Ona tarbiyasi buyuklikka yo‘llanma
Ilm olish dinimizda ulug‘ ibodatlardan sanaladi. Islom dini jaholatga qarshi ilm-ma’rifat bilan kurashishga katta e’tibor qaratgan. Ilk nozil bo‘lgan vahiyning “O‘qi” deb boshlanishi so‘zimizning yorqin dalilidir. O‘qish-ilmning kalitidir. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: “Har bir musulmonga ilm talab qilish farzdir”, dedilar.
Islom dini insonning dunyo hayoti uchun lozim bo‘lgan barcha ilmlarni o‘rganishni farz darajasiga ko‘targan dindir. Zanjiy ibn Xolid aytadi: “Bolalik paytimizda Zuhriyning huzuriga kirgan edik,u zot bizga:” Ilm talab qilinglar. Shunda siz dunyoni istasangiz unga yetishasiz,oxiratni istasangiz ham unga yetishasiz”, dedi. Darhaqiqat barcha dunyoviy ilmlarsiz inson hayotini saodatli kechishini tasavvur etib bo‘lmaydi. Bugungi kunda tib ilmi, hisob ilmi inson uchun naqadar zaruratdir. Qolaversa turli ishlab chiqarish va sanoatga doir ilmlar, fan-texnika sohasidagi barcha daqiq ilmlar zarur bo‘ladi. Chunki davlatning kuch-qudrati, o‘zga davlatlarga qaram bo‘lib qolmasligi ilm-fanning rivoji va taraqqiyotiga bog‘liqdir.
Islom dini ilm-fanga targ‘ib qilib, uning hukmini farz darajasiga ko‘tarar ekan, bu hukm ayol-qizlarni ham chetlab o‘tmagan.Chunki jamiyatning yarmini ayol-qizlar tashkil etadi. Ularni ilmsiz qoldirish jamiyatni ilmsiz qoldirish demakdir. Ayniqsa kelajak avlod tarbiyasi ayol-qizlarimizga bog‘liq.Ular bilimli bo‘lishsa kelajak avlod ham bilimli bo‘ladi.Ular odobli bo‘lishsa, kelajak avlod ham odobli bo‘ladi. Bir kishi donishmandni oldiga borib : Hazrat, mening bir o‘g‘lim va bir qizim bor. Ikkalasini o‘qitishga qurbim yetmaydi, faqat bittasini o‘qitishga imkonim bor, qaysi birini o‘qitay? deb so‘rabdi. Shunda donishmand: “Qizingni o‘qit, chunki u kelajakda farzand tarbiya qiladi. Agar o‘g‘lingni o‘qitsang, bir kishini o‘qitgan bo‘lasan , ammo qizingni o‘qitsang, butun jamiyatni o‘qitgan bo‘lasan”, deb javob bergan ekan. Qanchadan-qancha allomalarni onalari tarbiyalagani hech birimizga sir emas.
Barchamiz farzandlarimizni, ayniqsa qizlarimizning ta’lim va tarbiyasiga katta ahamiyat qaratishimiz lozimdir. Jamiyatimizning salohiyati va ravnaqi uning ilmga bo‘lgan munosabati bilan o‘lchanadi. Qaysiki jamiyatda ilmga tashnalik susaysa, ilm o‘rganishga e’tibor kamaysa, o‘sha jamiyat taraqqiyotdan orqada qoladi.Eng yomoni, u ma’naviy inqirozga yoki halokatga yuz tutishi muqarrar. Har qanday jamiyatning olimlari, ziyolilari, ayniqsa ota-onalar millatning ma’naviy dunyosi qashshoqlanmasligi, axloqi buzulmasligi, soxta va buzg‘unchi e’tiqodlar, madaniyatlar ta’siriga tushib qolmasligiga mas’uldirlar. Farzandlarimizga maktabga borib ta’lim olishning ibodat ekanligini bildirishimiz kerak. Ustoz, o‘qituvchi va murabbiylar ham o‘zlariga yuklatilgan burch va mas’uliyatni anglab, ta’lim va tarbiyani puxta olib borishlari kerak bo‘ladi. Maktabda berilayotgan darslarni puxta o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratish har bir ota-ona va ustozning mas’uliyatidir.Ularning o‘z hollariga tashlab qo‘yib, qayerda yurgani, kimlar bilan o‘rtoqlashayotgani, nimalarga qiziqayotganidan ogoh bo‘lmaslikni oqibati ayanchli bo‘ladi. Buyuk bobokalonimiz A.Navoiy “ Hayratul-Abrorda” zikir qilganidek:
Har nafasing holidan ogoh bo‘l,
Balki anga hush ila hamroh bo‘l
G‘aflat agar bo‘lsa bu ishdin, dame,
Kim yo‘q aningdek kishiga motame.
Farzand tarbiyasida ayniqsa ona hushyorroq bo‘lmog‘i lozimdir.Ilm berish va tarbiya qilishda yaxshi gap ko‘proq manfaatli bo‘ladi. Dono xalqimiz: “Yaxshi gapga ilon inidan chiqar, yomon gapga pichoq qinidan” deydi.
Elektr chiroqni kashf qilgan Tomas Edison bolalik paytida maktabdan uyiga kelgach onasiga ustoz berib yuborgan maktubni berdi va “Buni o‘qituvchimiz sizga berib yubordi”,-dedi. Ona maktubni o‘qir ekan, ko‘zlaridan yoshlar oqdi. Bundan xijolat yosh Tomas xavotirga tushib yig‘ini sababini so‘radi. Onasi ancha xotirjamlik ila javob berdi: “Sening kuchli qobiliyating bor ekan. Mana eshit: “O‘g‘lingiz o‘ta iqtidorli, maktab unga va uning qobiliyatiga torlik qiladi. Shuning uchin o‘g‘lingiz uyida talim ola qolsin!”. Shunday qilib Edison o‘z uyida onasidan ta’lim-tarbiya ola boshladi. Oradan yillar o‘tdi. U lampochkani ixtiro qildi. Vaqti soati yetib uning onasi vafot etdi. Onasining vafotidan keyin olim onasini narsalari turadigan javondan maktub topib oldi. Ancha yil o‘tgan bo‘lsada, maktubni tanidi. Bu o‘sha bolaligida maktabdan kelgan maktub edi. Birzum tarix og‘ushiga shung‘igan Edison xatni o‘z ko‘zi bilan o‘qiy boshladi. Unda shunday deb yozilgan edi: “O‘g‘lingiz o‘ta beaqil va qobiliyatsiz bola. Ertadan boshlab maktabga kelmasin!”. Edison ancha vaqtgacha yig‘isini to‘xtata olmadi. So‘ng xotiralar daftariga quyidagi so‘zlarni bitib quydi: “Edison haqiqatdan ham o‘ta kalta fahm bola edi, biroq onasining go‘zal tarbiyasi sababli iste’dod sohibiga aylandi”. Ona tarbiyasi buyuklikka yo‘llanma.
Biz bolalarimizni kitob o‘qishga targ‘ib qilib, ularni kitobxon, kitobsevar qilaylik. Bir olim aytgan ekan: “Agar biror qimmatli narsangizni hech kim topa olmaydigan joyga bekitmoqchi bo‘lsangiz, kitobning orasiga solib quying,chunki bugungi odamlar kitob ochmaydigan bo‘lib ketishdi”.
Faqat internet bilan cheklanib, ilmni yuzaki o‘rganmasdan, kitob mutoalasiga ham e’tibor qarataylik. Farzandlarimiz ilm ma’rifatli bo‘lishida eng katta mas’ul biz ota-onalar ekanimizni zinhor unutmaylik.
Kiritilgan vaqti: 16/03/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 3306
Chop etilgan vaqti: 04/12/2024 14:20