O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

O‘z joniga qasd qilganlarning joyi jahanamdir

 
 

Assalomu alaykum aziz o‘quvchi. Ushbu maqola orqali siz muhtaramlar bilan jamiyatimizda oz bo‘lsada uchrab turgan ayanchli hodisa to‘g‘risida fikrlashamiz. U qanday hodisa ekan deysizmi? Keyingi paytlarda ba’zi tuman va shaharlarda turli yo‘llar bilan o‘z shirin joniga qasd qilayotganlar hodisasi. Mutaxassislarning aytishicha bu holat ko‘proq 15-30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar tomonidan sodir etilayotgan ekan.

Xo‘sh bu noshudlar nima sababdan bunday razilikka qo‘l urdilar. Kimdir ota-onasi hohlagan kiyimni olib bermagani uchun, kimdir sevganiga yetisholmagani, boshqasi oldiga maqsad qilib qo‘ygan ta’lim muassasasiga o‘qishga kirolmagani, yana kimdir turmush o‘rtog‘i yoki turmush o‘rtog‘ining qarindoshlari bilan chiqisholmagani, yana kimdir turmush qiyinchiliklariyu mashaqqatlariga bardosh berolmagan va hokazo sabablar bilan o‘zini o‘zi o‘ldirgan.

Yuqorida sanab o‘tilgan sabablar va shunga o‘xshagan yana minglab vajlar jam bo‘lsa ham insonning eng qimmatli boyligi, ya’ni o‘z hayotiga o‘zi zomin bo‘lishiga arziydimi? Har bir insonning hayotida uchrashi mumkin bo‘lgan muammo va tashvishlar qarshisida irodasizlik qilib o‘zini o‘ldirgan kimsa nimaga erishadi? Yoki shu yo‘l bilan qutilib yaxshilikka erishaman deb o‘ylaydimi? Yo‘q albatta, agar shu fikrda yurganlar bo‘lsa ular qattiq adashadilar. Biz axir musulmonmiz, musulmonlar farzandimiz. Bizning ota-bobolarimiz, ona-momolarimizning boshiga kelgan eng og‘ir qatag‘on, urush va ocharchilik yillari ham bunday nobakorlikka qo‘l urmaganlar. Sabr ila qiyinchiliklarni yengib o‘tganlar.

Bizning Islom shariatimiz inson hayotini muhofaza qilish maqsadida o‘zini o‘zi o‘ldirishni (o‘z joniga qasd qilishni) harom qilgan. Hayot Alloh tomonidan berilgan bebaho boylik bo‘lgani uchun uni hech kim birovga minnat ham qila olmaydi, man ham etolmaydi. Insonning hayotini faqat Alloh taologina olishga haqli. Hattoki o‘sha hayot ne’mati berilgan shaxsning o‘zi ham o‘z hayotiga suiqasd qilishi mumkin emas. Muqaddas Islom dinida birovni o‘ldirish qanchalik yomon hisoblansa, o‘zini o‘zi o‘ldirish ham shunchalik yomondir.

Alloh taolo Niso surasida shunday deb marhamat qiladi: «Va o‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang. Albatta, Alloh sizlarga rahmlidir. Kim buni tajovuzkorlik va zulm ila qilsa, uni albatta do‘zaxga kiriturmiz. Bu esa Allohga osondir» (29–30-oyatlar).

U Zot biz, mo‘min-musulmonlarga rahm qilgani uchun ham halokatga olib boruvchi ishlardan, jumladan, o‘zini o‘zi o‘ldirishdan qaytarib, najotga sabab bo‘luvchi ishlarga buyurmoqda. Bu hol Allohning rahmatidir. Agar U rahm qilib, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib bermaganida, noto‘g‘risidan qaytarmaganida, inson zoti katta mashaqqatda qolgan bo‘lar edi.

O‘z joniga qasd qilish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida ham qattiq qoralangan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim tog‘dan tashlab, o‘zini o‘zi o‘ldirsa, u jahannam otashida abadul-abad o‘zini tog‘dan tashlab turadi. Kim zahar ichib, o‘zini o‘zi o‘ldirgan bo‘lsa, u jahannam otashida zaharini qo‘lida tutgan holida abadul-abad (zahar) ichib turadi. Kim o‘zini o‘zi temir narsa bilan o‘ldirgan bo‘lsa, jahannam otashida o‘sha temirni qo‘lida tutgan holida abadul-abad o‘sha(temir)ni qorniga sanchib turadi», – dedilar».

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zini o‘zi o‘ldirganga janoza namozini o‘qimaganlar. Alloh bergan ulug‘ ne’mat – hayot ne’matiga, buyuk insoniy huquqlardan sanalmish hayot haqqiga noshukr bo‘lgan, uni oyoqosti qilgan nobakor shaxsning jazosi shunday bo‘ladi.

Kalomi sharifda: “...bordi-yu, noshukrlik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir", deyilgan ("Ibrohim" surasi, 7-oyat).

So‘ngi paytlarda ayrim yoshlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan o‘z joniga qasd etishga chorlovchi turli o‘yinlar qurboni bo‘layotgani o‘ta xavotirli holatdir. Internet tarmoqlarida yashin tezligida ommalashib borayotgan “Ko‘k kit” (yoki “Tinch uy”) o‘yini hali voyaga yetmagan o‘smirlarni o‘z domiga tortmoqda. Ellik kun mobaynida ellikta shartlarni bajarish talab qilinadigan bu o‘yin oxiri o‘yinchining o‘z joniga qasd qilish hodisasi bilan yakunlanadi.

O‘yin qoidasiga ko‘ra, ishtirokchi shartlarni ertalab 4:20 da tarmoqqa kirib, qabul qilib oladi. Hammasi juda jo‘n, avvaliga, oq qog‘ozga ko‘k kit suratini chizishdan boshlab, keyin ana shunday suratlarni tanaga chizish kerak bo‘ladi. Ishtirokchi vazifalarni bajarganining isboti sifatida suratga tushib, guruh boshqaruvchisiga ko‘rsatishi kerak. Bosqichma-bosqich shartlarni bajarish esa alaloqibat o‘yinchining o‘z joniga qasd etishi bilan tugaydi.

Bu o‘yinni o‘ynab, oqibatda joniga qasd qilganlar qo‘shni respublikalarda kuzatilganini ishonchli ommaviy axborot vasitalari xabar qilmoqda. Yurtimizda ham bu fitna domiga tushganlar bor yoki yo‘qligi aniq emas. Lekin, asosiy jihatni unutmaylik, ogohlik ziyon qilmaydi. Farzandlarimiz uyali aloqa vositalari orqali nimalar bilan mashg‘ul ekanini doimo nazorat qilish, ularga to‘g‘ri yo‘lni botilidan ajratib olishlarida ko‘maklashishimiz lozim.

Hayot insonga uni behudaga sovurish uchun berilmagan. Balki, bu bashariyatga Alloh taolo tomonidan vaqtincha berilgan fursatdir. Qur’oni karimda «So‘ngra, albatta, ul kunda (oxiratda) ne’matlar haqida so‘ralursiz!» (Takosur surasi 8-oyat)deyilgan. Ne’matlarning eng avvalida esa umr ne’mati turadi. Buyuk islom olimi Hasan al-Basriy o‘tayotgan kunimizni shunday tavsiflaydi: «Har bir tonggi yorishadigan kun borki, inson bolasiga nido qiladi: «Men yangi kunman, ishlaringga shohidman. Agar ketsam, qiyomatga qadar qaytmayman. Shunday ekan, (bu fursat ichida) istaganingcha amal qilib qol, ularning mukofotini o‘z oldingda (ya’ni kelajakda, qiyomatda) topasan. Yoki istagan ishingni kechiktir, bu fursat senga abadiy qaytib kelmaydi».

Shunday bo‘lgach, umrni biz uchun ikki dunyo saodatini keltiradigan yo‘llarga sarflaylik.


Kiritilgan vaqti: 11/03/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 3788
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/oz-joniga-qasd-qilganlarning-joyi-jahanamdir
Chop etilgan vaqti: 04/10/2024 17:54
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing