O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Qur’on-Qalblar shifosi

 
 

Bugun Yurtimizda Qur’on bayrami boshlandi. Barcha mo‘min-musulmonlarning quvonchi cheksiz. Darhaqiqat, Muqaddas islom dinimiznig asosi Qur’on karim bo‘lib, Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamga 23 yil davomida nozil bo‘lgan haq kitobdir. Shu bilan birga dunyodagi barcha kitoblar ichida eng ulug‘i, mukammali va oxiratgacha muhofazasi ta’minlangan kitobdir! Bu ilohiy kitobning mo‘jizaligi - Alloh taolo qiyomatgacha to‘liq saqlashlikni o‘z zimmasiga olganligidir. Bu borada Qur’oni karimda: “Albatta, zikr (Qur’on)ni Biz nozil qildik va albatta uni Biz muhofaza qilurmiz”, deb marhamat qilingan. (Hijr 9 oyat). Darhaqiqat, shu paytgacha hech bir shaxs bu kitobning biror harfini ham o‘zgartira olmagan va keyin ham o‘zgartira olmas! Musulmonlar Qur’oni karimni to‘liq yod olgan kishini “hofizulqur’on” deb izzat-ikrom qiladilar.

Tarixga nazar soladigan bo‘lsak musulmonlar istiqomat qiladigan hamma yurtda o‘ziga xos hofizulqur’onlari bo‘lgan. Ularning tilovatlarining tarannumini tinglagan kishilar butun vujudlari bilan roxatlanganlar.

Mustaqillikga erishganimizdan keyin bizning diyorimizda ham hofizulqur’onlar soni kundan-kunga ko‘payib, diniy o‘quv yurtlarida ular uchun ta’lim olish imkoniyatlari keng doirada barpo etildi. Joriy yilda esa jonojon vatanimiz O‘zbekistonda tarixiy voqea, qorilar musobaqasi yurtboshimiz Sh.Mirziyoevning tashabbuslari bilan Respublikamiz bo‘yicha o‘tkazilmoqda. Avval tuman bosqichlari, keyin viloyat bosqichlari, bugun esa Respublika bosqichi katta tantana bilan o‘tkazilmoqda. Muborak musobaqani kuzatish uchun yurtdoshlarimizga zamon talabiga mos keladigan texnikalar orqali yuqori saviyada xizmat ko‘rsatilmoqda. Ya’ni har bir viloyatda katta ekranlar orqali o‘z xududlarida kuzatish imkoniyatini beruvchi shart-sharoitlar qilingan.

Samarqand viloyati Samarqand tumani “Imom A’zam” jome masjidida musobaqa jarayonini onlayn tizimi orqali tug‘ridan-to‘g‘ri ko‘rish imkoniyatidan foydalanib, to‘plangan mo‘min-musulmonlar uchun shart- sharoitlar qilinib, yuqori darajada xizmat ko‘rsatilmoqda. In sha Alloh bu musobaqalar davomli bo‘lib dunyo musulmonlari o‘rtasida o‘tkaziladigan musobaqalarida O‘zbekistonlik qori va qoriyalarimiz ham yuqori o‘rinlarni zabt etadi degan umiddamiz. Musobaqa 21-24 aprelgacha erkaklar, 25-27 aprelgacha xotin-qizlar o‘rtasida davom etadi. Alloh taolo Qur’on nuri ila qalblarimizni munavvar aylab, xayotimizda doim muqaddas kitobimizga amal qilib yashamoqligimizni nasib etsin. Musobaqada ishtirok etayotgan qorilarimizga mustahkam zehn va omadlar tilaymiz. So‘zimizni taniqli islom shoiri Otabek Boqoniy qalamiga mansub she’r bilan yakunlashni lozim topdik:

Qorilar

Qur’on Alloh kalomi Payg‘ambardan me’rosdir

O‘qib amal qilmoqlik mo‘minlarga chin rostdir

Hofizi Qur’on bo‘lmoq Haqqa buyuk ixlosdir

Kecha kunduz o‘qigan tinmay kitob qorilar

Ming hurmatga sazovor misli oftob qorilar.

Olti yuzdan ortiq bet bir yuz o‘n to‘rtta sura

Yoddan o‘qib berishar hoxlagan joydan so‘ra

Rasululloh o‘zlari aytgan hadisga ko‘ra:

“Ulug‘-ulug‘ farishta bilan birga qorilar”

Shuning uchun yuzlari to‘la nurga qorilar

Igna bilan quduqni qazar ilm cho‘lida

Eng gullagan davrini sarflab Alloh yo‘lida

To‘shagidir joynamoz kalamulloh qo‘lida

Sabru toqat sharobin to‘yib ichgan qorilar

Kibru havo manmanlik to‘nin yechgan qorilar

Toj berilar otasi ham onasi boshiga

Ustunlik qilar u toj dunyoning quyoshiga

Ibrat bo‘lsin bu holat mo‘min keksa yoshiga

Toj kiymoqni istasang bolang bo‘lsin qorilar

Bog‘ingdagi gul rayhon lolang bo‘lsin qorilar

Tilovatin tinglasak ovozlari muloyim

Yangrab tursin jaranglab yurtimizda har doim

Yana ming-ming farzandlar qori bo‘lsin iloyim

Boqoniy der tasanno bo‘ling omon qorilar

O‘zbekiston faxrisiz tirik Quron qorilar.


Kiritilgan vaqti: 21/04/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 3034
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/quron-qalblar-shifosi
Chop etilgan vaqti: 01/12/2024 21:58
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing