QURBONLIK BU – DUNYO MOLIDAN VOZ KECHISHDIR
Imomi A'zam mazhabiga ko‘ra qurbonlik kuni hur, muqim, boy musulmon odamga qurbonlik qilish vojibdir. Qurbonlik qilish zakot va fitr sadaqasi kabi moliyaviy ibodat bo‘lib, u Qur'oni karim, hadisi sharif va ijmo' bilan sobitdir.
Qurbonlikning vojibligiga dalillar:
“Bas, Rabbinga namoz o‘qi va jonliq so‘yib qurbonlik qil!”. (Kavsar surasi, 2).
Allohning o‘zi uchun ibodat qilib, namoz o‘qish, faqat Xudoning yo‘lida jonliq so‘yib, beva-bechoralarni to‘yg‘azish shukrning bir ko‘rinishidir.
Ulamolarimiz ushbu oyati karimadagi “namoz”dan murod, iydi qurbon namozi, «jonliq»dan murod qurbonlikka so‘yiladigan hayvon, deganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. “Kim imkonga ega bo‘lib qurbonlik qilmagan bo‘lsa zinhor nomozgohimizga yaqinlashmasin”. Ahmad va ibn Moja rivoyat qilgan.
Imkonga ega bo‘lishning shartini ulomalarimiz fitr sadaqani vojib qiladigan miqdor deganlar.Zakot nisobi faqat zakot chiqariladigan o‘suvchi mollardan hisob qilinadi. Fitr sadaqasining nisobi esa asliy hojatdan tashqari mol-mulklar ham hisob qilinadi. Zakot berolmaydigan boylar ya'ni, fitr sadaqasi vojib bo‘lganlar hojati asliyasidan, o‘zi va oilasidan ortiqcha molu dunyosini hisoblaganda nisobga yetsa, ulardan bir yil o‘tishi shart emas, ya'ni, fitr sadaqasi beradigan kuni, qurbonlik qiladigan kuni ortiqcha molu dunyosini hisoblaydi-da, agar zakot nisobiga yetgan bo‘lsa, fitr zakoti va qurbonlik amalini qilaveradi.
Mixnaf ibn Qays roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan Arafotda turgan edik. Men U zotning: “Ey, odamlar, har bir uy ahliga har yili bir qurbonlik va atiyra lozimdir. Atiyra nimaligini bilasizlarmi? U sizlar, rajabiya, deb ataydigan narsadir»-deganlarini eshitdim”. Sunan egalari rivoyat qilgan.
“Kavsar” surasining oyati va ushbu hadislar Hanafiy mazhabi ulamolarining hur, muqim, boy musulmon odamga qurbonlik qilish vojibdir, degan gaplariga hujjatdir.
Qurbonlikning shartlari: Qurbonlikni musulmon, muqim, moliyaviy imkoniyati mavjud kishi so‘yadi. Musulmonlikni shart qilinishiga sabab qurbonlik Allohga yaqinlashtiradigan ibodatdir. Ibodat qabul bo‘lishi uchun esa islom shart qilinadi.
Muqim kishiga vojib, musofirga emas. Chunki ushbu ibodat shartlarini ado qilish musofirga mashaqqat tug‘dirgani uchundir. Musofir kishiga juma namozi farz bo‘lmaganidek qurbonlik qilish ham vojib bo‘lmaydi. Shuningdek ulug‘ sahobalardan, Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumolar musofir bo‘lsalar qurbonlik qilmasdilar. Aliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Musofirga jum'a va qurbonlik shart qilinmaydi”. Agar biror kimsa qurbonlik so‘yish vaqtigacha mazkur pul mablag‘iga ega bo‘lsa ya'ni, u pulga bir yil to‘lmasa ham unga qurbonlik vojib bo‘ladi.
Qurbonlik qiluvchi hayit namozi o‘qib bo‘lingandan keyin, qurbonlikni o‘z qo‘li bilan so‘ysa afzal, qurbonlikni so‘yishda “Bismillahi va Allohu Akbar!” demoq kerak,qurbonlikni so‘yish paytidan kimdanligini aytish mumkindir.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan namozgohda qurbon namoziga hozir bo‘ldim. U zot xutbalarini tugatib, minbarlaridan tushganlarida bir qo‘chqor ketirildi. Bas, u zot uni o‘z qo‘lari bilan so‘ydilar va: “Bismillahi va Allohu Akbar! Bu mendan va mening qurbonlik qilmagan ummatimdan”, dedilar”. Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qurbonlik kunini iyd qilishga amr qilindim. Uni Alloh bu ummat uchun qilgandir”, dedilar. Bir kishi: “Aytingchi, men urg‘ochi maniyhadan o‘zga narsa topmasam, uni qurbonlik qilamanmi?” dedi. U zot: “Yo‘q! Lekin, sochingni va tirnoqlaringni olasan. Mo‘ylabingni qisqartasan. Qovug‘ingni tozalaysan. Ana o‘shalar, Allohning nazdida sening qurbonligingning tugal bo‘lganidir”, dedilar”. Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilgan.
Qurbonlik kuni Alloh taoloning amri bilan islomiy bayram hisoblanar ekan.
Ushbu kunda imkoni bor kishilar qurbonlik qilib, imkoni yo‘q kishilar bilan birgalikda xursandchilik o‘tkazadi ekanlar. Payg‘ambarimizning ushbu so‘zlarini eshitgan sahobalardan biri qiziqib savol berdi: “Aytingchi, men urg‘ochi maniyhadan o‘zga narsa topmasam, uni qurbonlik qilamanmi?” dedi”.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu savolga:
“Yo‘q!” deb javob berdilar va ortidan qurbonlik qilishga moddiy imkoni yo‘q kishilarning ko‘ngillarini ko‘taruvchi ajoyib gapni aytdilar:
“Lekin, sochingni va tirnoqlaringni olasan. Mo‘ylabingni qisqartasan. Qovug‘ingni tozalaysan. Ana o‘shalar, Allohning nazdida sening qurbonligingning tugal bo‘lganidir”, dedilar”. Demak imkoni bo‘lmagan kishi ushbu amallarni qilishi bilan savobga noil bo‘lar ekan.
Qurbon hayitining birinchi kuni hayit namozidan keyin hayitning uchinchi kuni shom namozi kirgungacha qurbonlik qilish mumkin. Kishiga qurbonlik qilish vojib yoki vojib emasligi ayni o‘sha vaqtdagi ahvoliga ko‘ra ma'lum bo‘ladi.
Masala: Nisobga ega bo‘lgan kishi qurbonlik qilishdan oldin yoki qurbonlik vaqti chiqishdan oldin faqirga aylanib qolsa, zimmasidan qurbonlik soqit bo‘ladi. Xuddi shuningdek nisobga ega bo‘lmagan kishi qurbonlik qilishdan oldin yoki qurbonlik vaqti chiqishdan oldin boyga aylanib qolsa, zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi. Qurbonlik vojib bo‘lgan kishi qurbonlik kunlarini o‘tkazib yuborsa, ya'ni qurbonlik qilmagan bo‘lsa bir jonliqni qiymatini sadaqa qilish vojib bo‘ladi. Ammo shuni aytish kerakki jonliqni so‘yish, uning qiymatini sadaqa qilgandan afzaldir.
Besh yoshli tuya, ikki yoshli qora mol, olti oylik qo‘y, bir yoshli echkilarni qurbonlik qilish mumkin. Bir yoki ikki ko‘zi ko‘r, tik turolmaydigan yoki suyish joygacha yurib borolmaydigan hayvon qurbonlik qilinmaydi. Alloh taolo kalomida: “O‘zingiz yaxshi ko‘rgan narsadan infoq qilmaguningizgacha hech-ham yaxshilikka yetaolmaysiz…” deb marhamat qilgan.
Qurbonlik go‘shtini bir qismini oilasiga, yana bir qismini kambag‘al qo‘shnilarga, yana bir qismini boy qo‘shnilarga ham tarqatiladi. Agar oila ta'minotiga kerak bo‘lsa, qo‘shnilarga tarqatmasdan, go‘shtni bir oy ichida ishlatishi mumkin. Qurbonlik qilingan jonliqning terisi va kalla pochasi sotilmaydi, sadaqa qilinib yuboriladi.
Muallif: Xayrulloh Sattarov - O‘MI Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari
Kiritilgan vaqti: 09/08/2019 16:14; Ko‘rilganligi: 1411
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 12:19