O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Nasihat nima?

 
 

Ibn Rajab Hanbaliy rohimahulloh aytadi: “Nasihat bu – kishi o‘zi yoqtirgan narsalar boshqalarda ham bo‘lishini xohlashi, o‘ziga yoqmagan narsalarni ular uchun ham yoqtirmasligi, musulmonlarning hammasiga mehribon, kichiklariga rahmdil, kattalariga tavoze'li bo‘lishi, ularga yetgan musibatlarga xafa bo‘lib, agar o‘zining zarariga bo‘lsa ham musulmonlarni xursand qiladigan ishlardan shodlanishi (masalan, mahsulotlarning narxi arzonlab ketib, tijoratiga ziyon yetsa ham), shuningdek, ularga manfaatli narsalarni yaxshi ko‘rishi, musulmonlar foydalanayotgan ne'matlar doimiy bo‘lishini so‘rashi, dushmanlariga qarshi yordam berishi, ularga yetayotgan aziyat va qiyinchiliklarni ketkazishga harakat qilishi, deganidir”.

Abu Amr ibn Saloh bu haqida: “Nasihat ko‘p ma'nolarni o‘zida jamlovchi so‘z bo‘lib, nasihat qiluvchining o‘zi nasihat qilayotgan kishiga so‘zda ham, amalda ham barcha yaxshiliklarni qilishini bildiradi”, degani”, - deb aytadi (“Jami'ul ulum val-hikam”, 80-bet).

Yuqoridagilardan qisqacha xulosa qilsak, “Nasihat bu samimiyatdir!”. Allohga, Uning Rasuliga, Kitobiga, musulmonlarning diniy va dunyoviy boshliqlariga va musulmonlarning ommasiga samimiy, chin qalb bilan muomala qilishimiz ayni nasihat bo‘ladi.

Hamidulloh TOJIYEV – Urgut tuman “Imom Hasan” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 26/10/2019 15:17;   Ko‘rilganligi: 3006
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/nasihat-nima
Chop etilgan vaqti: 14/09/2024 18:30
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing