MUSTAQILLIK BEBAHO NE’MAT
Alloh taolo tomonidan xalqimizga berilgan eng katta ne’matlardan biri bu – mustaqillikdir. Mustaqillik tufayli milliy – diniy qadriyatlarimiz tiklandi, xalqimiz yaxshi yashashligi uchun imkoniyatlar eshigi ochildi. Bugunlik kunda O‘zbekiston dunyo mamlakatlari ichida shahdam qadam tashlab borayotgan kelajagi buyuk davlatga aylandi. Prezidentimiz bir nutqlarida: “O‘zbekiston davlati tishqi siyosatining ma’no-mazmuni va maqsadi bitta – u ham bo‘lsa O‘zbekiston manfaati va yana bir bor O‘zbekiston manfaati”, deb ta’kidlagan edilar. Bu maqsad muammolar va xalqaro hayotning turli sohalariga nisbatan mavjud manfaatli qarashlarni ochiq muloqotlar va boshqa diplomatik usullar bilan hal etishga undaydi.
Istiqlol sharofati bilan xalqimiz mana 25 yildirki erkin nafas olmoqda. O‘z kelajagiga, farovon hayotiga ishonch bilan yashamoqda. Qisqa muddat ichida ona Vatanimiz tanib bo‘lmas darajada gullab yashnadi. Har bir sohada katta-katta ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Chekka olis qishloqlarda zamon talabiga javob beradigan maktablar va kollejlar qurilib aholiga oliy darajada xizmat qilmoqda. Bundan o‘ttiz yil oldingi holatni ko‘z o‘ngimizga keltirsak xalqqa bo‘layotgan jabr zulmlar ko‘pligining haddi-hisobi yo‘q edi. Oddiy misol tariqasida aytadigan bo‘lsak er o‘z xotiniga xo‘jayinlik qila olmasdi. Birigada boshlig‘i ya’ni birigadir butun boshli birigadadagi ayollarga o‘z hukmini o‘tkazar edi. Sho‘rlik ayollar biror joyga bormoqchi bo‘lishsa birigadirdan ruxsat so‘rardi. Ruxsat bersagina borar, bo‘lmasa borolmas edi. Bolalarini erta tong emizib beshikka belab ishga chiqar, shundan tushlik paytigacha bola beshikda yotaverardi. Ish paytida esa ayollarni xohlaganicha haqorat qilib, so‘kib, hatto qo‘lidagi qamchisi bilan urib ishlatardi. Bolalarga bo‘lgan e’tibor yo‘qligidan yoshlar orasida o‘lim tez-tez uchrab turardi. Mustaqillik sharofati bilan ayollarimizga katta imkoniyatlar berildi. Ularning haq-huquqi davlat himoyasiga o‘tdi. Farzandli bo‘lgan ona o‘z bolasini bag‘riga bosib tarbiya qilish huquqiga ega bo‘ldi. Qolaversa farzand tarbiyasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Joriy yilning “Sog‘lom bola” yili deb nomlanishi va bu borada milliardlab mablag‘larning ajratilishi o‘zbek xalqining yuksak darajaga yetganidan dalolatdir.
Sobiq tuzum davridagi masjidlar haqida gapiradigan bo‘lsak, qanchalari buzib tashlandi. Qolganlari esa ilonxona, chayonxonaga aylandi. Aziz-avliyo bobolarimiz qo‘nim topgan joylarni iloji boricha xarobaga aylantirib, nomlarini yomonotliqqa chiqardi. Dinsizlarning kitoblarida: “Din umr bo‘yi boshqalarga ishlab, muhtojlik va g‘ariblikda yashab kelgan xalq ommasini har yerda va hamma joyda ezadigan ruhiy zulm shakllaridan biridir. Din – ma’naviy og‘uning bir turidir”, deb yozilgan ta’limotlar kishilarni dinsizlikka chorladi. Buning ta’sirida qanchadan qancha Qur’on, hadis va boshqa ilmiy asarlar yoqib yuborildi. Olim va mullalarni surgun qilib xalqdan ajratib qo‘ydi.
Bugunchi? Bugun masjidlar ma’rifat o‘chog‘iga aylandi. Aziz avliyolar qo‘nim topgan joylar obodonlashtirilib, ziyoratchilar uchun zamon talabida xizmatlar joriy qilindi. Har yili besh mingdan ortiq yurtdoshlarimizga haj safariga borish imkoniyatlari tug‘ildi. Diniy bilim va savodxonlikni oshirish maqsadida ommaviy axborot vositalarida “Hidoyat sari”, “Ziyo” studiyasi ko‘rsatuvlari, radio eshittirishlari, gazetalarda ko‘plab maqolalarning chop etilishi muntazam olib boriladigan ma’naviy-ma’rifiy ishlar hisoblanadi. Qolaversa, diniy idoramizning “Hidoyat” jurnali, “Islom nuri” gazetasi mo‘min - musulmonlarning sevimli nashriga aylangan. O‘zbekistonimizda diniy erkinlik keng ko‘lamda olib borilayotganligiga butun dunyo guvoh bo‘lib turibdi. Shuning uchun ham mamlakatimiz markazi Toshkent shahri Islom madaniyatining poytaxi deb e’lon qilindi. Bu quvonchli voqea munosabati bilan ko‘plab davlatlar va xalqaro tashkilot rahbarlari O‘zbekiston rahbariyati nomiga ijobiy fikrlar bildirib, qutlov xatlari jo‘natdi. Jahon hamjamiyati o‘zbek xalqining boy merosi bilan yaqindan tanishib, O‘zbekitonga kelib va bu joydagi ulkan o‘zgarishlarni ko‘rishni maqsad qildi. Bundan tashqari yana ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar va yangiliklar bo‘lib turganiga hammamiz shohidmiz. Alloh taoloning bergan ne’matlariga doimo shukr qilib yashashimiz lozim. Zero, noshukrlik katta ofatlarni olib keladi. Alloh taolo Qur’ni karimda Ibrohim surasining 7 oyatida: “Yana Robbingiz e’lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslang: “Qasamki, agar (bergan) ne’matlarimga shukr qilsanglar, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordiyu noshukrlik qilsangizlar, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”, deb marhamat qilgan. Har bir kishi bugun yashashi uchun kechagi kunini unitmasligi kerak. Kecha kim edimu bugun kim bo‘ldim. Kechagidan ko‘ra bugun yaxshi yashayapman deb shukr qilishi lozim. Ana shunda inson Allohning roziligini topib, kundan kunga yaxshi hayot kechiradi. Kechasini unitgan inson tug‘ilgan yerini vatanini unitadi. Ota-onasini unitadi, yoru do‘stlarini unitadi. Ularni unitib yashashning o‘zi johillikka yetaklaydi. Yurtni chin yurakdan sevib, kelajakka intilib, jamiyatga kerakli inson bo‘lib yashaylik. Ana shunda ko‘zlagan maqsadimizga albatta erishamiz. Alloh taolo Baqara surasining 208- oyatida: “Ey imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kiring va shaytonning izidan ergashmang” deb marhamat qilgan. O‘zaro bir-birimizni hurmat qilib, ulug‘larimizning pandu nasihatlarini quloqqa olib, ahl bo‘lib yashasak, dunyo ahli hali ko‘p marotaba bizga qoyil qoladi.
Kiritilgan vaqti: 02/08/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 4516
Chop etilgan vaqti: 04/10/2024 16:18