O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

MUSTAQILLIK – UMUMXALQ BAYRAMI

 
 

Aziz yurtdoshlar! Shu kunlarda xalqimizning g‘urur-iftixori bo‘lgan mustaqilligimizning 28 yilligi bayrami arafasida turibmiz. Fursatdan foydalanib, barchalaringizni mustaqillik bayrami bilan chin dildan tabriklaymiz! Xalqimiz asrlar davomida intilib, orziqib kutgan,  barchamiz uchun eng ulug‘, eng aziz bayram bo‘lmish O‘zbekistonning Mustaqillik kuni bilan siz azizlarni muborakbod etamiz .Alloh taolo Vatanimizni doimo obod, farovon va tinch yurtlardan qilsin! Vatanimiz ravnaqi yo‘lida astoydil, fidokorona mehnat qilayotgan rahbaru xodimlarning xayrli ishlarida Alloh taolo madadkor bo‘lsin!

O‘tgan yillar davomida yurtimizda amalga oshirilgan xayrli ishlar, erishilgan yutuqlarimizni yana bir karra eslab o‘tmog‘imiz maqsadga muvofiq bo‘ladi. Yurtimizda har sohada yangiliklar, xalq farovonligi yo‘lida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Shaxsan muhtaram Prezidentimizning o‘zlari har sohaning ichiga bevosita kirib borib, mavjud muammolarni bartaraf etish yo‘l-yo‘riqlarini ham oqilona tarzda ko‘rsatib bermoqdalar. Jumladan, aholini uy-joy bilan ta'minlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar qatorida kam ta'minlangan va nogironligi bo‘lgan kishilarni ham alohida imtiyoz asosida uy-joylar bilan ta'minlab berilayotgani tahsinga sazovordir.

Mamlakatimizda istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab ta'lim-tarbiya tizimini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, farzandlarimizning jahon andozalariga mos sharoitlarda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashlari, jismoniy va ma'naviy jihatdan yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishlarini ta'minlash, ularning qobiliyat va iste'dodi, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yoshlarimiz qalbida ona yurtga sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini kamol toptirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

So‘ngi yillar davomida barcha sohalar kabi diniy sohada ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Keyingi ikki yilda muborak Haj safariga boruvchilar soni ikki mingtaga oshirilgani va yil davomida Umra ziyoratiga borish imkoniyati mavjud bo‘lgani mo‘min-musulmonlarimiz qalbida mamnuniyat paydo qildi. Alloh taoloning baytini Haj qilish har bir musulmonning orzusi sanaladi. Joriy yilda narxlar arzonlashtirildi va xizmat sifati yanada yaxshilandi.

Adolat o‘rnatish, avf qilish – dinimizning asosiy g‘oyalaridandir. Adolatparvarlik va kechirimlilik – jamiyat farovonligi hamda yurt obodligi uchun muhim omil hisoblanadi.

Turli xil sabablar bilan urush bo‘layotgan mintaqalarga ketib qolgan va tutqunlikda bo‘lgan bir qancha vatandoshlarimiz yurtimizga qaytarib olib kelindi.

Shariatimizda bag‘rikenglik va afv etishga ko‘p da'vat qilingan. Chunki, afv qilish – Alloh taoloning ulug‘ sifatlaridan biridir. Parvardigorimiz oyati karimada:

  وَإِنْ تَعْفُوا وَتَصْفَحُوا وَتَغْفِرُوا فَإِنَّ اللَّهَ غَفُورٌ رَحِيمٌ

ya'ni: “...Agar sizlar afv etsangiz, koyimasangiz va kechirsangiz, u holda, albatta, Alloh (ham sizlarga nisbatan) mag‘firatli va rahmlidir”, – degan (Tag‘obun surasi, 14-oyat).

Aldov oqibatida o‘zga yurtlarga borib qolib, og‘ir hayotiy davrni boshidan o‘tkazgan bu vatandoshlarimizga hukumatimiz tomonidan tibbiy, psixologik, moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatildi. Ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishlari, ta'lim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoit yaratildi, boshpana va ish bilan ta'minlash choralari ko‘rildi.

Shuningdek, o‘tgan Muborak Ramazon hayiti bayrami arafasida 600 ga yaqin mahbusni afv etilishi tug‘risida Prezident Farmoni e'lon qilindi. Unga ko‘ra bir qancha mahbuslar jazodan butunlay ozod etildi, bir qismining esa jazo muddati qisqartirildi. Farmon ijrosini ta'minlash maqsadida afv etilgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi, ularni foydali mehnatga jalb etish va sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashish yuzasidan mas'ul vazirliklar, idoralar va hokimliklarga tegishli topshiriqlar berildi.

Muhtaram vatandoshlar! Albatta, bu erishilayotgan yutuqlar va amalga oshirilayotgan xayrli ishlarning zamirida yurtimizdagi tinchlik, osoyishtalik va farovonlik alohida o‘rin tutadi. Bu haqda hadisi sharifda shunday marhamat qilingan:

“Qaysi biringiz oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik rizqi bor holda tong ottirsa, go‘yoki butun dunyoni qo‘lga kiritibdi” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyat qilgan).

Muhtaram azizlar! Tabiiyki, inson qayerda dunyoga kelsa, ana shu yer uning uchun aziz Vatan hisoblanadi. Kindik qoni to‘kilgan joy inson uchun hech narsaga almashtirib bo‘lmaydigan, hamma narsadan ham qimmatli dargohdir!

Demak, vatanni sevish, uni sog‘inib yashash – inson tabiatida mavjud bo‘lgan nozik hisdir! Vatanni sevish faqat tilda qolib ketmasligi, balki vatandoshlar yurt ravnaqi uchun birlashishi, bir-biriga xayrihoh bo‘lib, dunyo-oxiratda foydali ishlarga harakat qilishlari kerak. Qur'oni karimda shunday marhamat qilinadi:

“...Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).

Mana shu sevimli Vatanda yashayotgan har bir mo‘min-musulmon, avvalambor – o‘zi, ahli-ayoli, yaqinlari va jamiyatga foydali bir inson bo‘lishga harakat qilishi kerak. Buning uchun o‘ziga yuklatilgan vazifani chiroyli ado qilishi darkor. Biz bir paytning o‘zida ham farzand, ham ota, ham fuqaro, ham turli idora va tashkilotlarda xodimmiz. Mana shu majburiyatlarimizni mas'uliyat bilan bajarib, o‘zaro bir-birimizni qo‘llab-quvatlab, atrofimizdagilarga imkon qadar yordam berishimiz kerak.

         Haq taolo barchamizni Vatanimiz taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida olib borayotgan xayrli ishlarimizga rivoj bersin! yurtimiz mustaqilligini bundan ham mustahkam aylab, mustaqil yurtda unib-o‘sayotgan farzandlarimizni  buyuk ajdodlarimizga munosib, o‘z vatani va xalqiga fidoiy, yurt koriga yaraydigan avlodlar bo‘lib yetishishlarini nasib aylasin! Barchalarimizga mustaqillik bayrami muborak bo‘lsin! Omin!

ZAYNIDDIN ESHONQULOV - O‘MI Samarqand viloyat vakili, viloyat bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 30/08/2019 12:21;   Ko‘rilganligi: 2195
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/mustaqillik-umumxalq-bayrami
Chop etilgan vaqti: 04/10/2024 17:17
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing