QO‘SHNICHILIK ODOBLARI
Bismillohir rahmonir rahim
Muqaddas islom dini insonlarni o‘zaro bir-birlari bilan do‘stlikda, hamjihatlikda, mehr-oqibatda yashashga targ‘ib qiladi. Bu bilan jamiyat a’zolari o‘rtasida ahillik, do‘stlik, hurmat-izzat kabi axloqiy fazilatlar kamol topib, jamiyat taraqqiyoti va ravnaqiga juda katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, jamiyatda ma’naviy-axloqiy muhit barqarorligi ta’minlanadi. Shunday aloqalardan biri – qo‘shnichilik aloqalaridir. Alloh taolo o‘zining kalomi bo‘lgan Qur’oni karimda bunday deb marhamat qiladi: “Allohga ibodat qilingiz va unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shniyu begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchi(musofir)ga va qo‘l ostingizdagi(qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi”,(Niso, 36).
Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadislarining birida: “Nafsim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, banda musulmon bo‘lmaydi hatto insonlar uning qalbidan, tilidan va qo‘lidan salomat bo‘lmagunlaricha. Banda mo‘min bo‘lmaydi hattoki yon qo‘shnisi uning yomonliklaridan omonda bo‘lmagunicha”,- dedilar. Shunda sahobiylar: “Ey, Allohning Rasuli “yomonliklari” deganda nimani tushunamiz”, deb so‘radilar. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam: “Yomonliklari –– bu qo‘pol, dag‘al muomalasi va zulmu-zo‘ravonligi”,- deb javob berdilar. Boshqa bir hadisda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam: “Qo‘shnining qo‘shni oldidagi hurmati o‘z onasining hurmati kabidir”, deb marhamat qilganlar.
Yuqorida misol qilib keltirilgan oyat va hadislardan ma’lum bo‘ladiki, kishining o‘z yaqinlari ya’ni ota-onasi, qavm-qarindoshlari, qo‘ni-qo‘shnilari bilan go‘zal muomalada umrguzaronlik qilishi Allohning nazdida eng ulug‘ savobli amallardan ekan.
Hasan Basriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamdan qo‘shnining haqlari haqida so‘ralganda ul zot: “Qarz so‘rasa berib turasiz, agar sizni chaqirsa chaqirig‘iga javob berib borasiz, bemor bo‘lsa holidan xabar olasiz, yordam so‘rasa yordam berasiz, musibat yetsa ta’ziya izhor qilasiz, biror xursandchilik yetsa muborakbod etasiz, vafot etsa u to‘g‘rida guvohlik berasiz, agar biror yerga ketsa kelguniga qadar oilasidan, bola-chaqasidan xabar olib turasiz, hovlingizda qozonda go‘sht qovurib unga ozor bermaysiz, shunday qilgan taqdiringizda unga ham taomingizdan ulashasiz”. Boshqa bir rivoyatda “Imoratingizni tomini uning tomidan baland qilmaysiz, magar, rozilik bersa, baland qilishingiz mumkin” - dedilar.
Hazrat Abu Hurayra rozmiyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam “Ey, Abu Hurayra taqvodor bo‘ling insonlarning obidrog‘i bo‘lasiz, qanoatli bo‘ling insonlarning shukr qiluvchirog‘i bo‘lasiz, o‘zingizga yaxshi ko‘rganingizni boshqa insonlarga ham yaxshi ko‘ring mo‘minlardan bo‘lasiz, qo‘shnilaringiz bilan go‘zal muomalada bo‘ling musulmon bo‘lasiz, huda behuda kulavermang ko‘p kulgu qalbni o‘ldiradi”,- dedilar.
Hikmatlarda keltirilishicha bir kishi vafot etsa, uchta qo‘shnisi undan rozi bo‘lsa Alloh taolo uni mag‘firat qiladi. Bir rivoyatda bir kishi Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam oldilariga qo‘shnisidan shikoyat qilib keladi. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam unga: “Unga ozor berishdan tiyiling, uning sizga bergan ozorlariga sabr qiling. Ajralmoqchi bo‘lsangiz o‘limning o‘zi kifoya qiladi”, dedilar. Hasan Basriy rozmiyallohu anhu aytadilar: “Qo‘shniga ozor bermaslik go‘zal qo‘shnichilik emas, haqiqiy qo‘shnichilik qo‘shnidan kelayotgan ozorlarga sabr qilishdir”.
Xalqimizda “mehr ko‘zda” degan naql bor. Ya’ni kishi o‘z yaqinlari bilan tez-tez uchrashib, hol-ahvol so‘rab tursa, dardu quvonchlariga sherik bo‘lsa, atrofidagi insonlardan yordamini ayamasa va munosabatlar hech bir g‘arazsiz faqat Alloh roziligi uchun samimiy bo‘lsa, albatta, jamiyatdagi barcha insonlar bir-birlariga nisbatan mehr-oqibatli bo‘ladilar. Bunday fazilatli odobu axloq aynan o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan xislatlardandir. Biz bu qadriyatlarimizni asrab avaylashimiz kerak.
Bugun zamon shiddat bilan o‘zgaryapti. Hayot sur’atlari kundan kunga tezlashib bormoqda. Dunyo axborot maydonida g‘oyalar kurashi avj olmoqda. Chetdan turib bizning milliy ma’naviyatimizni obro‘sizlantirishga bo‘lgan xatti-harakatlar, jumladan, milliy va diniy qadriyatlarimiz ildizlariga bolta urishga urinishlar avj olmoqda. Bunday harakatlar individualizm va axloqsizlik g‘oyalarni tarqatish bilan yo bo‘lmasa bachkana ko‘rinishdagi axloqsizlikni yuksak madaniyat deb targ‘ib qilish holatlari va buning zamirida asl madaniyat va ma’rifatga, necha ming yillardan buyon rivojlanib, xalqning birligini, birdamligini, ma’naviyatini, yuksak qadriyatlarini ifodalab kelgan boy ma’naviy merosimizni obro‘sizlantirishga, unga putr yetkazishga qaratilgani bugungi kunda har bir aqli raso odamni tashvishlantirmay qo‘ymaydi. Mana shunday sharoitda milliy va diniy qadriyatlarimizni mazmun mohiyatini teran anglashimiz va ularni asrab avaylashimiz, farzandlarimizni sarani puchagidan ajratadigan, ya’ni aslni soxtadan ajrata oladigan darajada tarbiya qilishimiz nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kiritilgan vaqti: 23/08/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 3984
Chop etilgan vaqti: 07/12/2024 22:46