O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

QOMUSIMIZ BAXTIMIZ VA HUQUQLARIMIZ KAFOLATIDIR!

 
 

“Qayerda qonun hukmron bo‘lsa, shu yerda adolat bo‘ladi”
Amir Temur

Ona Vatanimiz o‘z istiqlolini qo‘lga kiritgan kunidan boshlab, Respublikamizning birinchi Prezidenti marhum va mag‘fur yurtboshimiz rahbarligida mustaqil davlat yangi qonunchiligining yaratilishi va qabul qilinishi borasida dadil qadam tashlandi. Bu borada kerakli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Dastlabki qabul qilingan qonunlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi bo‘lib, o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida 1992 yil 8 dekabrda qabul qilindi.

Konstitusiyaning barcha bo‘lim va moddalari mustaqil Vatanimizning milliy qadriyatlarini tiklashga, inson manfaatlarini har tomonlama himoya qilishga, milliy va diniy qadriyatlar va vijdon erkinligini ta’minlashga, oilada mustahkam muhitni ta’minlashga, Vatanimiz milliy-madaniy meroslaridan oqilona va odilona foydalanishini belgilab berishga, millatlar va elatlar, xalqlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik, bag‘rikenglik, o‘zaro hamkorlik, do‘stona munosabatlarni yaxshilashga va shunga oid ezgu maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgandir desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Muhtaram marhum Yurtboshimizning “Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch” asarida shunday purma’no so‘zlar bor: “Bugun biz tarixiy bir davrda – xalqimiz o‘z oldiga ezgu va ulug‘ maqsadlar qo‘yib, tinch-osoyishta hayot kechirayotgan, avvalambor o‘z kuch va imkoniyatlariga tayanib, demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish yo‘lida ulkan natijalarni qo‘lga kiritayotgan bir zamonda yashamoqdamiz”, deganliklari ham so‘zimizning yorqin misoli va isbotidir.

Bu yil O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi qabul qilingan kunning yigirma to‘rt yilligi bayramini nishonlash arafasida turibmiz. Zero, asosiy qonunimizda fuqarolarning vijdon erkinligi, barcha millat va elatlarning urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishi kafolatlangan. Jumladan;

Boshqomusimizning “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari bo‘limi” (7-bobi, umumiy qoidalar) 18-moddasida shunday deyilgan:O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart”, deb yozib qo‘yilganligi ayni so‘zimizga misoldir.

Jannatmakon Yurtimiz o‘zining 25 yillik mustaqil taraqqiyot yo‘lida erishgan barcha natijalari, jumladan, inson huquqlari va erkinliklarining ta’minlanishi, vijdon erkinligi va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, milliy va diniy qadryatlarimizni qayta tiklanishi, shuningdek, fuqarolik jamiyati asoslarini vujudga kelishi va rivojlanishi kabi barcha yutuqlarimiz Boshqomusimiz – Konstitutsiya va u asosida qabul qilingan qonun, qarorlar, davlat dasturlarining izchil amalga oshirilishi natijasida qo‘lga kiritildi. Bu borada muhtaram marhum birinchi Yurtboshimiz quyidagi e’tirof qilgan so‘zlarini eslab o‘tish ayni muddao bo‘ladi deb bilaman. Jumladan: «Qabul qilingan Konstitusiyamiz o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra xalqimiz tafakkurining mahsuli bo‘lib, u davlatni davlat, millatni millat sifatida tanitadigan qomusnomadir». Qomusimizning barcha moddalari dunyoda umume’tirof etilgan tamoyillar, xalqaro huquq normalari va boshqa bir qator xalqaro hujjatlardagi umuminsoniy tamoyillari mazmuni bilan sug‘orilgani ham ko‘rishimiz mumkin.

Xalqimizning ezgu niyatlarini o‘zida mujassam etgan, erkinlik, millatlararo totuvlik, o‘zaro hamkorlik, bag‘rikenglik kabi umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi Yurtimizda yashab kelayotgan insonlarni tengligi, ularning tili va diniy, urf-odatlari hamda milliy qadriyatlarining garovi sifatida kishilik jamiyatini barcha jabhalarda taraqqiyotga erishishga xizmat qilib kelmoqda. Shu jumladan, 130 dan ortiq millat va elat vakillarining bir moviy gumbaz ostida tinch-totuv, xotirjamlik asosida yashab kelishi ham Qomusimizning nechog‘lik hayotga tadbiq etilganligidan va diyorimiz kishilarning bag‘rikengligidan darak beruvchidir.

Asosiy Qomusimizda jamiyatimizning barcha jabhalari qamrab olingandir. Konstitusiya 6 bo‘lim, 26 bob va 128 moddadan iborat.

Yer kurrasidagi mavjud insonlarning millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi turfa yaratilgan bo‘lsada, ammo ularning yashashdan maqsadi, umume’tirof etilgan huquqlari mushtarakdir: tinch va osuda hayot kechirish, o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan himoyalanish, so‘z va e’tiqod, ilm olish, mehnat qilish, shaxsiy daxlsizlik huquqlariga ega bo‘lishlikdir.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:

وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُم مِّنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَىٰ كَثِيرٍ مِّمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلًا.

Ya’ni: “Darhaqiqat, Biz Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlarlardan afzal qilib qo‘ydik”, deb marhamat qilgan.

Ushbu oyati karimaning mazmun va ma’nosiga ahamiyat qiladigan bo‘lsak, insonlarni mukarram qilib yaratilganligiga, unga berilgan barcha haq-huquqlaridan oqilonalik bilan foydalanishi, berilgan barcha ne’matlardan foydalanishiga va uning shukrini qilib faoliyat olib borishga undamoqdadir.

Bugun turli zo‘ravon kuchlarning to‘qnashuvlari, qo‘poruvchilik quzg‘unlari avj olayotgan bir davrda insoniyatning ana shu huquqlari eng qadrli, eng totli ne’matga aylanib bormoqda. Inson huquqlari Umumjahon Dekloratsiyasida belgilab qo‘yilgan mazkur huquqlar Konstitutsiyamiz ikkinchi bo‘limida o‘z aksini topgandir. Yuqorida bu xususida to‘htalib o‘tdik.

Har bir oilaning o‘ziga xos yashash tarzi, urf-odatlari, o‘ziga xos tartib-qoidalari, o‘ziga xos orzu-umidlari bo‘ladi. Kishilik jamiyati ham ushbulardan holi emasdir. Har bir mamlakatning ham o‘z o‘rnida ana shunday tartib-qoidalari, ezgu umidlari va istaklar, maqsadlarini ko‘rsatuvchi, ularni ifodalovchi yuzi – Konstitusiyasi mavjud bo‘ladi. Vatanimizning ham yuzi, maqsadlarimizning ma’naviy, ma’rifiy, madaniy va huquqiy timsoli bu – Konstitusiyamizdir.

Asosiy qonunimizda demokratik huquqiy davlat, adolatli fuqarolik jamiyatining qiyofasi, o‘ziga xos belgi va xususiyatlari shakli va shamoyillari o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ ajdodlarimizning asriy armonlari, erkin hayot, farovon jamiyat va adolatli davlat barpo etishdek eng ezgu tilaklari va ulug‘ orzularini o‘zida mujassam etgan Davlatimiz Konstitusiyasi barcha qabul qilinadigan qonunlar va me’yoriy xujjatlar uchun mustahkam asos va dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Qomusimizda beshta asosiy tamoyil mustahkam belgilab qo‘yilgandir. Bular demokratik jamiyatning xalqaro miqyosda e’tirof etilgan tamoyillaridir. Bu tamoyillar fuqarolarning o‘z xohish – irodasini erkin bildirishi, barcha fuqarolarning teng huquqliligi, davlat va jamiyatni boshqarish ishlarida qonun ustuvorligi, davlat hokimiyati organlarining saylovlar asosida shakllantirilishi, ularning saylovchilar oldida hisob berishi kabi shakllarda namoyon bo‘ladi.

Konstitusiyamizda shaxs, uning huquq va erkinliklari davlatdan ustunligi e’tirof etilgan, shuningdek, unda inson qadri, shaxs erkinligi va hayotini ta’minlovchi tabiiy imkoniyatlarni yuzaga chiqishiga alohida ahamiyat berilgan. Bu masalalar muqaddas dinimizda ham to‘laligicha va kerakligicha o‘rganilgan. Bunga oid ko‘rsatmalar ham berilgan. Buni biz muqaddas dinimiz ta’limotlarini o‘rgatadigan kitoblarni o‘qisak, tarixni o‘rgansak fikrlarimiz isbotini topgan bo‘lamiz. Shuning uchun ham Konstitusiyamizdan har qancha faxrlansak, har qancha g‘ururlasak, uni har qancha o‘rganib, targ‘ib qilsak arziydi.

Zero, o‘z oilasidagi tartib qoidalarga amal qiladigan, uni hurmat qiladigan farzand boshqalarning ham mana shunday talab-tartiblari borligin anglaydi, ularni hurmat qila biladi, Shu ma’noda Konstitusiyamiz barchamiz uchun asosiy mezon bo‘lishi, uning qoidalari hayotimizning asosiy qoidalari va maqsadlariga aylanishi darkor.

Yurtimizda yashab, faoliyat ko‘rsatayotgan har bir ongli inson O‘zbekiston Respublikasining asosiy qonuni – Konstitusiyamizning barcha moddalarini mukammal bilishi va hayotga to‘g‘ri tatbiq qilmog‘i, shuningdek, o‘ziga yuklatilgan burchlarini sezib, to‘laqonli ravishda bajarishi lozim bo‘ladi. Ushbu ishlarni amalga oshirgan kishilar ham davrimiz, ham bebaho milliy qadriyatlarimiz me’yorlariga amal qilgan bo‘ladi.


Kiritilgan vaqti: 07/12/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 7244
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/qomusimiz-baxtimiz-va-huquqlarimiz-kafolatidir
Chop etilgan vaqti: 28/03/2025 10:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing