Olamlarga rahmat bo‘lib kelgan Zot
بِسمِ اللهِ ألرَّحْمَنِ ألرَّحِيمِ
Alloh taolo Payg‘ambarimiz (s.a.v)ni butun olamlarga Rahmat qilib yubordi va Qur’oni karimda:
وَمَا اَرْسَلْنَاكَ اِلاَّ رَحْمَةً لِّلْعَالَمِينَ
Ya’ni “(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz”, - deb marhamat qiladi. Bilmoq kerakkim, Payg‘ambarimiz (s.a.v) barcha xalqlarga rahmat edilar. Farishtalarga, inson va jinlarga, shaytonlarga, hayvonot olamiga, parrandayu darrandalarga har narsa-ki adamdan (yo‘qlikdan) vujudga kelibdi ham hayotliklarida ham vafotlaridan keyin ayni rahmat edilar. Ammo farishtalarga rahmat bo‘lmoqlari meroj kechasi farishtalar favjidan o‘tdilar. Osmon tabaqalarida hech bir farishta qolmadi magar hazrat Risolatpanoh sallollohu alayhi vasallamdan ilm maorif o‘rgandilar va pinhon kasb qildilar.
Vaqtiki, Jabroil alayhissalom bu oyatni keltirdi. Payg‘ambarimiz (s.a.v): “Yo, Jabroil (a.s) bu rahmatdan sizga ham hech nasiba bo‘ldimi?”, - deb so‘radilar. “Ha yo Rasulalloh, jamolingiz oftobi olamni munavvar qilmasdan burun men hamisha o‘zimning oqibatimdan andishalik edim. Iblisni voqeasini mulohaza qilib oqibatimdan qo‘rqar edim. Vaqtiki, Haq taolo sizning sharif zotingizni Payg‘ambarlik mansabida o‘ltirg‘izdi meni vahiyga vosita qildi, deb ushbu oyatni o‘qidilar.
اِنَّهُ لَقَوْلُ رَسُولٍ كَرِيم ذِي قُوَّةٍ عِندَ ذِي الْعَرشِ مَكِين مُطَاعٍ ثَمَّ أَمِين ( سورت التكوير الآية 21-19)
“Albatta, u (Qur’on) bir ulug‘ elchi (Jabroil Alloh huzuridan keltirgan vahiy) so‘zidir. (Jabroil) quvvatli, Arshning sohibi (Alloh) nazdida martabali. U joyda (farishtalar tomonidan) itoat etiluvchi va ishonchli zotdir”. Meni Alloh taolo Karamli, Makin, Amin dedi. Bu davlatni sizning davlatingiz, mulozamatingiz va xizmatingiz barakotidan bildim”, dedilar.
Ammo jinlarga rahmat bo‘lmoqlari bundoq edikim, Hazrat Risolatpanoh sallollohu alayhi vasallamdan Qur’on eshitdilar va dinni ta’lim oldilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v) ularni haq dinga dalolat qildilar. Ular ham haq dinni ijobat qilib, iymon va irfon davlatiga musharraf bo‘ldilar.
Ammo odamlar borasida rahmat bo‘lmoqlari shundoq edikim, uni sharh va bayon qilmoqqa hojat yo‘qdur. Ul Hazratning zoti bobarakotlari dunyoda ham mo‘minlarga va ham kofirlarga rahmat edi. Ammo mo‘minlarga hidoyat birla, munofiqlarga o‘ldirmoq, talon-taroj qilmoqdan omonlik bermoq birla, kofirlarga azob uqubatni qiyomatga qoldirmoq birla rahmat bo‘ldilar. Alloh taolo Qur’oni karimda:
وَمَا كَانَ أللهُ لِيُعَذِّبَهُم َواَنتَ فِيهِم
Ya’ni “Ularning ichida Siz bo‘laturib, Alloh ularni azoblovchi emas” (Anfol, 33), deb marhamat qildi. Bu oyat mo‘minlarga bashoratdurki, Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning sharif vujudlarining dunyoga kelishi kofirlarga azob va uqubatni bartaraf bo‘lmoqqa sabab bo‘lgan bo‘lsa, ahli iymonga do‘zaxdan omonlik va emin bo‘lmoqqa bois bo‘ldi.
Vaqtiki, bu oyat nozil bo‘ldi Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning muborak xotirlariga “agar men bular orasidan ketar bo‘lsam azobga mubtalo bo‘larmikinlar” degan fikr o‘tdi. Alloh taolo bu fikrning daf’iga bu oyatni nozil qildi:
وَمَا كَانَ أللهُ مُعَذِّبَهُم وَهُم يَسْتَغفِرُون
Ya’ni “Ular istig‘for aytib (kechirim so‘rab) turgan hollarida ham Alloh ularni azoblovchi emas” (Anfol, 33). Abu Hurayra raziyallohu anhu aytadilar: “Bu oyat nozil bo‘lganidan keyin hazrat Risolatpanoh sallollohu alayhi vasallam shunday deb marhamat qildilar:
لِاُمَّتِي اَمَانَانِ يُوشَكُ أَنْ يَرْفَعَ عَنْهُمْ اَحَدُهُمَا وَيَبْقَي الْآخَر
Ya’ni “Mening ummatimga (azobdan) ikki omonlik bordir. Biri ummatimdan bartaraf bo‘lur va yana biri boqiy qolur”.
Payg‘ambarimiz (s.a.v) chorpo va darrandayu parrandalarga ham rahmat bo‘ldilar dedik. Hazrat Muhammad (s.a.v) tug‘ilgan yillari nihoyatda qahatchilik edi. Bog‘u rog‘larda toza yaproq topilmas edi. Dashtu sahrolarda quruq giyoh ham topilmas edi. Yog‘in ham yog‘mas edi. Sog‘indan bir qatra sut ham yo‘q edi. Hazrat Risolatpanoh sallollohu alayhi vasallam tavallud topganlaridan keyin kengchilik bo‘ldi. Yog‘inlar yog‘a boshladi. Odamlarni yashashi ham yaxshilanib qoldi. Barcha jonivorlar ochlik va tashnalikdan osoyish topdilar.
Vaqtiki, Payg‘ambarimiz (s.a.v) Makkadan Madinaga bordilar. Makkadan ketganlaridanoq Qurayshga qahatchilik boshlandi. Qahatchilik shunchalik qattiq ediki odamlar o‘lik va it go‘shtini yemoqqa majbur bo‘ldilar. Makka ahli Abu Sufyon ibn Harbni Madinaga yubordilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v) bularning haqiga duo qildilar. Qahatchilik aysh va rahmatga mubaddal bo‘ldi.
Muborak hadislarida:
حَيَاوتِي خَيْرٌ لَكُم وَمَمَاتِي خَيْرٌ لَكُمْ
Ya’ni “Hayotim ham sizlar uchun xayirlidir. Vafotim ham sizlar uchun xayirlidir”.
Payg‘ambarimiz (s.a.v) o‘zlarining boshqa bir muborak hadislarida “har dushanba va payshanba kuni qilgan amallaringiz menga ko‘rsatilgay. Agar qilayotgan amallaringiz savobli bo‘lsa men quvonaman. Agar gunoh qilayotgan bo‘lsalaringiz sizlar uchun Alloh taologa istig‘for aytaman”, dedilar. Sahobalar “qanday qilib sizga bizning amallarimiz ko‘rsatiladi. Axir sizning jasadingiz chirib tuproqqa aralashib ketmaydimi”, dedilar.
Payg‘ambarimiz (s.a.v) ularga qarata:
اَمَاعَلِمْتُمْ اِنَّ لُحُومَ الْاَنْبِياءِ عَلَيهِم الصَّلَواةُ وَالسَّلَام حَرَامٌ عَلَي الْاَرْض فَاِنَّ اَجْسَادُالْاَنْبِياء لَايْنْتَلِي فِي الْقَبْر
Ya’ni “Bilmaysizlarmi Payg‘ambarlarning etlari yerga harom qilingan. Bas ularning jasadlari qabrda chirimaydi”, deb marhamat qildilar.
Sallollohu alayhi vasallam.
Maqolani tayyorlashda “Siyari turkiy” kitobidan foydalanildi
Kiritilgan vaqti: 06/12/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 3024
Chop etilgan vaqti: 13/10/2024 05:14