Mustaqillik-Ajdodlar bilan avlodlar o‘rtasidagi ko‘prikni qayta tikladi
Jonajon Vatanimiz O‘zbekiston Respublikasi o‘zining davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgani va mustaqil taraqqiyot yo‘lini boshlaganiga 27 yil to‘ldi. Bu fursat oralig‘ida unitilgan va tortib olingan fazilatu-qadryatlarimiz tiklandi. Ajdodlar bilan avlodlar o‘rtasidan olib tashlangan ko‘prik qayta tiklandi. Alhamdu lillah bugun o‘zligimiz va o‘zbekligimiz o‘z o‘rniga qaytdi.
Mustaqillik yillarida ko‘hna tariximiz, boy merosimiz, milliy davlatchiligimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va an’analarimiz qayta tiklandi. Bugungi kunda mehr-oqibat, bag‘rikenglik hamjihatlik kabi olijanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi yuragimizning tub-tubidan o‘rin oldi.
“Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ham vatanni sevish, vatanparvar bo‘lish, undagi bor narsalarni ardoqlab, sog‘inib yashash insoniyat tabiatida mavjud bo‘lgan nozik his-tuyg‘u ifodasidir.
Buyuk alloma Alisher Navoiy hazratlarining quyidagi so‘zida ona-Vatanini sevuvchi sadoqatli har bir kishining qalbida g‘ayrat va shijoat uyg‘otadi:
Vatan tarkini bir nafas aylama,
Ani ranji – g‘urbat, havas aylama.
Donolar aytadilar: “Kishining vafodorligi va sadoqati uning o‘z Vatani uchun qayg‘urishidan, do‘stlarini sog‘inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga achinib, o‘kinib yashashidan bilinadi”.
Insonning o‘z xalqiga bo‘lgan sadoqati va fidoiyligi ona Vatanni himoya qilishi, taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam va qudratli bo‘lishi hamda xalqining tinch va farovon hayot kechirishiga imkon darajada hissa qo‘shishi bilan o‘lchanadi.
Darhaqiqat, istiqlol tufayli o‘zligimizni angladik, ozod xalq, mustaqil davlat sifatida O‘zbekistonning bor bo‘y-bastini, ulkan salohiyatini butun dunyoga namoyon qilish imkoni ochildi. Ozodlik bois bizni jahon tanidi, xalqimizning fidokorona mehnati, yoshlarimizning g‘ayrati, azmu shijoati ila vatanimizning shon-shuhrati olam uzra yanada kengroq yoyilmoqda. Hurriyat bergan beqiyos imkoniyatlar negizida ertangi kunimiz - erkin va farovon kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan bunyod etmoqdamiz.
Ma’lumki, oxirgi yillarda yurtimiz rahbari tomonidan barcha jabhalarda ko‘pdan ko‘p islohatlar amalga oshirilib kelinmoqda. Shular qatorida muqaddas islom dinimizga bo‘lgan e’tibor ham yuqori darajada. Zero, islom va din ahli ijtimoiy hayotimizda muhim o‘rin tutadi. Islom dini ota bobolarimizning muqaddas e’tiqodi, u tufayli xalqimiz ming yillar mobaynida ma’naviyati boy merosi va o‘zligini omon saqlab kelgan.
Ko‘p asrlar davomida sinovdan o‘tgan ulug‘ ajdodlarimiz bizga qoldirgan boy meroslari, milliy mafkura va qadriyatlarimizni fikrlash, uni zamonaviy umumbashariy ruh bilan boyitish hammamizning dolzarb vazifamizdir. Islom dini ta’limotiga ko‘ra ilm-ma’rifat ibodat bo‘lib, tarixda birinchi bo‘lib ilmni Islom dini ibodat darajasiga ko‘targan. Islom dini boshida hali arablardan hech kim ilmni nima ekanligini bilmasdan Muhammad (s.a.v)ga dastlabki vahiy “o‘qi” Robbingni ismi bilan o‘qi deb xitob qilinishi va Mujadala surasining o‘n birinchi oyatida “Alloh sizlarni iymon keltirganlaringizni va ilmlaringizni darajasini yuqori qiladi” degan. Boshqa bir qancha oyatlarda ilmlilarning sha’nini ulug‘lovchi so‘zlar keltirilgan va hadisi shariflarda ham ilmning qanchalik zarurligi haqida bayon qilinadi. Hadislardan birida: “Beshikdan to qabrgacha ilm izla” deyilgan.
Har bir xalq tarixda nimasi bilandir tanilgan ba’zi xalqlar qilichi bilan, ba’zilari bog‘lari bilan ba’zilari otlari bilan, har biri o‘ziga xos jihati bilan mashhur. O‘zbek xalqi tarixda ilm va olimlari bilan tanilgandir. Shu ma’noda jondan aziz farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga e’tibor qaratish, ularning maktablarda chuqur bilimga ega bo‘lishi, xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishni nazorat qilish har bir ota onaning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Zero Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek “ Zamona ilmidan bebahra millat o‘zgalar qo‘lida poymol bulur”. Mamlakatimizni ertangi kuniga daxldor ushbu masalaga barchamiz birdek mas’ul va javobgarmiz.
Kiritilgan vaqti: 30/08/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 3168
Chop etilgan vaqti: 02/12/2024 16:44