Ne'matlarga shukr qilish fazilatlari
O‘zining ne'matlariga shukr qilish ta'limini bergan Robbimizga hamdu sanolar bo‘lsin. Allohning ne'matlariga shukronoalik fazilati ila xulqlangan va bu fazilatni butun ummatlariga o‘rgatgan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga salovotu salomlar bo‘lsin.
Yaratgan mavjudotlari ichida faqatgina inson toifasigagina vojib bo‘lgan amal shukrdir. Bu oliy ne'mat qalbning shukr qilishi bilan ham bo‘ladi. Qalbning shukri – banda barcha ne'matlarni faqatigina Allohdan ekanligini bilishi,vaholanki yer va osmon ahllariga beriladigan ne'matlarning barchasi Allohdandir.
Alloh taolo ato etgan ko‘plab ne'matlarning biri - bu mustaqkillik ne'mati desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Tinch, osoyishta zamonda yashayotganimizning o‘zi Allohning ulug‘ ne'matidir. Surxandaryo viloyatining Termiz tumanida faoliyat yuritayotgan Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta'lim markazida tahsil olgan Afg‘oniston yoshlari o‘z yurtiga qaytishida ko‘zlarida yosh bilan xayrlashdilar. Ustozlar ulardan ko‘z yoshlarining sababini so‘rashdi. Shunda Afg‘on yoshlari, biz uydan bozorgami, maktab yoki boshqa yumush bilan ko‘chaga chiqishdan oldin oila a'zolarimiz bilan ko‘rishmasak, diydor qiyomatga, deya xayrlashib chiqamiz. O‘zbekistondagi tinchlik, osoyishtalikni ko‘rib, bizda ham mana shunday xotirjamlik bo‘lishini orzu qilib qaytayapmiz, deb javob berdilar.
Robbimizning go‘zal ismlaridan biri “ash-Shakur” ya'ni oz amal uchun ko‘p savob beruvchi. U Zot qilingan bitta yaxshilikka o‘ntadan yetti yuz barobargacha, hattoki undan ko‘proq ham savob beradi. Demak, birinchi shukrga haqli bo‘lgan zot Robbimizdir.
Berilgan ne'matlarga shukr qiluvchilarga o‘z ne'matini ziyoda qilishni Alloh va'da berib aytadi:
“Yana Rabbingiz e'lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” (Ibrohim surasi 7 – oyat).
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ga biror xursandchilik ish bo‘lsa yoki xabar berishsa Allohga shukr qilib sajda qilar edilar.
Ne'matning salmog‘iga yarasha shukr lozimdir. Ba'zi ne'matlarning shukri tilda "alhamdu lillah" deyish bilan ado bo‘lsa, boshqa xil ne'matlar ham borki, ularning shukrini ado etishda til bilan aytilgan hamdning o‘zi kifoya qilmaydi. Masalan, namoz, ro‘za kabi ibodatlarni ado qilish jism ne'matining shukri bo‘lsa, farzand ne'matining shukri ularni iymon-e'tiqodli, pok vijdonli, vataniga sadoqatli qilib voyaga yetkazishdir.
Raxmatulloh QURBONOV - Oqdaryo tuman “Bilol” jomiye masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 06/01/2020 15:08; Ko‘rilganligi: 1510
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 01:11