O‘zganing haqqi
Bugungi kunda hayotimizni elektr energiyasi, tabiiy gazsiz tasavvur qila olmaymiz. Xonadonlarimizga ziyo taratib, tun zulmatini ham bizga sezdirmaydigan, qishning sovuq kunlarida uylarimizni issiq harorat bilan ta’minlaydigan bu ikki ne’mat Yaratganning bandalariga bergan buyuk in’omlaridan biri bo‘lib, ulardan oqilona foydalanishga, isrof qilmaslikka buyurilganmiz. Hayot manbaimiz bo‘lgan ichimlik suvining qadri haqida esa gapirib o‘tirishning o‘zi noo‘rin va buningsiz tirikligimiz dushvor ekani barcha anglab yetgan haqiqatdir.
Yuqorida keltirib o‘tilgan va bulardan boshqa ne’matlar insonlarga dunyo hayotini isloh qilish, qiyinchiliklarini ko‘tarish, qulay shart-sharoitlarni hozirlash uchun berilgan va shuning bilan bir qatorda Qur’oni karimda "(Yer) yuzidagi barcha narsalar foniydir", (Rahmon surasi 26-oyat) demoqlik bilan ne’matlar abadiy emasligi, ma’lum miqdor va o‘lchov bilan chegaralab qo‘yilgani ma’lum qilingan. Shunday bo‘lgach, bu tabiiy ne’matlardan talab etilgan ko‘rinishda foydalanish, ularda hammaning ham birdek haqqi borligini unutmaslik lozim.
Hayotimiz davomida ommaviy axborot vositalarida, uyda, ishda, ko‘chada kammunal to‘lovlar atrofida aylanayotgan qator muammolar haqida eshitamiz, ba’zan o‘zimiz uning guvohi yoki bevosita ishtirokchisiga aylanamiz. Tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi iste’molining to‘lovini amalga oshirmagan, oshirishga harakat ham qilmayotganlar oramizda ko‘pchilikni tashkil etayotgani bugun ayni haqiqatdir. Yoki bo‘lmasa hisoblagich asboblarini ortga qaytarish ham tobora odat tusiga kirib bormoqda. Bu ishlarning ortida esa aldov, o‘zganing haqqiga xiyonat, boshqaning mulkini haq-huquqsiz o‘zlashtirish kabi dinimiz tomonidan butkul qoralangan illatlar yotadi.
Gaz va elektr toki davlatning mulkidir va davlat asosini esa xalq tashkil etishi e’tiboridan, ushbu ne’matlarning haqqini ado etmasdan foydalanish xalq mulkiga xiyonat bo‘ladi. Davlatning budjetida shu chegara ichida yashayotgan barcha fuqaroning, xususan, kam ta’minlanganlar, nogironlar, yetim-esirlar, keksalarning haqqi bor. Kommunal to‘lovlarni amalga oshirmayotganlar zikr etilgan qatlamlar haqqini o‘zlashtirib yuborayotganlari, bu ishlari bilan o‘zganing haqqini nohaq yeyayotganlarini esdan chiqarmasliklari lozim. Zero Qur’oni karimda: "Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemang", (Niso surasi 4-oyat) deya bizlarni boshqaning mulkiga ko‘z olaytirishdan qaytarilgan.
Shunday bo‘lgach, har bir fuqaro o‘ziga yuklatilgan vazifalarni astoydil bajarishi, zimmasidagi mas’uliyatga vijdonan yondoshishi lozim va o‘zgalarning haq-huquqlarini poymol qilmaslik, moliga xiyonat etmaslik kerak bo‘ladi. Buning natijasi esa shu fuqaroning o‘ziga, jamiyatga, davlatga faqat va faqat manfaat keltirishi shubhasiz.
Kiritilgan vaqti: 27/02/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 3188
Chop etilgan vaqti: 08/11/2024 12:29