O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Qizim senga aytadigan nasihatim bor

 
 

Dunyo o‘zi bir matodir. Uning eng yaxshi matosi soliha ayoldir.

(Hadisdan)

Qizim endi sen katta bo‘lding, ayollarga xos odob uslublarini bilish vaqti keldi. Agar ayollarga xos odob-axloq uslublaridan bexabar bo‘lsang chin oqila muslima bo‘la olmaysan. Agar baodob, batarbiya bo‘lsang, tozalikka rioya qilsang, har bir narsa toza-ozoda yuvilgan va o‘z joyida tartib bilan qo‘yilgan bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.

Qizim bilginki, qaysi joyda tozalik va ozodalik bo‘lsa o‘sha yerda fayzu baraka bo‘lib, kishilar xursandchilik bilan hayot kechiradilar. Tozalikka va ozodalikka rioya qilinadigan joydan shaytoni la’in qochib ketadi.

Qizim bilginki, qaysi joyda ifloslik, najosat va badbo‘ylik bo‘lsa, yuvilmagan idish-tovoq va kiyim-kechak bo‘lsa o‘sha joyda shaytoni la’in qo‘nim topadi va fayzu-baraka qochadi, g‘avg‘o-janjal avj oladi. Ishlarining oqibati xunuk bo‘ladi.

Qizim bilginki, o‘z vazifangni dangasalik qilmasdan har bir ishni o‘z vaqtida bajarishga harakat qilgin.

Qizim birinchi qiladigan ishing Xudoyingni esingdan chiqarma. Bir kunda har bir musulmonning zimmasida farz bo‘lgan besh vaqt namozni o‘z vaqtida ado qilgin. Namozdan oldin tahorat qilish farzdir. Ertalab turganingda ko‘rpa-yostiqlaringni to‘g‘rila. Tahorat olishga hammomga kirganingda oynaga yaxshilab qarab o‘zingni tartibga keltirib ol, chunki ayolning husni-chiroyi uning o‘ziga qarashiga bog‘liq. Hovliga kiradigan tarafini ham ichki tarafini ham supurib tozalash kerak. Farishtalar eshikdan kiradi hovlini ichi toza bo‘lishi va hovlining ichida axlatlar bo‘lmasligi kerak. Taxoratxona hammom va oshxona hamma vaqt hoh kecha, hoh kunduz bo‘lsin toza bo‘lishi shart.

Qizim bilginki, shirin-shirin taomlar pishirish ayollarning ziynatiga ziynat qo‘shadi. Taom pishirish uchun tayyorgarlikni oldindan qilib qo‘yish kerak. Ayollarning yaxshisi oddiy narsalardan ham xattoki go‘shtsiz bo‘lsa ham lazzatli taomlar pishirib uydagilarni xursand qiladi. Dasturxon tayyorlashda va uning ustiga oddiy taomlar bo‘lsa ham chiroyli idishlarga olish kerak. Taom bilan birgalikda har xil salatlar tayyorlash ayollarning pazandaligidan dalolat beradi. Har bir taomni pishirishdan oldin masalliqlarni ko‘zdan kechirib ularni yuvib qozonni yuvib yog‘ni qozonga quyishdan oldin «Bismillahir rohmanir rohim» deyishi zarur.

Qizim bilingki, yirtiq va siniq narsalar badbaxtlik va qashshoqlik olib keladi. Shuning uchun ham kiyadigan kiyimlarimiz yirtiq bo‘lmasin va idish-tovoqlarimiz siniq bo‘lmasin. Kiyadigan kiyimlarimiz toza-ozoda dazmollangan bo‘lishi shart. Insonni yuzi ham qalbi ham kiyimlari ham chiroyli bo‘lishi kerak.

Qizim bilginki, uyga keladigan mehmonlar ko‘zlari xunuk narsalarni ko‘rmasin, burunlari badbo‘y hidlarni, og‘izlari bemaza ta’mlarni sezmasin.

Qizim bilginki, kambag‘allik gunoh emas, bor-boricha yo‘q holicha baqadri hol imkoniyatga yarasha qilishi kerak.

Qizim bilginki, yotadigan to‘shaklarimiz, yostiqlarimiz toza va ozoda bo‘lishi shart. Haftada bir marotaba ularni almashtirish shart. To‘shak tayyorlashni bilish kerak. Uni kechasi yotgan odamga qulaylik keltiradigan qilib yumshoq qilib solish kerak.

Qizim bilginki, Alloh ta’olo ayolni erkak uchun erkakni ayol uchun yaratgan. Otangni uyida baxtli bo‘lib yuradigan bo‘lsang hech qachon seni birovga kelin qilib yubormagan bo‘lar edim. Lekin sen qizim tug‘ilmasdan seni taqdiringni dono Alloh belgilab qo‘ygan. Ayolni baxtli qiladigan pokiza juftingni taqdirini ham u tug‘ilmasdan sen bilan bog‘lab qo‘ygan, o‘zbekona urfu odatimizga ko‘ra ayolni baxtli bo‘lishi birovni uyiga kelin va birovga jufti halol bo‘lish bilan bo‘ladi.

Qizim bilginki, kelin bo‘lib begona bir dargohga borishingni faqat seni taqdiring boshlab borgan ota-onang sovchilardan tanlab-tanlab peshonangga yozgan taqdiringga uzatadi va u begona dargohga sen jufti xaloling uchun borgansan. Shunday ekan uni hurmat qil boricha qabul qil, unga o‘zingni vafodorligingni ko‘rsat, biror bir shubhaga, gumonga o‘rin qoldirma, kamchiligini yashir, mulkini himoya qil, sirini saqla, obro‘sini himoya qil, toki u turmush yoring oilasini xotinini mustahkam qulamaydigan himoyalangan qasr singari sezsin. Ota-onasini hurmat qil xizmatlarini qilib, duolarini ol, yaqinlariga o‘z joni jigaringdek mexribonlik qil.

Qizim bilginki, ofat dunyoni buzsa, odamni odam yo‘ldan chiqaradi. Odamlar har xil bo‘ladi seni dargohingdagi kamchiliklarni bilish uchun o‘zini dargohidagi hamma kamchiliklarni aytadi. Bu ayollarni makri bundan ehtiyot bo‘lib befoyda gapdan bezarurat qo‘shni uyiga chiqishdan, ko‘chada o‘tirishdan o‘zingni qat’iyan saqlagin.

Qizim bilginki, oilaviy hayot hamma vaqt bir xil bo‘lmaydi. Ba’zi vaqtlarda yoringni ishi yurishib gohida sustlashib qoladi. Yurishib ketganda shukr qilasan, isrof qilmaysan, sustlashganda sabr qilasan, nolimaysan.

Qizim bilginki, shayton bor, uni vazifasi odamlar orasiga nifoq solish bo‘ladigan mayda chuyda gaplarga e’tibor berma, bir gapdan qolgin, sal vaqt o‘tib hammasi o‘z joyiga tushib kim haqu kim nohaq ekanligi o‘z o‘zidan ma’lum bo‘ladi.

Qizim bilginki, seni yoring sening sultoning, aytganini qil, borma degan joyiga borma, qilma degan ishini qilma, olam guliston.

Qizim bilginki, bizning yurtimizda qimmatbaho narsa bor u ba’zi yurtlarda tekin, u qimmat baho narsa shu darajada qimmatki uni bizni yurtda pulga sotib olib bo‘lmaydi bu oru, nomusu va hayodir.

Qizim bilginki, farosatli oqila ayollar erini gapirmasdan uni nima deyishini biladi, uni qanday taomni yaxshi ko‘rishini, qanday kiyinishi va qanday rangni xush ko‘rishini biladi, uni kayfiyatini sezadi, uni yoqtiradigan va yoqtirmaydigan odamlarini bilishadi, va uni inobatga olib ish qilishadi.

Qizim bilginki, eng yaxshi mahraming bu seni ering, ayolning bir o‘zi mahramsiz safarga chiqishi halol emas, xatto haj amali bo‘lsa ham.

Qizim bilginki, farzand ko‘rish bu dunyodagi katta quvonch. Farzand dunyoga kelmasdan oldin halolu pokizalik bilan tarbiyani boshlab, dunyoni ko‘rgandan boshlab shirin niyatlar qilib, allalar aytib ko‘krak suti bilan bahramand qil, bolani bo‘lajagi onani oq sutiyu shirin allasi bilan boshlanadi.

Qizim bilginki, kelin bo‘lib boradigan joyingda bita qimmatbaho narsa bor u ham bo‘lsa seni yoring. Tanlashga faqat shu qimmat baho narsani tanla adashmaysan.

Qizim bilginki, yotishdan oldin hamma ishlarimizni yana bir bor ko‘zdan kechirib, yoqilgan behuda gaz, chiroq, suv jumraklarini tekshirib ertaga bo‘ladigan ishlarimizni rejasini tuzib Allohga hamdu sano aytib dam olishga yotamiz.

Qizim bilginki, bu narsani bilish har bir ayol uchun ham farz ham qarzdir.

Bu aytganlarimni qilsangiz ham bu dunyongiz ham oxiratingiz saodatli bo‘ladi.

Odamlar orasida oqila mo‘mina degan nomga sazovor bo‘lasiz.


Kiritilgan vaqti: 07/08/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 2668
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/qizim-senga-aytadigan-nasihatim-bor
Chop etilgan vaqti: 04/10/2024 16:01
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing