QO‘RQINCHLI XABARLAR
Telefon endi ommalashayotgan paytlar bir video ko‘rgandim. Ochig‘i, vahshiylik mavzusi bo‘lgan filmlarni tomosha qilganman, ammo bu darajada ta’sirlanmagandim. O‘sha videoda bir niqobli odam "asir"ni shafqatsizlarcha qatl etadi(!)
Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi, nima o‘zgardi?
Bir hafta tomog‘imdan ovqat o‘tmadi. Tinmay boshim og‘rib, ko‘nglim behuzur bo‘lgandi. Bunday holat balki ko‘plab insonlarda kuzatilgandir. Kishida o‘sha jarayonda ovqatdan behuzur bo‘lish, lohaslik, bosh og‘rig‘i qanday paydo bo‘ladi - bu haqda tibbiyot xodimlari yaxshi bilishadi, albatta.
O‘sha videoni ma’lum vaqt o‘tgach, yana bir marta tanishimning telefonida ko‘rdim. Ammo bu safar avvalgidek ta’sir qilmadi. Ko‘nikkandim, nazarimda.
Savol tug‘iladi. Xo‘sh, men endi vahshiylikka o‘rgandimmi? Bunday axborotga odatlandimmi? Diydam qotdimi?
Tabiiyki, vahshiylik targ‘ib qilingan videolarni qayta-qayta ko‘raversak, hammamiz ko‘nikamiz. Bosim bilan uzviy tarqatilgan axborot insonni o‘z izmiga solishi shubhasiz.
Bugun ommaviy axborot vositalari hamma narsani ko‘rsatsin deyapmiz. Ko‘rsatyapti ham. Xususan, sodir etilgan jinoyatlar haqida xabarlar har kuni tarqalyapti. Bular bizni tarbiyalayaptimi? Bizda jinoyatga qarshi immunitet shakllanyaptimi?
Masalan, quyidagi xabarlarga e’tibor qiling:
24 yoshli ayol o‘z buvisini o‘ldirib, hovliga ko‘mib tashladi…
Navoiyda ayol erini bolta bilan jarohatladi, so‘ng o‘z joniga qasd qildi…
Past Darg‘omda nobakor ona ikki qizalog‘ini pichoqlab o‘ldirdi va o‘z joniga qasd qildi…
Bekoboddagi to‘yxona oldida maktab o‘quvchisi maktabdoshini pichoqladi…
Angrenda qotillik: ayol turmush o‘rtog‘ini pichoqladi…
Milliy taomlar kafesida pichoqbozlik: ayol erkakni pichoqladi…
Andijonda fuqaro MIB xodimini pichoqladi…
Samarqandda yigit o‘zidan 16 yosh katta ayolni zo‘rladi…
Bu ma’lumotlar bugun eng ommalashgan veb-saytlar orqali tarqatilgan. Ammo birortasida tahlil, fojianing nimasi fojia ekani qayd etilmagan. Shunchaki, jinoyat sodir etilgani va odamni vahimaga soladigan jihatlarga e’tibor qaratilgan, xolos. Bunday axborotlarni tarqatishdan faqatgina sayt kuzatuvchilarini ko‘paytirish maqsad qilingani shundoqqina ko‘rinib turibdi. Buni boshqacha izohlab bo‘lmaydi.
- Katta-katta mehmonxonalar, savdo va maishiy obyektlarida e’tibor qilsangiz, "Chiqish" belgisi yoki yozuvi qayd etilgan bo‘ladi, - deydi Samarqand davlat universiteti psixologiya kafedrasi mudiri, dotsent, psixolog Musharraf Salohiddinova. - Bu ishoraga ko‘proq dunyoning rivojlangan davlatlarida e’tibor qilishadi. Qizig‘i shundaki, aynan shu yozuv ham inson ongiga ijobiy ta’sir qilar ekan. Har qanday vaziyatda tashqariga yo‘l borligi, yorug‘likka chiqish imkoni ong ostiga joylashar ekan. Ong ostida kuzatiladigan jarayonlar insonning ijtimoiy hayotida muhim o‘rin tutishini unutmaylik.
Ta’bir joiz bo‘lsa, biz ko‘rgan va eshitganlarimiz bilan boshqarilamiz. Haqiqatan ham so‘nggi paytlarda bugun sodir etilgan jinoyat ertasi kuni bor voqeligi bilan, vahshiylik aks etgan "sahnalari" bilan tarqatilmoqda. Ammo bunday axborotlarda tahlil yo‘q, jinoyat sodir etilganidan pushaymonlik hisi sezilmaydi. Jazo muqarrarligi oddiygina gap bilan izohlanadi. Natijada biz fikrlamaymiz, nomiga ko‘z yugurtirib o‘tishga odatlanamiz. Muammo shundaki, bu holat tezkorlik bilan ijtimoiy me’yorga aylanib boryapti.
Yana bir tashvishli holat. Biz o‘quvchi sifatida allaqachon oldi-qochdi axborotni o‘qishga o‘rganib qoldikmi, degan hadik bor. Chunki qaysidir sohaning chuqur tahlilidan ko‘ra, bir aktrisaning kinoga qaytganiyu qandaydir g‘ayriijtimoiy jinoyat tafsilotini ikki-uch barobar emas, o‘n marta, yuz martalab ko‘proq o‘qiyapmiz. Afsuski, bu ham ko‘pchiligimizning ongimiz allaqachon zararlanganini anglatadi.
Dostoyevskiyning "Jinoyat va jazo" romani ko‘pchilikka tanish. Asarda jinoyat nima ekanligi, insonning qo‘lga qurol olish jarayoni oddiy kechmasligi chuqur tahlil qilingan. Jinoyat sodir etilgandan keyingi holat, ruhiy azobning o‘zi insonni tarbiyalaydi. Jinoyatchi erkinlikdan, qutulib qolishdan ko‘ra, jazo olishni afzal bilib qoladi. Va shunday bo‘ladi ham.
To‘g‘ri, hamma ham Dostoyevskiy emas. Ammo "falonchini o‘ldirdi, pichoqladi, zo‘rladi", deyishdan avval tarqatayotgan axborotimizni kim o‘qiydi, qanday xulosa qiladi va men bu bilan nimaga erishaman, deb o‘zimizga savol beraylik.
Manba: "zarnews.uz"
Kiritilgan vaqti: 08/10/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 2478
Chop etilgan vaqti: 14/12/2024 12:43