O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

OILA MUQADDAS

 
 

“Oila” so‘zini avval lug‘at jihatidan o‘rganadigan bo‘lsak, u arab tilidagi “avlun”, “aylatun” so‘zlaridan olingan bo‘lib, “ta’minlash”, “boqish”, “ayolmand” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “Er-xotin, ular bilan birga yashovchi kishilar majmui, xonadon”, “Bir maqsad, maslak bilan birlashgan ko‘p kishilar, xalqlar, mamlakatlar” ma’nolarida ishlatiladi.

Xalqimizda oilani muqaddas, ya’ni uni tabarruk, aziz, hurmatga sazovor deb qaraladi. Albatta bu bejiz emas. Chunki, oila jamiyat ichra kichik jamiyat hisoblanadi. Oilalar barpo bo‘lishi va ulardan zurriyotlarning dunyoga kelishi insoniyat naslining davom etishi omilidir. Shu bilan birga farzandlarni tarbiyalab, ilmli, odobli, har tomonlama yetuk, xalq va yurtiga, qolaversa insoniyatga manfaati tegadigan bo‘lib yetishishida oila katta maktab vazifasini o‘taydi.

Mamlakatimizning bosh qomusida oilaning jamiyatdagi o‘rni qonunan belgilab berilgan.

O‘zi yaratgan borliqda O‘zi yaratgan inson qanday yashasa saodatli bo‘lishini yaxshi bilgan Alloh taolo erkak va ayollarning nikoh orqali oila qurib yashashlarini iroda qilgan. Alloh taolo Qur’oni Karim oyatlarida inson zotining juft – erkak va ayol qilib yaratilishining hikmatlarini bayon qilib, “Nahl” surasida shunday marhamat qilgan:

Alloh sizlarga o‘zlaringizdan juftlar qildi va sizlarga juftlaringizdan bolalar va nabiralar qildi hamda sizlarni pok narsalardan rizqlantirdi” (72-oyat).

Demak, insonlarni Alloh taolo er-xotin bo‘lib, juft bo‘lib yashaydigan qildi, ularga farzand berib, jigargo‘shasining farzandini ham ko‘rish, nabirali bo‘lish baxtini ato etdi.

Insonlar o‘zaro oila qurib yashashlari va o‘zlaridan zurriyotlar qoldirishlari Yaratgan Zotning irodasi ekan. Shuning uchun ham oila muqaddasdir.

Ja’far bin Muhammad otasidan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

Albatta, Alloh azza va jalla meni nikohdan chiqardi, zinodan chiqarmadi” (Bayhaqiy rivoyati).

Xullas, Alloh taolo inson zotiga, ularning yo‘lchi yulduzlari bo‘lmish Anbiyolariga, Anbiyolariga ergashgan avliyolariga va barcha ummatlariga oila hayotini ravo ko‘rgandir.

Afsuski, oilaning muqaddasligini to‘liq anglab yetmagan ayrim yoshlar arzimagan sabablarni ro‘kach qilib muqaddas rishtani uzilib ketishiga yo‘l qo‘ymoqdalar. Hali chillasi chiqmagan yosh kelinni ko‘rish uchun kelgan onasini munosib kutib olinmaganini bahona qilib qaynona va turmush o‘rtog‘i bilan janjal chiqargan kelinchak va uning ne ne orzular bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan kuyovi orasiga sovuqlik tushib, guldek oila buzilib ketganiga guvoh bo‘lganmiz. Meni sevganim bor, deya to‘yning ikkinchi kunidayoq muqaddas oiladan voz kechib, ota-onalirini yuziga oyoq qo‘yib ketganlar, oila va uni qadrini, uning ne’mat ekanligi unutib, o‘z holiga tashlab nomsiz, izsiz yo‘q bo‘lib ketayotganlar haqida atrofimizdagi insonlardan tez-tez eshitib turamiz. To‘g‘ri, islomda taloqqa ruxsat berilgan. Ayni chog‘da o‘ta mas’uliyatli, o‘ta og‘ir qaror bo‘lgani uchun bu ishga faqat oxirgi chora sifatidagina ijozat berilgan, lekin shunda ham bu ish Yaratganning eng yomon ko‘rgan narsasidir. Bu haqda Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan muborak hadisi sharifda Nabiy solallohu alayhi vasallam shunda deganlar:

“Alloh azza va jallaga eng yomon ko‘rilgan halol – taloqdir”.

Oilalarimizning mustahkamligi, baxtiyorligi barchamiz uchun zarurdir. Shuning uchun ham har birimiz ushbu ahamiyatli ishga o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim. Alloh taolo barcha oilalarimizni va ularni barcha a’zolarini tinch, baxtli bo‘lishlarida O‘zi yordamchi bo‘lsin.


Kiritilgan vaqti: 19/01/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 4554
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/oila-muqaddas
Chop etilgan vaqti: 09/11/2024 06:14
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing