O‘ZGANING HAQQI HAROM
Buyuk qudrat sohibi Alloh haq subhanahu vataloga hamdu-sanolar bo‘lsinkim, O‘zining yaratgan maxluqotlari ichida insonni aziz qilib yaratdi. Boshqa xilqatlardan aql-farosat, iffatu hayo, oriyatu-nomus bilan ajratib qo‘ygan. Bir biriga rahmli bo‘lish, o‘zganing moliga, joniga, haq-huquqiga tajovuz qilmaslik dinu pokimizda alohida ahamiyatga molik jabhalardan hisoblanadi. Harom luqma istemol qilish insonning ko‘pgina salbiy oqibatlarga duch kelishiga sabab bo‘ladi. Inchunun bir insonning topgan yoki topishi mumkin bo‘lgan haqi uning roziligisiz boshqa bir insonga harom ekanligi ko‘plab manbalarda qayd etilgan.
Zero kishining halol mehnat evaziga topgan mol-mulki onaning oq sutidek halol deb tariflangan va shu mehnat hisobidan farzandlarini yedirib ichirish iqtisodini ta'minlashni Alloh taolo ibodat darajasida hisoblangandir.
Haromdan hazar qilmaslik, nopok luqma tanovul qilib o‘sib kelayotgan yosh avlodlarning ongu-shuuriga, naslu-nasabiga, tomirida oqayotgan qoniga jiddiy zarofat yetkazishi va oxiratda ham shunga munosib oqibat bo‘lishi manbalarda qayd etilgan. Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
"لا يَدْخُلُ الْجَنَّةَ جَسَدٌ غُذِيَ بِالْحَرام"
“Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi” (Bazzor, Abu Ya'lo va boshqalar rivoyati). Yana bir rivoyatda kelishicha, Rasuli akram shunday marhamat qilganlar: “Kim qayerdan mol topayotganiga e'tibor qilmasa, Alloh ham uni do‘zaxning qaysi eshigidan kirishiga e'tibor bermaydi”. Ulamolarning fatvolarida quyidagi so‘zlar bor: “Boshqalarning haqqini nohaq yeyuvchilar sirasiga xoin, aldoqchi, o‘g‘ri, battol, foiz oluvchi (sudxo‘r) va beruvchi, yetim molini yeyuvchi, yolg‘on guvohlik beruvchi, qarzga bir narsa olib undan tonuvchi, poraxo‘r, o‘lchov va tarozidan urib qoluvchi, molining aybini yashirib sotuvchi, qimorboz, sehrgar, munajjim, fohisha, azada dod solib yig‘lovchi, sotuvchidan so‘ramay haqini olib qoluvchi dallol, hur-ozod odamni sotib pulini yeydiganlar kiradi”.
Lutfulloh IBODULLAYEV - Samarqand tuman "Xo‘ja abdu Berun" jome masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 20/12/2019 12:05; Ko‘rilganligi: 1289
Chop etilgan vaqti: 14/09/2024 19:41