O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

QOMUSIMIZ INSON VA JAMIYAT FAROVONLIGI GAROVIDIR

 
 

Davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi

Konstitusiyasi, 14 – modda

Islohot – islohot uchun emas, avvalo, inson uchun, degan edi marhum Prezidentimiz Islom Karimov. Ushbu ibora davlatimiz Bosh Qomusini ishlab chiqishda ham asosiy tamoyil qilib olingan. Konstitusiyamiz moddalari birinchi o‘rinda insonning, jamiyatning farovonligi, istiqboli uchun xizmat qilishni, fuqarolarga porloq kelajak asosini ta’minlashni o‘z oldidagi oliy maqsad qilib belgilagan.

Sir emaski, Konstitusiyamizdagi insoniylik tamoyillari muqaddas islom dinimiz maqsadlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Zero, Islom dini ham insonlarni zulmatlar botqog‘idan hidoyat nuriga olib chiqish, ularni ikki dunyoda saodatmand qilish uchun yuborilgan dindir.

Qomusimizning 13 moddasida “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi”, deyilgan. Islom dinining ta’limotlari, qonun-qoidalari va amallaridan ham beshta bosh maqsad ko‘zda tutilgandir:

1. Inson hayotini muhofaza qilish
2. Inson aqlini muhofaza qilish
3. Inson dinini muhofaza qilish
4. Inson naslini muhofaza qilish
5. Inson molu-mulkini muhofaza qilish

20-moddada “Fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart”, deb ta’kidlangan. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qay bir odam bir musulmon kishini uni behurmat qilinayotgan va obro‘si to‘kilayotgan joyda himoyasiz qoldirsa, Alloh ham uni U Zotning himoyasini istab turgan joyda himoyasiz qoldiradi. Qay bir odam bir musulmon kishini uni behurmat qilinayotgan va obro‘si to‘kilayotgan joyda himoya qilsa, Alloh ham uni U Zotning himoyasini istab turgan joyda himoya qiladi», dedilar», (Abu Dovud rivoyat qilgan) deyilgan bo‘lsa, Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim o‘z birodarining obro‘sini himoya qilsa, Alloh qiyomat kuni uning yuzini do‘zaxdan himoya qiladi», dedilar», (Termiziy va Ahmad rivoyat qilishgan) deb marhamat qilingan. Ushbu misollar, solishtiruvlar davom ettiriladigan bo‘lsa, yana ko‘plab o‘xshashlik, mosliklarga guvoh bo‘lishimiz mumkin.

Konstitusiyamizning boshqa davlatlar konstitusiyasida uchramaydigan asosiy o‘ziga xosliklaridan biri, unda alohida “Oila” bobining keltirilganidir. “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega”, deyiladi 63-moddada. Ushbu bobda ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi munosabat, xuddi muqaddas dinimizdagidek, aniq qilib belgilab qo‘yilgan. Masalan, 64-moddaning birinchi qismida “Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar”, deb belgilangan. Qiyoslash uchun “Baqara” surasining 233-oyatini misol tariqasida keltirishimiz kifoya darajasida bo‘ladi. Oyatda: “Ularni (onalarni) yaxshilab yedirib, kiyintirish otaning zimmasidadir”, deyilgan. Farzandni tuqqan onaga nafaqa berish vojib bo‘lganidan keyin bolaning o‘ziga nafaqa berish vojib bo‘lishiga shubha qolmaydi va bu oyat 64-moddada aytilganidek, bolaning haq-huquqlarini kafolatlaydi.

Dinimizda ota-onaga yaxshilik qilish, xizmatlarini qilib, duolarini olish vojib amallardan bo‘lib, ibodat darajasiga ko‘tarilgan. Alloh taolo O‘ziga ibodat qilishlik bilan birga ota-onaga yaxshilik qilishlikni Qur’oni karimning bir necha oyatlarida yonma-yon zikr qilib keltirgan. Jumladan:

“Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa ehson (yaxshilik) qilingiz!” (Niso-36)

“Ayting: “Kelingiz, Robbingiz sizlarga harom qilgan narsalarni o‘qib beray: Unga biror narsani sherik qilmangiz, ota-onaga ehson (yaxshilik) qilingiz”. (An’om-151)

Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. (Ankabut-8)
Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik.
(Luqmon-14). Bu borada esa Konstitusiyamizning 66-moddasida “Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar”, deb belgilab qo‘yilgan.

8 dekabr bizning erkinligimiz kafolati, taraqqiyotimiz asosi bo‘lgan Konstitusiyamiz qabul qilingan kundir. Bu bayram barcha yurtdoshlarimizga muborak bo‘lsin va qomusimiz xalq farovonligi yo‘lida mustahkam asos vazifasini bajaraversin.


Kiritilgan vaqti: 08/12/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3206
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/qomusimiz--inson-va-jamiyat-farovonligi-garovidir
Chop etilgan vaqti: 02/12/2024 15:01
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing