O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

NAMOZDA XUSHU’ VA XUZU’ MASALALARI

 
 

Alloh taolo o‘zining bandalariga namoz, ro‘za, zakot, haj va boshqa bir necha farz amallarni buyurgan. Ushbu buyurilgan amallarni ixlos bilan chiroyli bajarish orqali inson Haqqa ya’ni Alloh taologa yaqinlashib boradi. Namoz bu dinning eng ulug‘ arkonlari ya’ni ustunlaridan biridir. Buni Alloh taolo Qur’oni karimda juda ko‘p o‘rinlarda ta’kidlagan. Mana shu ibodat Allohning huzurida qabul bo‘lishi uchun u chin dildan, ixlos, xushu’ va xuzu’ bilan ado etilishi kerak.

Xushu’ va xuzu’ so‘zlari lug‘atda deyarli bir xil ma’nolidir. Bu so‘zlar: “itoat qilmoq”, “bosh egmoq”, “o‘zini past olmoq”, “taslim bo‘lmoq” kabi ma’nolarni bildiradi. Ya’ni, ibodat vaqtida buyuk Allohning huzurida turganini anglab, unga ham umidvorlik, ham qo‘rquv bilan itoat etish, o‘zining ojiz banda ekanini his qilib turish va shu kabi ma’nolar tushuniladi. Shunda xuzu’ so‘zining ma’nosi - o‘zi egalik qilib turgan barcha narsasini haqiqiy sohibiga, ya’ni Allohga topshirish bo‘ladi. Bu inson uchun juda qiyin bo‘lgan hislardan hisoblanadi.

Xuzu’ - bu Alloh taolo bergan ne’matlar evaziga tirik yurganimizni his etish, chunki Alloh taolo rizqimizni berib turmasa, biz ming harakat qilaylik, halok bo‘lishimiz muqarrar. Oddiy misol sifatida havoni olaylik, inson havosiz qancha vaqt yashay olardi?! Inson Allohning har bir berayotgan ne’matiga muhtoj va tobe’dir. Ana shu tobe’lik va uni anglagan holda yaratganga ibodat qilish “xuzu’”dir. Xushu’ va xuzu’ so‘zlari bir-birini to‘ldirib keluvchi so‘zlardir, odatda ular ko‘pincha yonma-yon qo‘llaniladi. Lekin ibodat va namoz masalasida xushu’ so‘zi ko‘proq ishlatiladi. Bo‘ o‘rinda biz ham xushu’ iborasiga urg‘u qaratamiz.

Alloh bandasiga buyurgan buyuk ibodatni o‘z maromida bajarilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun, shaytoni lain o‘zining bor e’tiborini qaratadi, chunki shayton uchun eng birinchi darajali tashvish bu insonning namozidagi diqqat-e’tiboirini chalg‘itish, uning Alloh oldidagi qo‘rquvi va tavoze’sini ya’ni xushu’sini buzishdan iborat. Nabiy (solallohu alayhi va sallam) o‘zlarining muborak hadislaridan birida ta’kidlaganlaridek, musulmonlarning eng avval yo‘qotadigan narsasi bu namozdagi xushu’, eng oxirida yo‘qotadigan narsasi namoz ekan. Namozdagi xushu’ yo‘qolsa, asta sekinlik bilan boshqa ibodatlar ham izidan chiqishni boshlar ekan.

Alloh taolo hadisi qudsiyda aytadi:

“Har bir namoz o‘quvchi ham namoz o‘qigan bo‘lavermaydi, albatta men namozni mening ulug‘ligim uchun o‘zini past tutgan, men harom qilgan ishlardan shahvatini tiygan, menga doimiy gunohkor bo‘lmagan, ochga taom bergan, kiyimi yo‘qni kiyintirgan, musibatga uchraganga rahim qilgan, g‘aribga boshpana bergan va bularning barchasini faqat mening roziligim uchun qiladigan kishilardan qabul qilaman, izzatim va ulug‘ligim bilan qasamki bunday kishining yuz nuri mening nazdimda quyoshdan ham yorug‘roqdir, jaholatni u uchun hilmga, zulmatni nurga aylantirish mening zimmamdadir, menga duo qilsa “labbay”, deyman, mendan so‘rasa beraman ...[1]

Mashhur olimlardan birining ta’kidlashicha musulmonlar orasida eng ko‘p so‘raladigan savol orasida xushu’ masalasi taloq haqidagi savoldan keyin ikkinchi o‘rinda turar ekan.

Xushu’ qalbdan boshlanadi va uning natijasi insonning tana a’zolarida ko‘rinadi, agar qalb g‘aflatda bo‘lsa yoki vasvasaga aldanib qolgan bo‘lsa bu narsa boshqa a’zolarga ta’sir qiladi. Chunki qalb insonda podshoh kabidir. Qalb xushu’da bo‘lsa boshqa a’zolar ham xushu’ qiladi.

Alloh taolo Qur’oni karimda juda ko‘p o‘rinlarda ibodatlarni xushu’ bilan, umidvorlik va o‘zidangina qo‘rqqan holda ado etishga targ‘ib qilgan va bunday bandalarni maqtagan.

Jumladan, Mu’minun surasida: Darhaqiqat mo‘minlar najot topdilar. Ular namozlarida (qo‘rquv va umid bilan) bo‘yin eguvchi kishilardir. ...deb, marhamat qiladi. Bu suraning mazmuniga e’tibor beradigan bo‘lsak Alloh taolo unda mo‘minlarning bir qancha sifatlarini sanab o‘tadi va bunday bandalarning najot topganini, ularning Firdavs jannatiga kirib u yerda abadiy qolishlarini ta’kidlaydi[2].

Huzayfa (roziyallohu anhu)dan naql qilinadi: Sizlar munofiqlik xushu’sidan ehtiyot bo‘ling! Shunda “munofiqlik xushu’si” nima degani?, deb so‘radilar. U kishi: “jasadning xushu’ qilayotganini, ko‘rasan, qalb esa xushu’ qilmayotgan bo‘ladi”, dedilar.

Namozda xushu’ qilish bandani jannatga kirishiga va najot topishiga sabab bo‘ladigan omillardan ekan, buni quyidagi hadis ham ta’kidlaydi:

“Qaysi bir muslim tahorat qilsa uni yaxshilab qilsa, so‘ng turib ikki rak’at namoz o‘qib unga qalbi va yuzi bilan e’tibor qaratsa, unga jannat vojib bo‘ladi[3]”.

Xushu’ va uning fazilati haqida ma’lumotga ega bo‘lgandan so‘ng kishida savol paydo bo‘lishi mumkin: “xushu’ qilish uchun nima qilish kerak, qanday ishlar kishining namozdagi xushu’sini oshishiga sabab bo‘ladi?” .

Quyida kishining xushu’sini oshishiga sabab bo‘ladigan omillardan bir qanchasini keltirib o‘tamiz:

1.Namozga yaxshilab tayyorgarlik ko‘rish. Namozga tayyorgarlik ko‘rish muazzin azon aytgan vaqtdan boshlanadi, muazzin azon aytayotgan vaqtda uning so‘zlarini takrorlash va undan keyingi azon duosini aytish. So‘ng agar tahorati yo‘q bo‘lsa tahorat oladi, tahoratni mukammal qilish ham shular jumlasidan, chunki tahorat ibodatning boshlanish nuqtasi, tahorat vaqtida ham doimo Allohni zikr qilish, tahorat vaqtida gaplashmaslik uning orasiga boshqa ishlarni aralashtimaslik zarur, ayrim olimlar namozdagi xayol buzilishi va vasvasa tahoratni mukammal ado etmaslikdan boshlanadi, deb aytganlar shuning uchun tahoratga e’tibor qaratish, suvni isrof qilmaslik o‘ta muhim amallardandir. So‘ng namoz uchun pokiza chiroyli kiyimlarni kiyish va xushbo‘yliklar sepish. Namoz vaqti kirishi va boshlanishini kutish, bunday kutish shunchaki vaqtni o‘tkazish emas, balki ibodat qilish bilan tenglashtirilgan. Namozga turganda esa saflarni tekis olish va bo‘sh joylarni to‘ldirish, imkon qadar oldingi saflarni to‘ldirgan yaxshi. Oldinda bo‘sh joy turgan holda orqa safda namoz o‘qish makruh sanaladi. Agar namozxon yolg‘iz namoz o‘qiyotgan bo‘lsa iloji boricha oldida sutra ya’ni, to‘siq bo‘lishiga e’tibor qaratishi lozim. Agar masjid yoki xona ichida o‘qisa oldindagi devor, ustun va to‘siq kabilarga yaqinroq tursin. Shunda odamlar uning oldidan o‘tmaydilar va u ham ularning orqadagi harakatiga chalg‘imaydi.

2. Banda o‘zining Alloh taolo huzuriga turishini va u barchamizni bilib, kuzatib turgani, namozda undan boshqa bizni mashg‘ul qilib qo‘yadigan zot yo‘q ekanini his etish.

3. Alloh taolo uning ibodatini eshitishi va uning iltijolariga javob berishini bilish, mufassirlar “Fotiha” surasining tafsirida mashhur hadisi qudsiyni keltiradilar. Uning ma’nosiga ko‘ra banda bu surani o‘qiyotgan vaqtda Alloh taolo uning har bir o‘qigan oyatiga javob qaytarib turar ekan, bu haqda tafsir kitoblarida batafsil to‘xtalib o‘tgilgan,

4. Namozda badani, tana a’zolari bilan xushu’ qilish. Ya’ni, boshqa narsalarga qaramaslik, boshini burmaslik, kiyimlariga teginmaslik, agar bu ishlarni qiladigan bo‘lsa qalbdagi xushu’ning yo‘qolishiga sabab bo‘ladi.

5. O‘qiyotgan surasi va tasbihlari hamda duolarining ma’nosini bilib olib, nima deyayotganini fikrlash. Albatta hozirgi kunimizda buning iloji bor, turli kitoblarda suralar, tasbihlar va duolarning ma’nolari bayon etib o‘tilgan. O‘rganmagan inson faqat o‘zi aybdor, chunki payg‘ambarimiz ilmni beshikdan to qabrgacha izlashga buyurganlar. Doimo ilm o‘rganish va kitob o‘qish farz darajasidagi amaldir. Inson o‘zi aytayotgan so‘zlar ma’nosini bilsa, uning namozdagi e’tibori kuchayadi va xushu’si ortadi.

6. Inson o‘zini go‘yo oxirgi namozini o‘qiyotgandek va boshqa qaytib ibodat qila olmasligi, bu uning uchun oxirgi imkoniyat ekanini his etish.

Nabiy (solallohu alayhi va sallam)ning huzurlariga bir kishi kelib: “Menga nasihat qiling, qisqa bo‘lsin”, dedi. Nabiy (solallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Agar namozga tursang vidolashayotgan odam o‘qigandek namoz o‘qi”, ya’ni o‘lim qarshisida turib oxirgi namozini o‘qimoqchi bo‘lgan inson kabi namozni ado etgin.

Shu bilan birga namozda o‘limni eslash xushu’ni ortishiga sabab bo‘ladi. Nabiy (solallohu alayhi va sallam) hadislarining birida: “Namozda o‘limni eslang”[4], deb marhamat qiladilar.

7. Siyrat kitoblari, olimlar va sahobalar haqidagi hikoyalarni o‘qib ular namozda qay holatda turishlari hamda xushu’ga qanchalik e’tibor berishlari haqida fikr yuritish.

Ali (roziyallohu anhu) namoz vaqti kelganda titrab ketar va yuzlarining ranglari o‘zgarib ketar ekan. “Senga nima bo‘ldi?”- deb so‘ralsa, “Shunday bir omonatning vaqti keldiki uni Alloh taolo osmonlar, yer va tog‘larga arz qilganda ular uni ko‘tarishdan bosh tortgan edilar”, deb javob berar ekanlar.

Albatta sahobalar, olimlar va ajdodlarimiz namozda qo‘rquv, umid bilan turishar edi, ular hatto o‘ng va chap tomonlarida kim namoz o‘qiganiga ham qaramas edilar, ba’zilari xushu’ning kuchidan badanidagi og‘riqlarni ham sezmay qolar edilar.

8. Namozda insonning xayolini chalg‘itishga shayton doimo tayyor bo‘lib turadi. uning maqsadi insonni namozning lazzatidan mahrum etish. Bunday paytda shaytondan panoh tilab isti’oza[5] aytish, ya’ni “A’uzu billahi minash-shaytonir-rojim” deyish, kerak bo‘ladi.

Usmon ibn Abul Os Nabiy (solallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib aytadi: “Yo Rasululloh, shayton meni namozim va qiroatimdan to‘sib qo‘ymoqda, meni chalg‘itmoqda”. Nabiy (solallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Bu xinzib deb ataladigan shayton, agar uni his qilsang ta’avvuz ayt (ya’ni Allohdan uni sendan asarashini so‘ra) va chap tarfingga uch marta tuflab qo‘y”. U aytadi: “Men shunday qildim, Alloh taolo uni mendan ketkazdi”.[6]

Olimlar xushu’ va uning sabablari haqida ko‘plab ma’lumotlar va risolalar qoldirganlar lekin bu o‘rinda ularni qisqacha berish bilan cheklanildi. Alloh taolo barchamizga o‘zi sifatlagandek namozda xushu’ qiladigan va najot topgan bandalaridan qilsin!

Shodi HAQBERDIYEV

Urgut tuman bosh imom-xatibi



[1] Horisa ibn Vahbdan Daylamiy rivoyati

[2] Qarang: Mu’minun surasi 1-11oyatlar. (Ma’nolar tarjimasi muallifi Abdulaziz Mansur)

[3] Uqba ibn Omirdan Imom Muslim rivoyati

[4] Anas (roziyallohu anhu) dan Daylamiiy rivoyati

[5] Isti’oza bu Allohdan panoh va uning yomonlikdan asrashini so‘rash, “ A’uzu Billahi minash-shaytonir-rojim”, deb aytish. U “ta’avvuz”, deb ham ataladi

[6] Imom Muslim rivoyati


Kiritilgan vaqti: 21/01/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 7956
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/namozda-xushu-va-xuzu-masalalari
Chop etilgan vaqti: 11/12/2024 23:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing