MUSULMON XULQI BILAN GO‘ZAL
Ma’lumki, Alloh taolo insonlarning suratini go‘zal shaklda yaratib qo‘ygan. Bu go‘zallik insonni Alloh taolo yaratgan boshqa mahluqotlariga qiyoslaganda yaqqol namoyon bo‘ladi, agar inson o‘z siyratini ham, xulqini ham go‘zal qilsa, haqiqiy komil inson bo‘ladi. Inson ilmga qancha muhtoj bo‘lsa, go‘zal xulqqa ham shuncha muhtojdir. Zero, ilm va go‘zal xulq insonni kamolotga yetkazuvchi ikki qanotdir. Axloqi komil, bir-biriga mehribon va ahil jamiyat baxtli va farovon jamiyatdir.
Muqaddas dinimizning hayotbaxsh va o‘lmas qadriyatlari mana o‘n besh asrdirki, hamon butun bashariyat nazarida hurmat va e’tiborga sazovor bo‘lib kelmoqda. Albatta, bu birinchi navbatda, biz musulmonlarni o‘z dinimizga bo‘lgan muhabbatimizni yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘lsa, ikkinchidan, uning ta’limotlariga chin ixlos bilan amal qilmoqlikka undaydi.
Darhaqiqat, Islom dini insoniyatni go‘zal xulqu odobga chorlash, ularni chin insoniy fazilatlar egasi qilib tarbiyalash uchun nozil qilingan bo‘lib, uning ta’limoti insoniyat hayotining barcha jabhalarini qamrab olgandir. Alloh taolo o‘zining eng so‘ngi va komil dinini mukammal axloqi hamda sohibi bo‘lmish sarvari olam Muhammad sallallohu alayhi vasallamga nozil qilishi ham bejiz emas, albatta. Zero, Muhammad sallallohu alayhi vasallam dinimizning har bir zamon va makonga munosib bo‘lgan, shuningdek, har bir shaxsning iqtidoriga qarab taklif qilingan ko‘rsatmalarini biz ummatlari uchun o‘zlarining hayotlariga tadbiq qilib ko‘rsatib berdilar.
Muqaddas dinimiz xushxulqlikka va totuvlikka rahna soluvchi ikkiyuzlamachilik, manmanlik, g‘iybat, hasad va xiyonat kabi illatlarni xarom qilgan. Xusni-xulqlik va totuvlikka xos hamma xislatlarni targ‘ib etadi va ularni ibodat sanaydi. Mehr-shafqat, samimiy munosabatlar xusni-xulqlik va totuvlikka yetkazuvchi xislatlardir. Barchaga mehr-shafqat ko‘rsatish, samimiy munosabatda bo‘lish sunnatdir. Muhammad sallallohu alayhi vasallamning hayotlari har bir mo‘min-musulmon uchun ulkan tarbiya maktabidir. U zoti sharifning hayot yo‘llarini qunt bilan o‘rganib chiqqan har bir inson albatta, bunga amin bo‘lmay iloji yo‘q. Shuning uchun ham Alloh taolo Qur’oni karimda: “(Ey, imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir”[1]. –deb, Muhammad sallallohu alayhi vasallamni barcha mo‘min-musulmonlarga namuna bo‘lishga eng loyiq zot ekanliklarini bayon qilgan. Yuqorida zikr qilib o‘tganimizdek, muqaddas dinimiz ko‘rsatmalari asosan, insoniyatni go‘zal axloqli bo‘lishga, bandaga Alloh taoloning oldidagi hamda jamiyat oldidagi burchu vazifalarini go‘zal suratda ado etishga, insonlar o‘rtasidagi munosabatlarni samimiy va beg‘araz amalga oshirishga targ‘ib qiladi. Albatta, Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam bularning barchasida mo‘min-musulmonlarga o‘rnak ko‘rsatganlar.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam bunday deb marhamat qilganlar: «Menga farzlarni ado etish buyurilgani kabi, insonlarga xushmuomalada bo‘lish ham buyurildi. Insonlarga xushmuomalada bo‘lish sadaqadir» deganlar. Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam oilalari bilan xushmuomalada bo‘lar, uy yumushlari bilan ham shug‘ullanar edilar. Oisha roziyallohu anhodan: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam oila ahllari bilan yolg‘iz qolganlarida o‘zlarini qanday tutardilar” – deb so‘rashganda, u kishi: “Juda muloyim muomala qilar, kulib, tabassum bilan boqar edilar. Shuningdek, oila ahllari xizmatida bo‘lar edilar. Ko‘rinib turibdiki, sarvari koinot payg‘ambar bo‘lishlariga qaramay oilaga nisbatan zimmalaridagi burchlarini bekamu ko‘st ado etganlar. Ularning ro‘zg‘or yumushlariga ko‘maklashar, imkoniyatlari darajasida ahli ayollarini nafaqa bilan ta’minlar edilar.
Ba’zi bir oila rahbarlari esa, ish va tirikchilikni bahona qilib yoki tarki dunyochilikka berilib oilasi, bola-chaqasini nafaqa bilan ta’minlash, farzandlarining ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanishni unutib qo‘ymoqdalar. Albatta, bu musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Har bir haq egasining haqqini ado eting” – deganlar. Shunday ekan, ahli ayol va farzandlarimiz nafaqasi va ta’lim tarbiyasi bilan shug‘ullanishni ham unutmaylik.
Islom dini go‘zal axloqlar dinidir. Jamiyatimiz oldida komil inson tarbiyasidek muhim vazifa turgan hozirgi kunda “zamonaviy demokratiya erkinliklari” niqobi ostida “olomoncha madaniyat” deb nomlangan axloqiy buzuqlikni targ‘ib qiluvchi, milliy-ma’naviy madaniyatimizning o‘q tomiriga halokatli zarba berishni o‘zining oliy maqsadi qilib olgan illatning shiddat bilan kirib kelayotgani kishini dahshatga soladi. Hech qaysi samoviy din insoniyatga ravo ko‘rmaydigan axloqsizliklarni o‘zida mujassam etgan bu ofat, ayniqsa, yoshlar ongini iskanjasiga olish uchun turli vositalarni – behayo seriallar, multfilmlar, internet tarmog‘idagi zo‘ravonlik va hayosizlikni targ‘ib etuvchi filmlar, suratlar, maqolalar va shu kabilarni ishga solmoqda. Zero, axloqsizlik din va millatlarning ayovsiz dushmani bo‘lib, komil inson tarbiyasiga qarshi qaratilgan yovuz kuchdir.
Aslida, musulmon kishida “ommaviy madaniyat”ning buzg‘unchi g‘oya va mafkuralariga qarshi kuchli immunitet bo‘lmog‘i shart. Bu - go‘zal axloqdir.
Dinimizda odob-axloqning ahamiyati nechog‘li buyukligini yuqoridagi hadis ham ko‘rsatib beradi. Uni yana bir marta esga olamiz: “Men aslida oliyjanob xulqlarni kamoliga yetkazish uchun yuborilganman”.[2] Shunday uslub bilan Nabiy alayhissalom axloq-odobning naqadar muhimligini bayon qilib berganlar.
Vaholanki, axloq Nabiy alayhissalomning payg‘ambar qilib yuborilishlaridagi eng birlamchi va eng muhim narsa bo‘lmasligi ham mumkin. Zero, e’tiqod, yakka Allohga ibodat qilish kabi narsalar bundan muhimroq ekanligi shubhasiz. Ammo bu hadisda oliy xulqlar hamma narsadan muqaddam qo‘yildi. “Nima uchun?” degan savol tug‘ilishi tabiiy. Javob shuki, axloq kishining eng ko‘p ko‘rinib turadigan, birinchi bo‘lib ko‘zga tashlanadigan jihati hisoblanadi.
Odamlar biror kishiga baho bersalar, birinchi bo‘lib uning axloqi va o‘zini tutishiga qarab hukm chiqaradilar. Ular qaysidir shaxsning aqidasini ko‘rmaydilar. Chunki uning o‘rni qalb bo‘ladi. Yoki hamma ibodatlarini ham ko‘ravermaydilar. Lekin uning axloq-odobini ko‘radilar. Binobarin, kishining dinu diyonati borasida uning muomalasi va xulqu odobiga qarab xulosa chiqaradilar. Shu sabab ham dinimizda axloqning o‘rni beqiyos.
Zero, Islomdan uzoq bo‘lganlar dinimizga musulmonlarning so‘zlari va da’volariga qarab emas, balki ularning axloqi orqali baho beradilar. Tarix guvohlik beradiki, Indoneziya, Malayziya kabi mamlakatlarning aholisi Islomni da’vatchilar fasohati yoki g‘oziylar kuchi bilan emas, balki musulmon o‘lkalaridan borgan savdogarlarning axloq-odoblari sababli qabul qilganlar.
Chunki musulmon tijoratchilar oldi-berdida rostgo‘ylik, omonatdorlik, oliyjanoblik va bag‘rikenglik kabi go‘zal xulqlar bilan muomala yuritardilar. Bu esa o‘z navbatida yerlik aholida musulmonlarga nisbatan va tabiiyki, ular orqali Islomga nisbatan iliq taassurot uyg‘otgan.
Oisha onamiz roziyallohu anho yana: “Husni xulqda Payg‘ambarmiz Muhammad (sav)dan o‘tadigan hech kim bo‘lmagan, zero u zot qachon biror kimsa chaqirganda doimo labbay deb javob berar edilar” – deganlar. Ushbu hadisdan Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hushxulqliklari, U Zotga murojaat qilgan kimsaga nisbatan hushmuomalada bo‘lishlarini ko‘rish mumkin. Ko‘rishganda salomlashish, chaqirganda labbay deyish, xayrlashganda esa, omonlik tilash biz mo‘min-musulmonlar uchun odatga aylanmog‘i kerak. Zero, insonlar o‘rtasidagi mehr-oqibat, ahil va inoqlikning ziyoda bo‘lishi birinchi navbatda, xushmuomala va shirin suhanlikka bog‘liqdir.
Demak, insonlarga chiroyli xulq bilan muomalada bo‘lish — bu odamiylik ziynati ekan. Shu xususda Hazrati Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan: “Amallarning qay biri afzalroq?” deb so‘ralganda, ul zot: “Chiroyli xulq”, dedilar. Insonning xulqi chiroyli bo‘lishi uchun avvalo, uning qalbi pok bo‘lishi lozim. Chunki, qalb inson jasadining podshohi, qolgan a’zolar unga tobe’dir. Agar qalb pok bo‘lsa, qolgan a’zolar ham unga ergashadi, agar u nopok bo‘lsa, barcha a’zolardan nopok amallar sodir bo‘ladi. Shunday ekan, Alloh taoloning rizosini istagan, dunyo va oxiratining farovonligini xohlagan har bir mo‘min-musulmon kishi Payg‘ambarmiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamni o‘zi uchun ibrat qilib olmog‘i lozim. Hikmat va ilm sohibi bo‘lgan ajdodlarimiz uslublari, hayotiy tajribalari ham shuni isbotlagan. Ularni buyuk qilgan narsa go‘zal xulqlari va to‘g‘ri tarbiyalari edi. Biz ham ularning avlodlari o‘laroq ularning izlaridan borishimiz bizning burchimiz hamda faxrimizdir.
Go‘zal xulqni avvalo o‘zimizdan boshlashimiz, so‘ngra yaqinlarimiz, atrofimizdagilarga singdirishimiz, farzandlarimizni odob-axloq asosida tarbiya qilmog‘imiz lozim. Zero, musulmon xulqi bilan go‘zaldir.
Kiritilgan vaqti: 12/10/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 5007
Chop etilgan vaqti: 13/10/2024 05:40