O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Бошқа мавзулар

O‘n mashhur qiroat

 
 

“Qiroat” so‘zi lug‘atda “o‘qimoq”[1] degan ma'noni anglatadi. Istilohiy ma'noda esa qiroat – Qur'on o‘qish ilmi imomlaridan birining Qur'on o‘qishda naql va rivoyatga asoslangan holda boshqa imomlardan o‘zgacha yo‘l tutishi, qiroat qilishidir. Boshqacha qilib aytganda, biror qiroat imomi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan ma'lum harflarning tartibli ravishdagi jamlanmasi qiroat deb aytiladi[2].

Qur'oni karim dastavval bir xil suratda nozil etilar va qiroat qilinar edi. Musulmonlar Madinaga hijrat qilishgach, ko‘plab arab qabilalari Islomga kira boshladilar. Yangi musulmon bo‘lganlarning Qur'on o‘rganishlarida ma'lum qiyinchiliklar yuzaga kela boshladi. O‘zlari o‘rgangan lahjalariga zid ravishda Qur'on kalimalarini talaffuz qilishda ularga mashaqqat paydo qildi. Shu bois, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Alloh taolodan ular uchun yengillik berishini so‘rab iltijo qildilar. U Zotning duolari sabab bo‘lib, Alloh taoloning azaliy irodasi yuzaga chiqdi: Qur'oni karimni bir necha harfda – suratda o‘qishga ijozat bo‘ldi.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Jabroil menga bir harfda qiroat qildirdi. Men unga murojaat qilib, ziyoda etishini so‘rayverdim, u ziyoda qilib boraverdi, nihoyat, yetti harfgacha yetdi”, dedilar” (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning davrlarida sahobalar ichidan Qur'on qiroatida mohirlar, eng peshqadamlar yetishib chiqdi. Jumladan, Ubay ibn Ka'b, Abdulloh Ibn Mas'ud, Zayd ibn Sobit, Abu Muso Ash'ariy, Usmon va Ali roziyallohu anhum ana shunday sahobalardan edilar. Bulardan tashqari, yana bir qancha sahobalar Qur'on qorisi o‘laroq nom chiqargan edilar.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot etganlaridan keyin sahobai kiromlar o‘zlariga ma'lum bo‘lgan, Rasul alayhissalomdan ta'lim olgan sura va oyatlarni o‘zlari o‘rgangan suratda keyingi avlodga, ya'ni tobi'iynlarga yetkazdilar. Ularning ichida Qur'on qiroatini o‘rganishga bel bog‘lagan kishilar ajralib chiqdilar. Mana shu asnoda sekin-asta qiroat madrasalari shakllana boshladi. Shu bilan birga, qiroat mazhablari ham yuzaga chiqib, ayrim ustozlar ma'lum bir usulda o‘qish va o‘qitish bilan tanildilar. Ular sahobai kiromlardan olgan ta'limotlarini tartibga solib, uslublarini birlashtira boshladilar. Natijada, ularning har birida o‘ziga xos qiroat uslubi paydo bo‘ldi.

Natijada, o‘sha davrda Islom olamida ilm-madaniyat o‘chog‘i bo‘lib turgan shaharlarda ba'zi qiroat ilmi mutaxassislari, peshvolari ko‘zga tashlana boshladi.

Tobi'iynlar ichida Qur'on o‘qish va o‘qitish bo‘yicha ana shunday faoliyat olib borganlarning eng mashhurlari:

Madinada Ibn Musayyab, Abu Ja'far, Nofe', Sulaymon ibn Yasor, Ato ibn Yasor, Abdurrohman ibn Hurmuz, Ibn Shihob Zuhriy, Zayd ibn Aslamlar,

Makkada Ubayd ibn Umayr, Ato ibn Abu Raboh, Tovus, Mujohid, Kufada Alqama, al-Asvad ibn Yazid, Masruq, Ubayda, Amr ibn Shurhabiyl, Horis ibn Qays, Amr ibn Maymun, Abu Abdurrohman Sulamiy, Said ibn Jubayr, Ibrohim Naxaiy va Sha'biy, Basrada Abu Oliya, Nasr ibn Osim, Yahyo ibn Ya'mur, Hasan, Ibn Siyrin, Qatoda va boshqalar edi.

Bu jarayon taba'a tobi'iynlar davrida yanada rivoj topdi va ma'lum bir qiroat uslubini tanlab, shu bo‘yicha mashhur bo‘lgan olimlar yetishib chiqdi. Ushbu ikki tabaqada eng ko‘zga ko‘ringanlari qiroat imomlari o‘laroq sahnaga chiqdilar.

Ikkinchi hijriy asrga kelib, qiroat turlari ko‘payib, odamlarda ularni o‘zlashtirish mashaqqati paydo bo‘ldi. Shu bilan birga, saodat zamonidan uzoqlashilgan sari Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan naql qilingan qiroatlarga boshqalarning daxl qilishi, kimdir chiqib, o‘zicha biror qiroatni to‘qima ravishda naql qilsa, uni ajratish mushkul bo‘lib qolishi ehtimoli paydo bo‘ldi. Buni sezgan ulamolar qiroatlarni roviylari bilan xatga tushirib, qaydlay boshladilar. Ular bunda o‘sha davrda Islom o‘lkalarida eng mashhur bo‘lgan va odamlarga ushbu sohada peshvo bo‘lgan qiroat ustozlarining qiroatlarini tanladilar. Bu borada birinchi bo‘lib kitob yozgan kishi Abu Ubayd ibn Sallom, undan keyin Ibn Jarir Tabariydir.

Uchinchi hijriy asrga kelib, kishilarga Qur'on qiroatlarini o‘rganishni osonlashtirish uchun mavjud qiroatlar ichidan ma'lumlarini tanlash zarurati tug‘ildi. Bu borada barchaning tahsiniga sazovor bo‘ladigan ishni buyuk imom, Ibn Mujohid nomi bilan shuhrat qozongan olim Abu Bakr Ahmad ibn Muso ibn Abbos ibn Mujohid Tamimiy amalga oshirdi. U kishi o‘z davrida ilmiy markaz bo‘lib turgan yirik shaharlardan bir-­ikkitadan qiroat ustozlarini, jami yettita qorini tanlab, ularning qiroatlarini mutavotir sanadlar asosida naql qilib, o‘zining mashhur “As-sab'a” (“Yettilik”) kitobida qayd etdi. Madina qorilari ichidan Nofe'ni, Makkadan ibn Kasir, Basradan Abu Amr ibn Alo, Shomdan ibn Omir, Ko‘fadan Osim, Hamza, Kisoiyni tanladi va ularni kitobda mana shu tartibda – shaharlar tartibi bo‘yicha keltirdi. Imom Mujohid qorilarni tanlashda ularning ichida ilmu taqvosi, omonati bilan tanilgan, qiroatlarni va arab tilini puxta o‘zlashtirgan, musulmonlar ommasi tomonidan bu borada peshvo deb tan olingan, o‘z davrida o‘sha diyorlarda qiroatda birinchi raqamli ustoz bo‘lgan va shu maqomda eng uzoq faoliyat olib borgan kishilarni tanlagan edi.

Qorilarning qiroatini ulardan ta'lim olgan shogirdlari rivoyat qilgan. Odatda, ularning qiroatini naql qilishda o‘sha roviylarga suyaniladi. Ibn Mujohid har bir qori uchun uning qiroatini rivoyat qilganlar ichidan ikkitadan roviyni tanladi va bunda ham qorilarni tanlashdagi shartiga amal qildi. Shu bilan birga, u tanlagan roviylarning hammasi ham ustozidan keyin uning o‘rnida Qur'ondan ta'lim bergan, uning qiroatini eng puxta o‘zlashtirgan shogirdlar edi. Asarning ushbu imtiyozlari uning Islom olamida tezlik bilan keng tarqalishiga, barcha tomonidan katta e'tibor bilan qabul qilinishiga sabab bo‘ldi va odamlar boshqa qiroatlardan ko‘ra o‘sha yetti qiroatga ko‘proq e'tibor beradigan bo‘ldilar.

Mazkur yetti qiroat borasida bitilgan nodir asarlar ommaning o‘sha qiroatlarga ko‘proq e'tibor qaratishi, ularni o‘rganishga intilishi natijasida boshqa qiroatlar e'tibordan chetlashib, unutilib ketishi xavfi tug‘ildi. Chunki ular xususida yetti qiroatga bag‘ishlangan kitoblardek qulay qo‘llanmalar yo‘q edi. Ularning biri sakkiz qiroat haqida yozilgan kitobda aks etgan bo‘lsa, boshqasi yana bir qaysidir asarda qayd qilingan edi. Bu esa ularni o‘rganishni qiyinlashtirardi. Bu borada qiroat sohasida benazir olim imom Shamsuddin Muhammad ibn Muhammad al-Jazariy mazkur yetti qiroatdan tashqari ularning darajasidagi yana uchta mutavotir qiroatni aniqlab, sanadlarini keltirib, ularni qiroat madrasalarida qayta sahnaga olib chiqishni niyat qildi. Imom Jazariy keltirgan mazkur uch qiroat Abu Ja'far Madaniy, Yaqub Xazramiy va Xalaf ibn Hishomlarning qiroatlaridir.

Hozirda dunyoda mana shu o‘n qiroat mashhur bo‘lib, mutaxassislar tomonidan o‘rganib, o‘zlashtirilib, toliblarga ta'lim berib kelinmoqda. Ularning barchasi tavotur – yolg‘onga kelishib bo‘lmaydigan darajada ko‘p adaddagi kishilar rivoyat qilishi natijasida hosil bo‘lgan silsila orqali naql qilingan. Bunga butun Islom ulamolari ittifoq qilganlar. Zero, ulamolar Qur'on faqat tavotur bilan sobit bo‘ladi, ohod – yakka shaxslarning rivoyati bilan sobit bo‘lmaydi, deyishgan. Shu bois, Hasan Basriy, Ibn Muhaysiniy kabi tobi'iynlar naql qilgan qiroatlar ohod rivoyat bo‘lgani uchun tilovat qilish uchun qabul qilinmagan.

“quran.uz” sayti ma'lumotlari va manbalar asosida

Qur'onshunoslik sho‘basi rahbari Usmonxon Muhammadiyev tayyorladi

Manba: http://www.bukhari.uz

[1]O.Nsirov va boshqalar. An-Naim. Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti. – Toshkent. 2003 yil B.:655

[2]Odina Muhammad Sodiq. Mufassal tajvid. Hilol Nashr. –Toshkent 2014 yil. B.:9


Kiritilgan vaqti: 08/04/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 7720
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/others/on-mashhur-qiroat
Chop etilgan vaqti: 04/12/2024 14:25
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing