O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Missionerlik harakati jamiyat birdamligiga tahdid

 
 

Insonni yaratib va unga o‘zini yakkayu-yagona iloh deb tanitgan zotga cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin. Alloh taologa hech bir narsani sherik keltirmasdan, doimo mustahkam e’tiqodda bo‘lishga da’vat etgan barcha payg‘ambarlarga, xususan Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi va sallamga beadad salovat va salomlar bo‘lsin.

Alloh taolo inson zotini yaratib uning e’tiqodini, yaratuvchi yolg‘iz o‘zi, yagona va hech bir narsaga muhtoj emasligi bilan shakllantirdi. Shuni ta’kidlash lozimki ushbu e’tiqod Odam alayhissalomdan to Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi va sallamgacha o‘tib kelib, bugungi kunda ham ko‘p xalqlar orasida mustahkam e’tiqod bo‘lib saqlanib kelmoqda. Va bu esa Alloh taolo rozi bo‘lgan dinning asosidir. Ana shu dinnig asosi bo‘lmish ushbu e’tiqod tarixdan jamiyat rivojiga har taraflama kuchli ta’sir etib, asosan insonlarni birlashtirib, bir-biri bilan mehr-oqibatda va tinch-totuv, barqaror hayot kechirishlariga xizmat qilib kelmoqda.

Tarixdan yana shuni anglash mumkinki insonlarni sof e’tiqodlaridan voz kechtirib, o‘zlarining botil e’tiqodlarini to‘g‘ri deb e’lon qilib, buning natijasida jamiyatda beqarorlikni yuzaga keltirgan, oqibatda inson zotining qoni nohaq to‘kilib, qisman bo‘lsada o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga erishgan guruhlar ham bo‘lgan. Afsuski hozirgi davrimizda ham ana shunday botil e’tiqodlarni to‘g‘ri deb talqin qilib, aslida uning zamirida boshqa maqsadlarni berkitgan guruhlardan biri “missionerlik” faoliyati ham davom etib kelmoqda.

Missionerlar haqida so‘z ketar ekan avvalo missio nima? va missionerlar kimlar? va ularning faoliyati to‘g‘risida qisman to‘xtalishga to‘g‘ri keladi.

Ushbu “missio” so‘zi lotin felidan olingan bo‘lib, “yuborish”, “vazifa topshirish” “missioner” esa “vazifani bajaruvchi” ma’nolarini anglatadi. Boshqa manbalarda missionerlikga ko‘plab tariflar berilgan bo‘lib, masalan “Jahon kitobi” ensiklopediyasida “missioner biror diniy guruh tomonidan boshqalarni o‘z diniga targ‘ib qilish va kiritish uchun yuborilgan kishi” deb ta’rif berilgan.

Missionerlikning kelib chiqishiga nazar soladigan bo‘lsak, aslida tarixdan ma’lumki Iso alayhissalom o‘z davrlarida xalqni yakka xudolikga, ya’ni sof e’tiqodga da’vat etgan bo‘lsalar, u kishidan keyingi davrlarda xristian dini vujudga kela boshladi.

Dastlab xristian ta’limoti faqat yahudiylargagina taalluqli degan yondashuv bilan yahudiylar orasida targ‘ibot ishlari olib borilgan. Keyinchalik xristian da’vatchilari Rim imperiyasiga tashrif buyuradilar. Rim xalqi bularga salbiy munosabat bildirishlariga qaramay imperiyaning markaziy hududlariga va poytaxtiga ko‘chib kelaverishgan. Ularning da’vatlari natijasida IV-asrga kelib xristian dini Rim imperiyasida davlat diniga aylandi. Bunday “da’vatchilik” ishlarini olib borish, o‘z ta’limotlarini tarqatishga harakat qilish tabiiy bir hol edi.

Vaqt o‘tishi bilan dastlabki “da’vatchilik”dan farqli ravishda jamiyatni diniy asosda parchalab yuborishga qaratilgan, asl e’tiqodni yanada buzib talqin qilib, buzg‘inchilik va bosqinchilik g‘oyalarini o‘z ichiga olgan “missionerlik” harakati yuzaga keldi. Dastlab missionerlikning zamonaviy ko‘rinishlari Rim qo‘shinlari bilan birga yurib, bosib olingan hududlar xalqlari orasida xristianlikni targ‘ib qilishlik bilan namoyon bo‘ldi. 400-500-yillarda missionerlik harakati natijasida Afrikada ham xristianlik mustahkam o‘rnashib oldi. Bu faoliyat kengayib hatto Arabiston yarim orolining janubini bosib olib, arablarni ham o‘z ta’sirlari ostiga olishmoqchi bo‘lishgan.

Bunday harakatlar kundan-kunga kuchayib, ba’zi davlatlar va ularning xalqlari boshiga kulfatlar keltira boshladi. Bunga misol “Salb yurishlari” nomini olgan urushlardan biri XI-XIV-asrlarda Rim Papasi boshchiligida “Quddus” shahrini ozod qilish bahonasida, aslida bosqinchilik bilan boylik orttirish bo‘lib, shu bilan birga uning zamirida “missionerlik” maqsadlari ko‘zlangan edi. Bu yashirin g‘oya urushlardagi harakatlarida fosh bo‘ldi. Quddusni egallab olishgandan keyin, shahardagi masjidlarga o‘t qo‘ydilar va nasroniylikni qabul qilmagan kishilarni qilichdan o‘tkazdilar. Bunday misollarni tarixdan juda ko‘p keltirish mumkin.

Hozirga davrda ham xristianlikga mansub missionerlik, protestantlikga mansub missionerlik, yettinchi kun adventislariga mansub missionerlik va iyegovo shohidlariga mansub missionerlar yer yuzida o‘z faoliyatlarini olib bormoqdalar. Aslida bularning barchasini e’tiqodi bir-biriga zid va qarama-qarshi bo‘lib, har birining o‘z rahbar va tashkilotlari mavjuddir. Targ‘ibot ishlari uchun mablag‘lar sarflanib, o‘zlarining gazeta va jurnallarini chiqaradilar. Aholi orasida targ‘ibot uchun ko‘proq ayollardan, bemorlarga dori-darmonlar tarqatish hamda moddiy yordam ko‘rsatish yo‘li bilan foydalanadilar. Bunday targ‘ibot din va uning mazmun mohiyati, inson va jamiyat hayotidagi muhim o‘rni haqida kerakli ma’lumotga ega bo‘lmagan, sof e’tiqodni bilmagan imoni sust kishilarni fikrini o‘zgartirish hamda ularga bir dinni yomonlab, boshqasini yaxshi deb talqin qilish doimo oson kechgan. Shuning uchun targ‘ibotda shu jihatdan kengroq foydalanishadi. Targ‘ibotda ohistalik bilan harakat qilsalarda oxir oqibatda harakatlari islom dinini niqob qilgan aqidaparastlarning mudhish harakatlaridan hech ham farqi yo‘qdir. Bunga yuqorida qayd etilgan “salbchilar” voqeasi misol bo‘la oladi.

Har bir insonning e’tiqodi avvalo o‘zi uchundir. Uning to‘g‘ri e’tiqodda bo‘lishligi o‘zi va jamiyat uchun foyda keltiradi, noto‘g‘ri e’tiqodda bo‘lishligi o‘ziga ham jamiyatga ham katta zarar keltiradi.

Yana insonni teran fikrlashga undaydigan holat shuki, Vatanimiz O‘zbekistonda 90 foizdan ortiq fuqarolarimiz Islom diniga e’tiqod qilsa va mustaqillikdan buyon turli din vakillari hamda 130 dan ziyod millatlar bilan “O‘zbekiston umumiy uyimiz” shiori ostida tinchlik va barqarorlikda baxtiyor hayot kechirayotgan bir vaqtda ayrim kimsalarning “missionerlik” harakatidan maqsadi nima? Darhaqiqat, bunday harakatlarning maqsadini har qanday jamiyat ogoh bo‘lishligi uchun tarix o‘zi so‘ylaydi. Shuning uchun ham bejiz aytilmaganki “tarixsiz kelajak yo‘q” deb.

Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki yurtimizda din va azaliy qadriyatlar hamda turli millatlarni qadriga yetilib, tinchlik va barqarorlikda ular bilan hayot kechirishligimiz, avvalo Alloh taoloning yurtimizga tushgan muborak nazaridir hamda ishlab chiqilgan qonun-qoidalar o‘ta muhim va to‘g‘ri bo‘lib, shu bois xalqimiz tinch va ravon yo‘lda ekanligiga dalolat qiladi. Shunday ekan bu yurtda hech qanday missionerlik hamda aqidaparastlikka hojat ham o‘rin ham yo‘qdir. Demak har birimiz sof e’tiqodda bo‘lib, Alloh taoloning ulug‘ ne’mati tinchlik va farovonlik hamda taraqqiyot yo‘lida doimo xizmat qilishimiz zarurdir. Bu borada ham yaratganning o‘zidan yordam so‘ragan holda hech kimni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasligini hamda to‘g‘ri yo‘ldan adashganlarga hidoyat ato etishini so‘raymiz.


Kiritilgan vaqti: 06/02/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 3444
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/missionerlik-harakati-jamiyat-birdamligiga-tahdid
Chop etilgan vaqti: 25/06/2021 17:32
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing