O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

O‘Z JONIGA QASD QILISH TUBANLIKDIR

 
 

Mashhur sahobiy Abu Hurayra r.a.dan shunday rivoyat qilinadi: Payg‘ambar s.a.v. dedilar: “Musulmon kishiga yetadigan har bir dard; qiyinchilik, musibat, qayg‘u-alam, ozor yoki g‘am va hatto unga kirgan tikan sababli ham Alloh taolo uning xatolarini kafforat qiladi”.

Payg‘ambarimiz Muhamad sallollohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan mazkur hadisda musulmon kishiga yetgan har bir dard, musibat uning xatolariga kafforat bo‘lishi, ya’ni Alloh taoloning rahmatiga yaqinlashtirishi aytilmoqda. Ammo bizga ma’lum dardlar ichida bir kasallik borki, u sababli inson yaratgan Parvardigori Alloh taoloning rahmatidan yiroqlashib, qahriga duchor bo‘ladi. Bu dard ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan vosvos kasalligidir.

Vosvos qanday kasallik?

Inson bajarmoqchi bo‘lgan ishiga nisbatan o‘z-o‘zini idrok qilishdan uning aqli qosir, nafsining ishtiyoqi baland, qalbi behalovat bo‘lib, qilayotgan ishining oqibati nima bilan yakun topishini o‘ylamasa, bu shaytoniy vasvasadir. Mutlaq olganda, odamzot yaralgandan beri uning qalbi Shayton tomonidan vasvasa qilinib, Alloh taolo rozi bo‘lmagan turli razil yo‘llar - gunohlar tomon boshqarilishiga vosvos deyiladi. Bu to‘g‘rida Haqq taolo kalomi sharifida shunday ogoh etadi:

““(Ey Muhammad), ayting: “Men barcha insonlarning Parvardigoridan, barcha insonlarning Podshohidan, barcha insonlarning Ilohidan (menga) o‘zi jin va insonlardan bo‘lgan, insonlarning dillariga vasvasa soladigan, (qachon Allohning nomi zikr qilinganida) yashirinib oladigan vasvasachi shayton - Xonnasning yomonligidan panoh berishini so‘rab iltijo qilurman”.[1]

Mazkur surada Alloh taolo bandalariga “insonlarning dillariga vasvasa soladigan, (qachon Allohning nomi zikr qilinganida) yashirinib oladigan vasvasachi shayton - Xonnas” haqida Rasuliga xabar berib, uning yomonligidan panoh so‘rashga buyurmoqda. Payg‘ambarga bo‘lgan buyruq uning ummatiga bo‘lgan buyruqdir.

Ma’lum bo‘lishicha, Shayton insoniyat bilan bo‘ladigan o‘z munosabatini to‘rt toifaga taqsim qilgan ekan:

1. Shaytonni o‘yga solmaydiganlar, ya’ni ular tomonidan shayton bexavotir bo‘lgan insonlar toifasi. Bunga iymon e’tiqoddan uzoqda bo‘lgan, dinu diyonatdan bexabar, boshqalarni gunohu ma’siyatga yetaklovchi insonlar kiradi. Yuqoridagi surada zikr qilingan “insonlardan bo‘lgan” jumlasi buning dalilidir.Ularni shayton vasvasa qilmaydi, chunki shayton bu toifadagi insonlarni inson shaklidagi shaytonga aylanib bo‘lgan, ya’ni o‘z qavmidan, deb hisoblaydi.

2. Shariat va tariqat ilmini mukammal egallagan, iymon va e’tiqodda sobitqadam bo‘lgan kishilar. Ular ham shayton vasvasa qilmaydiganlar toifasiga kiradi, chunki shayton bunday kishilarni vasvasa qilish natijasiz ekanligini yaxshi biladi.

3. Ruhi tanasidan ajraganlar ham shayton vasvasa qilmaydigan kishilar toifasiga kiradi. Jonsiz tanani vasvasa qilish shayton uchun foydasiz ishdir, chunki inson ruhi qabz etilishi bilan uning o‘ziga xos bo‘lgan nomai a’moli, ya’ni amallar kitobi yopiladi.

4. Iymon-e’tiqodga endi doxil bo‘lib, qalbida e’tiqodi shakllanib ulgurmagan va shariat ilmidan yetarli bilimga ega bo‘lmagan kishilar shayton vasvasasiga eng ko‘p duch bo‘ladigan kishilar hisoblanadi. Biz so‘z yuritmoqchi bo‘lgan masala ham aynan mana shu toifa va ularga nisbatan bo‘ladigan shayton vasvasasi haqidadir.

Ma’lumki, shayton Odam farzandlarini toki, uning tanasida joni bor ekan, mudom vasvasa qiladi. Shayton inson qalblarini vasvasa qilishining shakllari juda ko‘p. Hatto, insonning umrini so‘ngi daqiqalarida, dunyodan nasibasi tugab, poynomasi to‘lib borayotgan vaqtda ham uni vasvasa qilishdan to‘xtamaydi. Inson boshiga o‘zi kutmagan musibatli holatlarga duch kelganda, aksar holda, bu musibatdan sabr-toqatdan boshqa yo‘l bilan qutulish choralari qidiriladi. Ba’zan iymon-e’tiqodning sustligi, sabr-toqatdan bexabarlik sababli, shayton vasvasasi oqibatida bu holat insonning o‘z joniga qasd qilishi bilan yakun topadi.

Inson o‘ziga omonatga berilgan jonni o‘z qo‘li bilan tahlikaga otishi, ya’ni o‘z joniga o‘zi qasd qilishi vosvos kasalligining eng yuqori darajasi hisoblanadi. Chunki, o‘z joniga o‘zi qasd qilish Alloh taoloning unga ato etgan ne’matlariga, xossatan berilgan umr – xoli hayotga noshukurlik hamda Odilu Hakam zotning belgilab qo‘ygan taqdiriga nisbatan kechirilmas isyondir. Inson tomonidan qilinadigan gunohlarning aksarini uning haqiqiy, sidqidildan qilingan tavbasi sababli Alloh taolo mag‘firat qilar ekan. Ammo insonning o‘z joniga qasd qilish holatida, agar uning bu hatti-harakati amalga oshsa, unga bu gunohdan tavba qilishning imkoni bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘z joniga qasd qilish insonga nisbatan shayton vasvasasining eng avj nuqtasi va shaytonning bir inson ustidan to‘liq g‘alabasi hisoblanadi. Jumladan, bu dardga aksar holda yoshlarning mubtalo bo‘layotganini alohida e’tirof etish lozim. Xo‘sh, undan qanday saqlanmoq kerak?

Mazkur dardning keltirib chiqaruvchi eng asosiy omillaridan biri yoshlarimizning hayot haqidagi tushunchasining sayozligi, hayotni yengil-elpi kinolar orqali tasavvur qilishi, jumladan, milliy qadriyatlarimiz hamda Islom dini ta’limotlaridan yiroqlashib ketishlik ham buning bosh sabablaridan biri hisoblanadi. Chunki, milliy qadriyatlarimiz zamirida va Islom dini ta’limotlarida, xossatan Qur’oni karim va hadisi shariflarning bir necha o‘rinlarida jon egasining o‘z joniga qasd qilishidan qat’iyan qaytarilgan.

Inson ongiga ta’sir etuvchi telvideniya va matbuotlarda bu borada ommaning fikrini to‘g‘ri yo‘naltiroladigan fikrlarni olg‘a surish kerak, toki bu ma’lumotlar insonni hayotda o‘z o‘rnini topishga ko‘mak beradigan oqilona bilimlarni o‘zida hosil qilishga yordam bersin. Zero, insonning oqilona bilimlari unga xato yo‘lni anglash imkonini berib, behuda fikrlardan iborat shayton vasvasasidan xalos bo‘lishiga yordam beradi. Ana shunday oqilona bilimlar majmuasining eng mukammali Islom dini asosi bo‘lgan Qur’oni karim va hadisi sharifda bayon qilingan ko‘rsatmalar hisoblanadi. Chunki, Islom dinida boshga musibat yetganda, unga sabr-toqat bilan bardosh berishga chaqiriladi. Quyida ana shunday ta’limotlardan ba’zilarini o‘quvchining e’tiboriga havola etsak.

Baqara surasi “.......Va o‘zingizni halokatga tashlamang! Yaxshilik qiling! Albatta Alloh yaxshilik qilguvchilarni sevadi.”[2] hamda Niso surasida keltirilgan “....O‘z jonlaringizga o‘zlaringiz qasd qilmanglar. Albata Alloh taolo sizlarga mehribon zotdir.”[3] 29-oyati o‘z joniga qasd qilishdan man qilinishi fikrimizning dalilidir.

Jumladan, Payg‘ambarimizdan vorid bo‘lgan hadislarda o‘z joniga qasd qilishning oqibatlari aniq bayon etiladi. Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bu haqda shunday ogohlantiradilar: “Kimki, o‘z joniga temir bilan qasd qilsa, jahannam otashida uning qorniga o‘z qo‘lidagi temiri bilan abadiy azob beriladi. Kim zahar ichib o‘z joniga qasd qilsa, jahannam otashidan abadiy ho‘plab-ho‘plab ichkiziladi. Kim o‘zini tog‘dan tashlab o‘ldirsa, u abadiy jahanamga uloqtiriladi.”

Sobit ibn Zahhokdan rivot qilingan hadisda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deganlar: “Kim o‘zini nima bilan o‘ldirsa, qiyomatda unga o‘sha narsa bilan azob beriladi.”

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan shunday rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Inson tug‘ilganda shayton uning qalbiga o‘tiruvchidir, agar u aqlini ishlatsa va Allohni zikr qilsa shayton chekinadi (ya’ni, noumid bo‘lur), agar (Allohni zikridan) g‘ofil qolsa shayton unga vasvasa qilur”. Imom Buxoriy rivoyati.

Salafi solihlar Ibrohimdan, u kishi ibn Avndan rivoyat qiladilar: “Ko‘ngilga (qalbga) keladigan narsa ikki xil bo‘ladi: Malak (Farishta)ning qalbga keltiradigan narsasi va shaytonning qalbga keltiradigan narsasi. Agar Farishtaning qalbga keltiradigan narsasi bo‘lsa, Allohga hamdu sano aytib, unga shukr qil va agar shaytonning makru malomati bo‘lsa undan saqlangin. U vasvasadan panoh so‘ragin”. (“Bid’atchi, adashgan va adashtiruvchi firqalarga raddiyalar kitobi”. Shayx Abu Muti’ Makhul ibn Fazl Nasafiy).

Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallamdan vorid bo‘lgan hadislarda insonni shayton vasvasasidan saqlovchi asosiy omillari quyidagicha bayon qilingan;

1. Ta’avvuz aytmoqlik;

2. Zikr va ibodat;

3. Qur’on tilovati;

4. “Al-Falaq” va “an-Nas” suralarini ko‘p tilovat qilish.

Uqba ibn Omir r.a. dan rivoyat qilindi, Rasululloh s.a.v. dedilar: "Menga bu kecha nozil qilingan oyatlarni ko‘rmaysanmi? Hech ham bunaqasining misli ko‘rilmagandi. Ular "Qul a’uvzu bi robbi-l-falaq" va "Qul a’uvzu bi robbi-n-nas" suralaridir". Imom Muslim rivoyati.

Alloh taolo O‘z Payg‘ambari Muhammad sallollohu alayhi vasallamga aytadi: “Agar sizni shaytonning vasvasasi yo‘ldan urmoqchi bo‘lsa, Allohdan panoh so‘rang! Albatta,U eshituvchi, biluvchidir”[4].

Ya’ni, avval “A’uzu billahi minash shaytonir rojiym”ni aytib turib, keyin Qur’on qiroatini boshlagin. “A’uzu billahi”ni aytish Qur’oni Karim tilovati uchun tilni poklaydi, kishini Allohning kitobi Qur’oni Karimni o‘qishga tayyorlaydi va qalblarni soflab unga taskin beradi hamda shaytonning vasvasasidan saqlaydi.

Va yana Alloh taolo aytadi: “Ey Odam avlodi! Shayton Ota-onalaringiz (Odam va Havvo)ning avratlarini o‘zlariga ko‘rsatib (uyaltirib) jannatdan chiqargani kabi sizlarni ham aldab qo‘ymasin”[5]. Va yana Alloh taolo aytadi: “Aniqki, shayton sizlarga dushmandir, bas uni dushman tutinglar”[6].

Hol shunday ekan, biz Shaytonga qarshi kurashishdan xoh kechasi, xoh kunduzi bo‘lsin uning vasvasasi va makridan xotirjam bo‘lib to‘xtab qolmoqligimiz durust emas.



[1] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri, An-Nas surasi. 1-2-3-4-5-6-oyatlar mazmuni.

[2] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri, “Baqara ” surasining 195-oyati mazmuni.

[3] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri, “Niso ” surasining 29-oyati mazmuni.

[4] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri, “A’rof” surasining 200-oyati mazmuni.

[5] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri, “A’rof” surasining 27-oyati mazmuni.

[6] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri, “Fotir” surasining 6-oyati mazmuni.


Kiritilgan vaqti: 28/09/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 5041
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/oz-joniga-qasd-qilish-tubanlikdir
Chop etilgan vaqti: 03/12/2024 00:10
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing