O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Nega Masjidul Haromga kiritilmaydi?

 
 

Respublikamizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi o‘laroq yurtimizga tashrif buyuradigan ziyoratchilar soni ortishda davom etmoqda. Ularning orasida har xil millat va elatga mansub, turli din va konfessiya vakillari ham bor.

Ko‘pincha masjid va muqaddas qadamjolarda ularni tomosha qilib yurgan o‘zga din vakillarini ham uchratish mumkin. Ana shu paytda fikringizni turli o‘y-xayollar chulg‘ab oladi: “Masjidga musulmon bo‘lmagan kishining kirishi joizmi?” “Ba'zi musulmon davlatlarda bunga yo‘l qo‘yilmasmish”, “Ha aytgancha, Makkai mukarramaga kiritilmaydi-ku!”

Aslida-chi, bu haqda shariatimizning ko‘rsatmasi qanday, xususan, hanafiylik mazhabida.

Ma'lumki, arab qabilalari johiliyat davrida ham haj ibodatini ado etib kelishgan. Lekin ular mushrik bo‘lgani uchun bajarayotgan haj manosiklari tavhidga zid kelardi. Ba'zilari hatto Ka'bani yalang‘och holda tavof etardi. Bu holat to hijratning to‘qqizinchi yiliga qadar davom etdi. O‘sha yili Alloh taolo Tavba surasini nozil qilib, unda Makka mushriklariga qilinadigan munosabatni uzul-kesil hal qilib berdi, jumladan:

“Ey iymon keltirganlar! Albatta, mushriklar najasdirlar, bunga shubha yo‘q, bu yillardan keyin Masjidul Haromga yaqin kelmasinlar…” (29-oyat).

Mazkur oyatdagi “yaqin kelmasinlar” jumlasini hanafiy ulamolari “haj va umra uchun yaqinlashmasinlar” deb, tafsir qilganlar. Zero, “bu yillardan keyin” deb ta'kidlanishi haj mavsumiga ishoradir, chunki u yilda bir marta keladi. Agar mutlaq kirish nazarda tutilganida, keyingi yilga qoldirishdan hech qanday ma'no bo‘lmas edi.

Qolaversa, bu oyat nozil bo‘lishidan oldinroq Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Abu Bakr roziyallohu anhuni odamlarga rahbar qilib, Islom tarixidagi birinchi hajni ado etish uchun Makkai mukarramaga yuborganlari va o‘sha yildan keyin mushriklar haj va umra qilmasliklarini e'lon qilishga buyurishlari ham yuqoridagi ma'noni qo‘llab-quvvatlaydi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Abu Bakr roziyallohu anhu meni nahr kuni Minoda: “Mana shu yildan keyin birorta mushrik  haj qilmaydi va  Baytni yalang‘och holda tavof qilmaydi”, deb nido qiluvchi kishilardan qilib yubordi” (Muttafaqun alayh).

Mazkur oyatdagi hukm masalasida mujtahid ulamolar ixtilof qilishgan. Imom Shofe'iy rahimahulloh nazdida oyatning zohiriga ko‘ra, mushriklar faqat Masjidul Haromga kira olishmaydi, qolgan masjidlarga kirishlari mumkin, chunki oyatda faqat mazkur masjid haqida so‘z yuritilgan. Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahulloh ham shu fikrni qo‘llab-quvvatlaganlar.

Imom Molik rahimahulloh esa bu oyatni yanada kengroq tafsir qilib, mushriklarning shu yildan keyin nafaqat Masjidul Haromga, balki boshqa barcha masjidlarga ham kirishlari taqiqlanadi, deb ta'kidlaganlar.

Imom Abu Hanifa rahimahulloh: “Mazkur oyatda gap mushriklarning oddiy holdagi kirib chiqishlari emas, balki faqat haj ibodatini bajarishlari haqida bormoqda” deganlar. Shuning uchun u zot mushriklar har qanday masjidga, hatto Masjidul Haromga ham kirishlari mumkin, deb hisoblaydilar. Imomning fikricha, ularga faqat haj va umra qilish taqiqlangan, negaki, ushbu oyat nozil bo‘lgunga qadar Makka mushriklari ham haj qilishar edi.

Demak, boshqa mazhablardan farqli o‘laroq, hanafiy mazhabiga ko‘ra, musulmonlarning masjidlariga boshqa din vakillari ham kirishi mumkin ekan. Albatta, ruxsat ibodat qilish ma'nosida emas, balki ziyorat, tomosha qilish kabi ma'nolardadir.

Manba: hidoyat.uz


Kiritilgan vaqti: 23/12/2019 13:13;   Ko‘rilganligi: 1556
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/nega-masjidul-haromga-kiritilmaydi
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 11:22
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing