Ota ona roziligini topish – farzandning burchi
Ota-ona xaqida so‘z borar ekan, bu zotlarning xizmatida kamarbasta bo‘lish har bir soleh farzandning muqaddas burchidir. Ular o‘z dilbandlarini go‘daklik chog‘idan mehr berib, parvarish qiladilar. Farzand kamoli yo‘lida yemay yedirib, kiymay kiydirib borlarini beradilar. Oilani ayoqqa turg‘azgan ham, farzandlarini kamolini deb yelib yugurgan ham shular. Ularning bu xizmatlarini hech bir tillo kumush berib moddiy boylik bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Ota-onalarimizga g‘amxo‘rlik qilishligimiz, ayniqsa keksalik chog‘ida parvarishlab ehtiyot qilishimiz, xizmatlarimiz bilan duolarini olishligimiz ikki dunyo saodati ekan.
Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam hadisi sharifda, “Allohning roziligi, ota onaning roziligida va Allohning g‘azabi ota-onaning g‘azabidadir”, deganlar.
Keksalikning muayyan qiyinchiliklarida, kuchdan qolganda, bemorlik , ko‘z xiralashishi, oyoq va bel og‘rishi, qadamlar mayda yo‘llar esa olis bo‘lib qolganda, mehr- muruvvat shavqatga muxtoj bo‘lib qolganda alohida ehtirom ko‘rsatish, roziligini olish, jannatga kirishlikka imkon ochar ekan. Dunyoga kelishimizga sababchi ota-onalarimizga yaxshilik qilish, ularning ko‘nglini og‘ritmaslik, huzurida yomon so‘z aytmaslik, behurmat qilmaslik, ularni ozorlantirmaslik, o‘zimizni hokisor tutib, jonimizni ayoqlari ostiga payondoz qilishimiz shu bilan birga ularga Alloh taolodan rahm shavqat tilab duo qilib turishimiz ham bandalik, ham farzandlik burchimizdir.
Xofiz Abu Bakr Al Bozzor Buraydodan, u kishi o‘z ota-onalaridan qilgan rivoyatda quyidagilar keltirishgan;
“Bir odam ziyoratda onasini ko‘tarib yurib, tavof qildirayotgan ekan. U Payg‘ambarimiz sallolllohu alayhi vassallamdan “Onamning xaqqini ado qildimmi?”-deb so‘rabdi, shunda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam; “Yo‘q, bir oh tortishining xaqqini ham ado qilganing yo‘q” degan ekan.
Ota onaning xaqqi farzandda ko‘p ekan. Ularni xar qancha ezozlasak ularga har qancha shukr qilsak, itoat etsak ozdir. Ayni hozirgi paytda, sinovli kunlarda, ota-onalarimizni xizmatlarida bo‘lishimiz, ularni g‘animat bilib, duolarini oladigan bo‘lsak, albatta baxtu saodatga yetamiz insha Alloh.
Toshev Qaxramon Ishtixon tuman “So‘g‘ot “ jome masjidi imom xatibi.
Kiritilgan vaqti: 20/04/2020 12:01; Ko‘rilganligi: 1590
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 01:13