ilmiy ravishda isbot etilgan.

4) Ro‘za inson jismini uning to‘qimalarida to‘planib qoladigan zaharli moddalardan tozalashga yordam beradi…

5) Ro‘za jinsiy maylning kuchini qirqadi. Bu, ayniqsa, yoshlar uchun juda foydalik bo‘lib, jismni turli asabiy va jismoniy iztiroblardan saqlaydi.

Hozirgi kunda ro‘za ko‘plab bemorliklarni davolashda qo‘l kelmoqda: Semizlikdan kelib chiqadigan qon tomirlarining torayishi,qon bosimining ortishi va ba'zi yurak kasalliklari, qon aylanishiga oid kasalliklari, bo‘g‘inlarning surunkali shishini, umuman, ichak kasalliklari, jigar, sariq, bavosil, bronxit, bronxial astma, allergiya, ekzema, qanda,saraton, tutqanoq, skleroz, o‘pka kasalliklari, kamqonlik kabi kasalliklarga ro‘zaning juda foydali ekanligini ilmiy ravishda tibbiyot olimlari isbot qilganlar.

Shuni bilmoq kerakki, aslida ro‘zani biz musulmonlar kasalliklarga foydali bo‘lgani uchun emas, balki Alloh taolo buyurgani uchun, uning roziligi  topish uchun tutamiz! Haqiqiy mo‘min-musulmon bo‘lishni, oliy maqomlarga erishishni xohlasak, Ro‘za tutib uning bu dunyoda hamda oxiratdagi manfaatlaridan barhamad bo‘laylik.Omin!

N.Jalolov - Tayloq tuman “Bog‘izag‘on”  jome masjidi imom xatibi                                    


Kiritilgan vaqti: 24/04/2020 14:13;   Ko‘rilganligi: 1807
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/ramazon-oyi-va-rozasining-fazilati
Chop etilgan vaqti: 08/02/2025 01:47
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing