O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

PARIJDA PAYT POYLAGANLAR

 
 

Parij. 2015 yil 13 noyabr. Fransiya osmoni har doimgidek musaffo. Kimdir oilasi bilan hordiq chiqarar, yana kimdir ko‘chada sayr qilib yurardi. Shu kuni mamlakat tarixidagi dahshatli, unutilmas qonli voqea sodir bo‘lishini hech kim xayoliga ham keltirmagan edi. Qo‘qqisdan portlagan bomba va o‘q ovozlari ushbu sokinlikka barham berdi, aholini sarosimaga soldi. Parijdagi “Stad de Frans” stadioni yonida yuz bergan portlashlar, “Bataklan” konsert zalida garovga olingan tomoshabinlarning qichqiriqlari hammani karaxt qildi...

Xorij telekanallari va internet nashrlarining xabar berishicha, ushbu terrorchilik harakatlari oqibatida 129 nafar odam hayotdan ko‘z yumib, 352 ta odam jarohatlangan. Ulardan 99 nafarining ahvoli og‘ir. “Sky Tg24” va boshqa chet-el ommaviy axborot vositalarida aytilishicha, bu qo‘poruvchilikni, yovuzligi bilan butun dunyo ahlining nafratiga uchragan ISHID terrorchi tashkiloti o‘z zimmasiga olgan. Buni Fransiya prezidenti Fransua Olland ham alohida ta’kidladi.

Ana shu mudhish voqeani eshitarkanman, beixtiyor muhtaram Yurtboshi-mizning tinchlikning qadriga yetish haqidagi: “hushyorlik, ogoh bo‘lib yashash – bir kunlik yoki bir oylik mavsumiy masala emas, balki, kundalik ish, kundalik amaliy harakat bo‘lishi lozim”,degan gaplari yodimga tushdi.

Ma’lumki, tinchlik Alloh taolo tomonidan butun insoniyatga in’om etilgan ulug‘ ne’matdir. Islom dini tinchlik tushunchasini o‘zining bosh g‘oyasi va muhim shioriga aylantirgani ham bejiz emas, albatta. Alloh taolo Qur’oni karimda bayon qiladiki: “Ey imon keltirganlar! Barchangiz yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara, 208).

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) tinchlik va xotirjamlik haqida bunday deganlar: “Tinchlik va xotirjamlik ikki ulug‘ ne’matdirki, bundan ko‘p odamlar bebahradir”(Imom Buxoriy rivoyati).

Afsuski, shu kunlarda ISHID terrorchi tashkiloti Islom dini va musulmonlarni yomonotliq qilishga, uning insonparvar g‘oyalarini buzib ko‘rsatishga urinmoqda. Ular nafaqat Iroq va Suriya hududlarida, balki dunyoning turli burchaklarida, hatto Yevropaning yirik shaharlarida ham qo‘poruvchiliklarni sodir etmoqda.

Bu haqda avvalroq islomshunos olim Aydarbek Tulepov o‘zining “ISHID fitnasi” nomli asarida dunyoning turli mamlakatlarida bu to‘da g‘alamislari izg‘ib yurganidan ogohlantirgan edi. Jumladan, ushbu kitobda “Payt poylayotgan pistirmachilar” nomli sarlavha ostida quyidagi dalillar keltirilgan:

“ISHID jangarilari va tarafdorlari nafaqat Iroq va Suriya hududlarida, balki Yevropa va Osiyoning ko‘plab davlatlarida ham pisib yotibdi. Ushbu mintaqalarda jangarilar tomonidan terrorchilik harakatlari amalga oshirilishi xavfi bor. Shuningdek, ISHID qo‘lida katta miqdorda qurol-yarog‘ va talon-taroj yo‘li bilan topilgan mablag‘lar mavjud. Hatto G‘arb va Yevropa davlatlaridagi ayrim johil kimsalar ISHID gazandalari safiga qo‘shilib jang qilmoqda, ayrimlari esa o‘z yurtlarida payt poylab yotibdi” (54–55-betlar).

Haqiqatan ham “ISHID fitnasi” asarida keltirilgan ushbu hushyorlikka chorlovchi ma’lumotlar bundan bir yil oldin aytilgan edi. Kitob muallifi uzoqni ko‘ra bilib, barchani ogohlikka chorlagan edi. U paytda aksariyat odamlar, ayrim siyosatchilar ham ISHID bizdan ming-ming chaqirim uzoqda, bizga xavfi yo‘q, deya xotirjamlikka berilgan edi. Afsuski, asarda keltirilganidek, ayrim g‘alamislar o‘z yurtlarida terrorchi hamtovoqlarining buyruqlarini kutib yotishar, imkon bo‘ldi deguncha, qo‘poruvchilikni amalga oshirishga tayyor edi. Buni, mana, 13 noyabr kuni Parijda sodir etilgan qonli jinoyatlar misolida yaqqol ko‘rdik.

Ayrim internet manbalari yozishicha, Fransiyada bo‘lgan terrorchilik harakatlari chog‘ida qo‘poruvchilar sof fransuz tilida gapirishgan. Britaniyaning “The Guardian” nashri xabar berishicha, halok bo‘lgan yetti nafar terrorchidan uchtasi Fransiya fuqarosi ekan.

Bu haqda ham “ISHID fitnasi” asarida bunday keltirilgan edi: “Yevroosiyo hududida yashaydigan ayrim nodon shaxslar ISHID safiga qo‘shilib, jang qilishga urinmoqda. Ammo oxirgi vaqtlarda ommaviy qatl aks etgan videolavhalarda chet tillarida gapirayotgan jallodlar tez-tez uchramoqda” (55-bet).

Ana shunday achchiq haqiqatlar haqida keng mulohaza yuritar ekanmiz, “ISHID fitnasi” kitobida keltirilgan ma’lumotlarni, undagi hujjat-dalillarni diqqat bilan o‘qib, doimo sergak va ogoh bo‘lish zarurligini tushunib yetamiz. Shuningdek, ushbu asarning nufuzi dunyo miqyosida ham tez sur’atda ortib borayotganining sababini yaxshiroq anglaymiz.

Yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni asrash borasida qilinayotgan ibratli ishlar, xususan, “ISHID fitnasi” kitobi dolzarbligini xalqaro mutaxassislar e’tirof etishmoqda. Jumladan, Rossiya Federatsiyasi Sverdlovsk viloyati muftiysi Abdul-Quddus Asharin ham “ISHID fitnasi” asarini yuqori baholab, kitob tushunarli tilda yozilgani va unda keltirilgan ma’lumotlar hujjat-dalillar asosida bayon etilganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Xulosa shuki, sizu bizdan bu boradagi adabiyotlarni o‘qib, doimo hushyor va sergak bo‘lish talab etiladi.

Internet ma’lumotlari asosida

Ilhom MA’RUPOV

tayyorladi.

"www.muslim.uz" dan


Kiritilgan vaqti: 18/11/2015 00:00;   Ko‘rilganligi: 3018
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/parijda-payt-poylaganlar
Chop etilgan vaqti: 02/12/2024 15:29
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing