O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

OY BALQIGAN TUN

 
 

Yumshoq bahor shabadasi jajji qizaloqlarning jamalak sochlarini silab-siypab, daraxtlar shoxini silkitib raqsga chorlagan, zilol suv yuzini jimir-jimirlatib o‘ynoqlab turgan kun.

Yangi tug‘ilgan qo‘zichoqlar onalarining pinjiga tiqilib, uloqchalar esa ko‘zni yashnatib bir-birlari bilan quvlashmachoq o‘ynashmoqda. Bo‘taloqlar mehribon onalarini maza qilib emish bilan ovora. Maysalarning ipori dimog‘ni qitiqlar, nayson yomg‘iri odamga o‘zgacha huzur bag‘ishlaydi.

Ana shunday kunlarning birida yangi oy tug‘ildi. Bu avvalgilaridan ancha farq qilardi. Birinchi kunidayoq o‘n to‘rt kunlik to‘lin oydek nur taratib, tog‘u toshga, gulu giyohga, hayvonotu nabototga, insu jinsga porloq nurini birday, ayamay socha boshladi. Undan mushku anbar hididanda xushbo‘yroq muattar hid anqib turar, bu bo‘yni ta’riflashga insoniyat tili mutlaqo ojiz. Uning ziyosidan mashrig‘u mag‘rib yorishdi. Hatto Shomdagi Busro qasrlari va undagi osmonga bo‘y cho‘zib turgan tuyalarning bo‘yni yaqqol ko‘rindi. Odamlar shu kuni samodagi yulduzlarni shunchalik aniq va yaqin holda ko‘rganidan ustilariga sochilib tushishidan xavfsirashdi.

Oyni ilk bor ko‘rgan kishi Allohga iltijo ila uning qadri buyuk, nuqsonsiz, oliyhimmat, har tomonlama komil bo‘lishini so‘rab duo qildi. Unga o‘ziga yarashgan yangi bir ism berdi. Boshqalar bunday ismni oldin eshitmaganlari bois hayron qolishganida, bu unga tushida ilhomlantirilganini aytib qo‘ya qoldi.

O‘sha zahoti uning nuri kurrai zaminning qoq o‘rtasida joylashgan Masjidi Haromdagi Ka’batulloh ichiga kirishga ham ulgurdi. Uning nuriga dosh berolmasdan butun butlar yuztuban qulab tushdi. Ba’zisining a’zosi singan bo‘lsa, ayrimlari yerga chilparchin bo‘lib sochildi.

Oy balqigan kun insoniyat dushmani Iblis alayhil la’na na’ra tortib ingrab yubordi. Uvvos solib yig‘laganiga osmonu falak guvoh bo‘ldi.

Madoin shahrida Eron hukmdori Kisroning Eron saltanati, Vizantiya qudratiyu Xitoyning dovrug‘i bo‘lmish saroy to‘satdan silkinib, o‘n to‘rt ustuni yiqilib, mustahkamlikda tengi yo‘q taxti vayron bo‘ldi.

Istaxrabod shahridagi forslarning ibodatxonasida ming yildan beri o‘chmay turgan kufr olovi o‘z-o‘zidan so‘ndi. Butparastlarning hokimiyati, zardushtiylarning quvvati, xristianlikning ustivorligi deya taxmin qilingan Sava ko‘li bir zumda quridi, Samova darasidagi suv o‘zanidan toshib ketdi, Eronning eng buyuk hukmdori Mobizon tushida bir suruv arab tuyalari va arab otlarining Dajla daryosini kechib Eron tuproqlariga tarqalganini ko‘rdi. Ammo bu ajabtovur tush ta’birini aytib beradigan kishi topilmadi.

Yahudiy savdogarlardan biri oy haqida eshitib, uni ko‘rmasdan to‘liq ta’riflab berdi. Uni ko‘rganda esa hasad o‘tida yonib, hushidan ketib, dod solib yerga quladi. Uning ovoziga atrofdagilar to‘planishdi. Hushiga kelib, oyning ta’rifu tavsifi to qiyomatgacha tildan tilga ko‘chib, qalblarda mustahkam joy olishini so‘zlab berdi.

Suvayba ismli cho‘ri o‘z xojasiga yangi chiqqan oyning xabarini berganida, xojasi shodlikdan o‘sha zahoti undagi cho‘rilik tamg‘asini olib, ozodlik xatini qo‘liga tutqazdi.

Balqigan oyning barakasidan ba’zi oilalarning qorni nonga to‘yib, xonadonlarga qut-baraka kirib, yaylovlar yashil gilamga burkanib, chorvalar yaltirab semira boshladi. Shu paytgacha tug‘ishidan umid uzilgan qo‘y va echkilar ikki-uchtadan bola tug‘di. Chorva egalari ularning sutlarini sog‘ib ulgurishmadi.

Bundan ko‘plar xafa bo‘ldi. Chunki haqiqat hammaga ham birdek yoqavermaydi. Uning nuridan bahramand bo‘lganlar to‘g‘ri yo‘lda, xilof yo‘lni tutganlar zalolatda qoldi.

U tug‘ilganda dengiz tubidagi baliqlar raqsga tushdi, osmondagi qushlar turnaqator bo‘lib tizildi, sayroqi bulbullar shunday xonish qildiki, tog‘u toshlar ko‘z yoshi to‘kdi, gulu rayhonlar hidi olamni tutdi. Unga bo‘lgan muhabbat cheksiz, ta’riflashga esa til ojiz.

Bu oyning tug‘ilganiga o‘n to‘rt asr bo‘ldi. Hali hanuz o‘z nuri va mehri ila olamni charog‘on etib turibdi. O‘ylaganingizdek bu payg‘ambarlar so‘ngisi, ummat shafoatchisi Muhammad sollallohu alayhi vasallam edilar.

Ummat bu oyning nuridan to‘g‘ri yo‘lni topdi, haqiqatni anglab yetdi, hayotda qanday yashash kerakligi haqida to‘g‘ri xulosaga ega bo‘ldi. Bunday to‘lin oyni biz ummatlar uchun ne’mat qilib bergan Zotga qancha qullik qilib, shukrona aytsak, shunchalar oz.


Kiritilgan vaqti: 17/11/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 1880
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/oy-balqigan-tun
Chop etilgan vaqti: 11/12/2024 23:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing