MOTURIDIYA TA'LIMOTI HAR BIR DAVR UCHUN MUHIM
Islom dinini xalqimiz nafaqat diniy ta'limot sifatida qabul qildi, balki uni yangi ilmiy, ma'rifiy pog‘onalarga ko‘tardi. Islomning ilmiy jihatdan yuksaltirishga beqiyos hissa qo‘shdi. Natijada, o‘rta asrlarda yashab ijod etgan movarounnahrlik faqih alloma va mutafakkirlardan katta hajmdagi noyob qo‘lyozma manbalar meros bo‘lib qoldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning joriy yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida ta'kidlaganidek, “...ma'rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishimiz kerak. Bu ma'naviy xazinani qancha ko‘p o‘rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va osoyishta hayotning qadrini anglab yetadi”.
Shu maqsadda, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, kuni kecha akademiyada Turkiyaning Muhammad Fotih Sulton universiteti o‘qituvchisi, moturidiyshunos olim, doktor Ahmad Sa'd Damanhuriy tomonidan to‘rt kun mobaynida “Mahorat darsi” tashkil etildi.
“Moturidiya ta'limoti va zamonaviy taraqqiyot” mavzusida o‘tkazilgan mahorat darslarida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston Musulmonlar idorasi mutaxassislari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti professor-o‘qituvchilari, tayanch doktorantlari va magistlari hamda boshqa tegishli tashkilotlar mutasaddi xodimlari ishtirok etganligi mavzuning bugungi kundagi nechog‘li muhim ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi.
Keyingi yillarda yurtimizda muqaddas islom dini rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar hayoti va faoliyati, ularning ma'naviy merosini o‘rganishga qaratilgan alohida e'tibor tufayli Imom Moturidiy va uning moturidiya ta'limoti ham keng tadqiq etilmoqda.
Bugun global dunyoda islom dinini to‘g‘ri anglash va talqin qilish masalasi muhim ahamiyatga ega. Bu borada moturidiya ta'limotining o‘rni beqiyosligi, ilmiy-ma'naviy boy merosi davlat va jamiyat taraqqiyoti, insoniylik tamoiyllariga asoslangani qator xorijiy va mahalliy olimlar tomonidan ham e'tirof etilayotgani ahamiyatli, albatta.
Buning yaqqol misolini Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta'limoti: o‘tmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga dunyoning 70 ga yaqin davlatidan ko‘zga ko‘ringan ulammolari, yetakchi oliy ta'lim muassasalari olimlari ishtirok etganida va ular tomonidan Imom Moturidiy ma'naviy merosini o‘rganish borasidagi tadqiqotlar, allomaning dunyo taraqqiyoti, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik hamda tinchlikni ta'minlash xususida bildirgan fikr-mulohazlari dunyo olimlari tomonidan e'tirof etilganida yana bir bor o‘z isbotini topdi.
Moturidiyshunos olim Ahmad Sa'd Damanhuriy tomonidan tashkil etilgan mahorat darslari ham xalqaro anjumanning mantiqiy davomi bo‘ldi. Olim to‘rt kun davomida akademiya professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun “Imom Moturidiy va moturidiylik ta'limoti”, “Bag‘rikenglik va kengfikrlilik madaniyati. Mutaassiblik va terrorizmga qarshi kurashda moturidiylik ta'limotining ahamiyati”, “Imon va e'tiqod masalasi. Takfirchilikning oldini olishda moturidiy ta'limotining o‘rni” va “Kalom ilmi. Ilmiy taraqqiyot va ma'rifat modelining moturidiylik bo‘yicha talqini” kabi mavzularda dars mashg‘ulotlari olib bordi.
Moturidiyshunos olimning mahorat darslarida bir nechta muhim bo‘lgan masalalarni ko‘rish mumkin. Masalan, alloma Bayoziy “Isharatul marom” asarida: “Imom Moturidiy Abu Hanifaning aqidalarini taxqiq qilgan va uni dalillar bilan boyitib isbot qilgan”, deb keltirilgan. Zohid Kavsariy Moturidiy haqida: “Moturidiy xizmati Imom Abu Hanifaning e'tiqodga oid masalalari aqliy va naqliy dalillar bilan isbot qilish bo‘lgan; yangilik paydo qilish, ixtiro kiritish bo‘lmagan”, deya aytib o‘tgan.
Biz Moturidiyning ta'limoti bilan Abu Hanifaning ta'limotini bir-biriga solishtirib ko‘rsak, to‘la-to‘kis muvofiqlikni ko‘ramiz. Abu Hanifaning asliy va far'iy masalalardagi yo‘li Moturidiyning ta'limotiga asosiy manba va masdar bo‘lgani tafsir kitobida ko‘p uchraydi. “Ta'vilotul ahli sunna” tafsirida shofe'iylar bilan far'iy (fiqxiy) masalalarda ko‘p baxs qiladi. Chunki, bu asar hanafiylar yo‘lini ustunligini isbotlash uchun yozilgandir.
Bundan tashqari, Ahmad Sa'd Damanhuriy allomaning ta'limoti eng omonatdor va adolatli ta'limot ekanini dalillar bilan keltirdi va buni birinchi haqiqat dedi. Ikkinchi haqiqat, Abu Hanifa aqida ilmi bilan shug‘ullangani va bu ilmda ham peshqadamligi, ustunligini barcha ulamolar e'tirof etganligi uchinchi haqiqat, Abu Hanifa va Moturidiyning ta'limoti yaxlit bir ekani, farq va tafovut uchramasligi, hanafiy mazhabi ulamolari mo‘tazila oqimiga aralashmagani, hanafiylar ichidan mo‘tazilalar chiqmaganini to‘rtinchi va Imom Moturidiyning ilm sanadi
Abu Hanifaga bevosita bog‘lanishi, o‘rtada uzulish bo‘lmagani ayni beshinchi haqiqatga mos ekanini, oltinchi haqiqat, Moturidiyning ta'limotiga ergashish eng sahih va to‘g‘ri yo‘l ekanligiga barcha ulamolar ijmo' qilgan. Ijmo' - islom dinida mo‘tabar ish bo‘lib, uni inkor qilib bo‘lmaydi. Aynan olim yuqoridagi oltita haqiqatni keltirib, dars davomida ishtirokchilarga turli manbalarda keltirilgan misollar orqali tushuntirib o‘tdi.
Shuningdek, Ahmad Sa'd Damanhuriy Salafi solihlar davrida aqida masalalari borasida ulamolar 2 guruhga bo‘linganligiga alohida izoh berdi. “Birinchi, guruh aqida borasida oyat va hadis, sahobalar so‘zidan tashqari chiqilmasdi. Bu guruhning rahbari Ahmad ibn Hanbal edi. Ikkinchi, guruh vakillari esa oyat va hadisga tayanish hamda shu bilan birga zarurat bo‘lganda yoki noto‘g‘ri oqimlar bilan munozarada aqliy va mantiqiy uslubni ham qo‘llardi. Davr taqozosi bilan aksar ulamolar ikkinchi guruh yo‘lini tutdilar. Moturidiyning yo‘llari ham shu yo‘ldir” – deydi olim.
Doktor Damanhuriy bilan savol-javoblar qismida ham ayrim masalalarga oydinlik kiritildi. Xususan, salafiylarga biror-bir tarixiy voqea to‘g‘ri kelmasa, yolg‘ondan hech tap tortmasliklarini hozirgi kundagi soxta salafiylar shayxi Usmon Xomis misolida ko‘rish mumkinligi aytildi.
Soxta salafiylar Imom Moturidiy va Ash'ariy haqlarida tarixiy vokelikka to‘g‘ri kelmaydigan uydirma ma'lumotlar keltirishadi. Shuningdek, qadimgi ulamolar asarlariga ham o‘zlari tarafidan o‘zgartirish kiritish, ba'zi joylarni olib tashlash soxta salafiylarning odati bo‘lib qolgani qator misollar orqali izohlandi.
Moturidiyshunos olim bag‘rikenglik masalasiga ham alohida to‘htalib o‘tdi. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) Vizantiya imperatoriga maktub yo‘llaganida “Rumning ulug‘i.....” so‘zi bilan murojaat qilganlari bag‘rikenglik namunasining o‘ziga xos ko‘rinishi, deb yuksak baholadi.
Moturidiyning “Ta'viloti ahli sunna” asarida turli oqimlarga raddiya berilgan. Eng avvalo, o‘sha davrda keng tarqalgan mulhidlar ya'ni dinsizlarga kuchli raddiya berilgan. Bashariyat tarixida xudosiz ta'limoti milodiy IX asrlarga to‘g‘ri keladi. Shu bilan takfirchilikning zararlari gapirildi. Imom Moturidiy oyatlar tafsirida Yaratganning borligi va birligiga ko‘p aqliy dalillar keltiradi. Yana bu tafsirning xususiyati shuki, payg‘ambarlikka ishonmaydigan toifalarga ham mantiqiy dalillar keltirilib, ularning da'volari puch ekani isbot qilinadi.
Imom Moturidiy tafsirida barohima oqimiga munosabat bildirilgan. “Ta'viloti ahli sunna” asari muallif davri uchun ko‘zgu. Chunki o‘sha davrdagi so‘fiylar va ahli hadislar, shuningdek, mo‘ta'zila, botiniylar, yahud va nasroniylar, mulhid va zindiqlar, barohimalar haqida to‘xtalgan. Muallif bu firqalarning so‘zlarini, iddaolarini keltirib, so‘ng ularga raddiya beradi. Moturidiy ta'limoti asosida hukm olib borgan tarixdagi Islom davlatlarida boshqa din vakillari, zimmiylarga samimiy munosabatda bo‘lgani tarixdan ma'lum.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Moturidiy hikmatlarida sog‘lom e'tiqod, teran fikr, to‘g‘ri talqin islom ta'limotini tushunishda katta omil sanaladi. Zero, dinning vazifasi to‘g‘ri yo‘lga muloyimlik va nasihat ila chaqirish, qoqilganni o‘rnidan turishiga ko‘maklashishdir.
Umuman olganda, bunday xalqaro miqyosida e'tirof etilayotgan olimlar tomonidan o‘tkazilayotgan mahorat darslarida ishtirok etish, tinglovchilarga muayyan bilim, ma'lumotlar bazasi hamda keng dunyoqarashni shakllanishida bevosita xizmat qiladi.
Allomalarimizning hayotiga doir yana boshqa ma'lumotlarni aniqlash va ularning o‘sha davrda Movarounnahrda ro‘y bergan siyosiy-ijtimoiy hayotga ko‘rsatgan ta'sirini, asarlarining bugungi kun nuqtai nazaridan ahamiyatli jihatlarini tadqiq etish foydadan holi bo‘lmaydi.
Boburmirzo BOTIROV, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti,
Kiritilgan vaqti: 14/03/2020 18:00; Ko‘rilganligi: 1999
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 04:32