O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Qarindoshlik haqlaridan boxabarmisiz?

 
 

Go‘zal diynimiz ta’limotlaridan biri qarindosh-urug‘larga murruvat qilish bo‘lib, siylai rahmni mustahkam yo‘lga qo‘ygan musulmonlarga katta ajr-mukofot borligi, rizqi keng, umri uzoq bo‘lib, hayoti tinch va barakali bo‘lishi to‘g‘risida oyat, hadis va rivoyatlar bor.

Jumladan, Alloh taolo Qur’oni karimda: “Qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga (hayr ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymang”, deya buyurgan (Isro surasi, 26-oyat).

Sarvari koinot Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallam muborak hadisi shariflarida “Kim rizqi keng, umri uzun bo‘lishini yaxshi ko‘rsa, qarindoshlari bilan bordi-keldi qilsin”, deganlar.

Bir rivoyatda shunday yozilgan ekan: Olimning oldiga bir yigit kelib:

- Taqsir, oxirgi vaqtlarda ishim o‘ngidan kelmayapti, ilgari vaqtda tijoratim omadli, barakali bo‘lib, xodimlarim ham juda ko‘p edi. Hozir zo‘rg‘a ishim yurishyapti, ishchilarimni ham kamaytirdim. Uning ustiga salomatligim va kayfiyatim ham joyida emas, dedi. Olim unga:

- Ilgari ishlaydigan ishchilaringiz kimlar edi, deb so‘radi. Yigit:

- Hammasi o‘zimning yaqinlarim, qarindoshlarim bo‘lib, bozor qilsam birdaniga hammalariga qilar edim, tuhfa olsam hammaga barobar olardim. Keyin bir holat bo‘ldi-yu, bir kishining gapiga kirib ularga javob berib yubordim, deb javob qildi. Olim:

- Xato kilibsiz, yigit. Shu qarindoshlaringiz tufayli sizga Alloh taolo rizqingizni ziyoda qilib, halovat berayotgan ekan va qarindoshlaringiz sizga kelayotgan ozorlarni devor bo‘lib qaytarib turgan ekan. Iloji bo‘lsa uzr so‘rab, ularni qaytarib ishga oling, deb nasihat kilibdi.

Qarindoshlik rishtasini uzgan insonlarga Allohning la’nati va azobi borligi to‘g‘risida hadisi shariflarda ko‘plab rivoyatlar bor.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Qarindoshlik aloqasini uzuvchi jannatga kirmaydi”, dedilar.

Kishilarning zamonasiga yarasha muammo-kamchiliklari borki, ado qilish uchun qurbatlari yetmaydi. Shuning uchun ham qarindoshlaridan umidvor bo‘lishadi. Alloh taolo kimga bu hayoti dunyoda molu-dunyoni ko‘p qilib bergan bo‘lsa bir tafakkur qilishi kerak-ki, balkim bu Alloh taolo bergan molu davlatida qarindoshlarining ham rizqu nasibasini qo‘shib bergandir? Shunday bo‘lgach, o‘zining yaqin qarindoshlari holidan xabar olib, agar ularning ahvollari yordamga muhtoj bo‘lsa, ularga yordam berishi kerak bo‘ladi. Mabodo qarindoshining ahvoli og‘ir bo‘lsa-yu, undan xabardor bo‘lgan holida imkoniyati bo‘laturib yordam bermagan bo‘lsa unda siylai rahm rishtalarini uzibdi.

Qarindoshimiz boymi, qambag‘almi, amaldormi oddiy ishchimi, obro‘limi yoki hech kim tanimaydiganmi, ziyolimi yoki o‘qimaganmi farqi yo‘q, qarindosh bo‘lib qolaveradi. Har bir insonning burchi qarindoshlari bilan xursandchilik va musibat kunlarida doimo hamjihat bo‘lib siylai rahm qilishidir.

Xursandchiligu-musibatda, yaxshiyu-yomon kunlarda sahiylik qilib, qarindoshimizning yonida tursak, qo‘limizdan kelgunicha yordam bersak qarindoshlik rishtalarini qattiq bog‘lagan bo‘lamiz, qilgan ishimizdan avvalo o‘zimiz xursand bo‘lib, Alloh taoloning va’da qilgan yaxshiliklariga sazovor bo‘lamiz.


Kiritilgan vaqti: 22/03/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 3128
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/qarindoshlik-haqlaridan-boxabarmisiz
Chop etilgan vaqti: 13/10/2024 05:43
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing