O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Ozgina amalga buyuk mukofot

 
 

Dinimiz insonlarni odamlarga yaxshilik qilishga chaqiradi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Alloh taologa insonlarning eng suyuklisi odamlarga eng ko‘p manfaat keltiruvchisidir”, dedilar.
Dinimizda amallar hajmiga qaralmaydi, amallar egasining niyatiga qaraladi. Ozgina amal bilan buyuk mukofotlarni qo‘lga kiritish mumkin.
Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan quyidagi hadis vorid bo‘lgan:«Yaxshilikni birortasini past sanama! Hatto birodaringga ochiq yuz bilan yo‘liqishni ham». Hadisga e’tibor berilsa, insonlar nazdida yaxshilikning eng oddiy ko‘rinishi bo‘lgan ochiq chehralikni ham past sanamasdan ixlos bilan qilish kerakligi uqtirilmoqda.
Haqiqiy mo‘min jamiyat dardi bilan, atrofidagi odamlarni o‘ylab yashaydi. U qo‘lidan kelgunicha atrofdagilarga yordam qiladi. Agar ularning boshiga biror kulfat tushsa, xuddi o‘zining boshiga tushgandek qayg‘uradi. Nu’mon ibn Bashir roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mo‘minlarning bir-birlariga mehr-muhabbat, rahm-shavqat va mehribonligining misoli xuddi bir jasad kabiki, uning biror a’zosi og‘risa uning qolgan a’zolari uning uchun bedorlik hamda isitma ila bezovta bo‘lishadi», dedilar. Ushbu hadisda ham barcha mo‘min-musulmonlar har doim bir-biri bilan o‘zaro mehr-shafqat va yordamda bo‘lishlari hamda biron bir mo‘min-musulmonga yetgan musibatga xuddi o‘zlariga yetgandek munosabat ko‘rsatishlari kerakligi bayon qilinmoqda.
Darhaqiqat, dinimiz insonlarga manfaat yetkazish, doim yaxshilik qilishga chorlagan dindir. Dinimiz xudbinlikni qoralaydi. Mana bizning dinimizning asl ta’limoti. Bu qoida bilan nafaqat bir inson, yoki bir jamiyat balki butun olam isloh bo‘ladi, taraqqiy topadi.

Abdurauf Yorbekov
Sirdaryo viloyati «Abu Hanifa»
jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 17/11/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 1590
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/ozgina-amalga-buyuk-mukofot
Chop etilgan vaqti: 07/10/2024 09:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing