OLOVDAN HAM KUCHLI KUYDIRUVCHI O‘T
Olov yomon narsa, biror joyga tushsa yondirib, kul qiladi. Olov yaxshi narsa. Unda lazzatli taomlar pishiriladi, sovuqda isiniladi. Olovning yaxshi va yomon tomoni bitta xususiyatidan: kuydiradi. Demak, kuyish-kuydirish yaxshi ham yomon ham bo‘lishi mumkin. Qozonni moy, har xil g‘ubor bosib, uni yuvganda toza bo‘lmasa olovga tutiladi. Hammasini kuydirib, top-toza qiladi. Shunday, olov tozalaydi. Noasl narsalarni kuydirib yo‘q qiladi. Zang bosib chirigan temirni olovda qizdirilsa, zangi ketib qaytadan toza va mustahkam qotishmaga aylanadi. Olov oltinni boshqa ma'danlardan, qalbaki qo‘shimchalardan ajratadi. Ana shunday, olov tozalaydi.
Asl narsalarni o‘z holiga keltiradi, noasllardan ajratadi. Faqat bular uchun kuchli olov kerak, juda kuchli. Qattiq yonish kerak. Shuning uchun yonmagan o‘tda chalalik bor, degan gap bor. Ba'zida, aslida olov emas, yoqib yuboriladigan axlat xavfli bo‘ladi. U qancha ko‘payib ketgan bo‘lsa yonganda olovi shuncha kuchli bo‘ladi. Yonidagi yoqmaslik kerak bo‘lgan narsalarga ham o‘tib ketishi mumkin. Shuning uchun o‘rmonga o‘t ketsa ho‘lu quruq baravar yonadi. Yonayotgan narsa qancha ko‘p bo‘lsa olov shuncha shiddatli bo‘ladi. Lekin olovda yonmaydigan narsalar ham bor, tuproq va suvga o‘xshash. O‘ylab qaralsa bunday ashyolar ham ko‘p. Ha mayli, gap bu haqda emas. Gap umuman boshqa yoqda. Xo‘sh olovga o‘xshab kuydiradigan, hatto olovda yonmaydigan narsalarni ham yoqadigan biror narsa bormi? Afsuski bor. (Balki, yaxshiyam bor deyish kerakmi?). Olovdan ham kuchli, olovdan ham dahshatli narsa bor. U ham olovga o‘xshab noasl iflos narsalarni kuydirib tozalaydi. Asllarni noasllardan ajratib, toblaydi, pishitadi. Olovdan ham qattiq yondiruvchi, kuydiruvchi, tozalovchi narsa bu MUSIBAT. Musibat har xil shaklda bo‘lishi mumkin: balo-qazo, ofat-kulfat, ayriliq-farzand dog‘i, xullas juda ko‘p. Bir so‘z bilan aytganda musibat.
Musibat ayriliq, masalan farzand dog‘i holatida kelsa (xudo ko‘rsatmasin) qalbni shunday yondiradiki, kishining xonumonini kuydiradi. Qalbidagi hamma quvonch, orzu havasini yondirib yo‘q qiladi. Olov o‘chsa o‘chadiki, qalbdagi ayriliq o‘ti o‘chmaydi. Yoqub alayhissalomni eslang, Yusuf firoqidan ko‘r bo‘lib qolmadimi? Ana shunday, musibat o‘ti ham olov yoqolmagan narsalarni yoqadi. Olov axlatlarni yoqib, tevarak atroflarni toza qilgani singari, musibat olovi ham osiylik chirklaridan olamni tozalashi mumkin. Masalan, Lut alayhissalom qavmini eslang. Ularga yetgan azob o‘zlarini noasl, manfur ishlariga qo‘shib yo‘q qildi. Olov axlatni yoqib atrofni toza qilgani kabi, bu azob-musibat olamni ulardan tozaladi. Olovda noasl narsalar kuyib asl narsalar ajrab qolgani kabi, sinovlar olovi ham chin muxlis va munofiq bandalarini ajratib qo‘yadi. Jamiyatda buzuqlik, gunohlar ommatan bo‘lsa Allohning intiqomi, jazosi ham ommatan bo‘ladi. Ba'zan qozon kuyadek gunohlar kasofati hamma yoqni qop-qora qiladi. O‘shanday kasofatchilik kasri boshqa yoqqa ham yoyilib, o‘rmonga o‘t ketganida ho‘lu quruq barobar yonganidek, Allohning yuborgan balosi yosh-qari, itoatli-osiy, solih-fosiq barchasini birday yamlaydi. Musibat olovi ana shunday ham bo‘lishi mumkin.
Gohida mo‘min kimsa ko‘rgulik-musibatlar bilan balolanadi. Ko‘p kunlarni, balki uzoq yillarni azobda-iztirobda o‘tkazishi mumkin. Bu azoblar qalbini o‘rtaydi, soch-soqolini oqartiradi, qaddini bukadi, tunlaridan uyquni, kunlaridan halovatni oladi. G‘am-qayg‘ular unga qancha dard-xastaliklarni keltiradi. Xuddi oltin olovda kuyib toza bo‘lganidek yoki qozonni kuydirilsa undagi dog‘lar, yog‘lar, kirlar kuyib top-toza bo‘lgani kabi Alloh Karim bu qiyinchilik va xastaliklar olovi bilan bandasining gunohlarini kuydirib, qalbini ma'siyatlar chirkidan pokiza qiladi. Musibatlarini gunohlarga kafforat qiladi. Aytishga oson. Shu yerga yetganchayam bandaning ichiga do‘zax olovidan bir parchasi tushib kuydiradi.
Lekin gap bunda ham emas, gap boshqa yoqda.
Gap shundaki..., yo‘q keyin aytaman. Hozir ikki og‘iz do‘zax haqida. Do‘zaxda ham zolim-gunohkorlar o‘zlarining kirlari-gunohlari darajasida kuyadi. Iymon bilan dunyodan o‘tib ammo gunohlari tufaylidan do‘zaxga tushib qolgan mo‘minlar, shu gunohlariga yarasha do‘zaxda kuyib-kuyib keyin jannatga kirar ekan.
Inson aybu xatolardan xoli emas. Gunohsiz kishi yo‘q. Shunday ekan bu dunyoda musibatlar olovida, u dunyoda jahannam olovida bu gunohlardan tozalanadimi? Shundaymi!? Boshqa chora, boshqa najot yo‘qmi!? Qaysidir kuyishdan o‘zga yo‘l yo‘qmi!? Ikki dunyoda ham azobsiz gunohlardan toza bo‘lish yo‘qmi!?
Bor! Shunday yo‘l, shunday chora bor. Ikki dunyoda ham hech qanday azobsiz, hech qanday musibat-uqubatsiz gunohlardan forig‘ bo‘lish bor.
Bu tavba. Ha, bu Allohga chin tavba qilish. Shu xolos.
“Uning O‘zi bandalaridan tavbani qabul qilur, gunohlarini avf etur....” (Shuuro surasi. 25-oyat)
Uning O‘zi tavbani qabul etib, bandasini avf etar ekan. Hech qanday olovsiz va hech qanday azobsiz.
“Ularga hech qanday xavf yo‘q va ular mahzun bo‘lmaslar” (Baqara, 62) mujdasi ila kifoya xolos.
Mana gap qayoqda!?
Hamma gap shunda!
Hamma gap tavbada.
Tavbaga keling. Najotga keling.
Allohim bizga tavba nasib ayla va tavbalarimizni qabul et. Yaa arhamar rohimiyn.
Yoqub TO‘XTASHOV - Qo‘shrabot tumanidagi “Baliqchi ota” jome masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 11/11/2019 17:06; Ko‘rilganligi: 1806
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 11:59