MISSIONERLAR TA’SIRIDAN OGOH BO‘LING!
Missionerlik haqida so‘z borar ekan, avvalo ushbu tushunchaning lug‘aviy va istilohiy ma’nolarini tushunib olish muhim ahamiyatga ega.
Ushbu so‘z lotin tilida “missio” fe’lidan olingan bo‘lib, “yuborish”, “vazifa topshirish” degani, “missioner” so‘zi “vazifani bajaruvchi” degan ma’noni anglatadi. “Missionerlik” esa belgilangan vazifalarni hal qilishga qaratilgan nazariy va amaliy faoliyat majmuini bildiradi. Turli lug‘atlar va manbalarda missionerlikka ko‘plab ta’riflar berilgan. Ularning deyarli barchasida missionerlikka xos xususiyatlar tavsiflanishi barobarida, bu so‘z asosan xristian dini bilan bog‘lanadi. E’tiqod erkinligi boshqalarni o‘z diniga aldov yoki zo‘rlash yo‘li bilan kiritish huquqini bermaydi. O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga muvofiq, “Bir diniy konfesciyadagi dindorlarni boshqasiga kiritishga qaratilgan hatti-harakatlar (prozelitizm), shuningdek, boshqa har qanday missionerlik faoliyati man etiladi. Ushbu qonunning buzulishiga sababchi bo‘lgan shaxslar qonun xujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar”.
Missionerlarning asosiy maqsadlari o‘z aqidalarining turli usullar bilan aholiga singdirish va o‘ziga muti’ qilib olish, oxir-oqibatda e’tiqodiy bo‘ysindirishni siyosiy bo‘ysindirishga aylantirishdan iboratdir. Missionerlar xarakati natijasida bir qancha davlatlar ikkiga bo‘linib ketishi kuzatilgan. Xristianlik doirasida vujudga kelgan turli oqimlar o‘zlarining xushmuomalaligi, yorqin va ta’sirchan va’zlari bilan islomiy aqidasi sust odamlarni tezda chalg‘itadilar. Shuningdek, o‘z jamoasiga yoshlarni jalb qilishga intilib, quyidagi usullardan keng foydalanishadi:
- Yoshlarga ingliz, koriyes tillarini o‘rgatish, kompyutrda ishlashni o‘rgatish bahonasida bepul o‘qish kurslari ochish va mazkur joylarda o‘z diniga targ‘ib qilish, xorijga o‘qishga, ishga yoki chet el fuqarosi bilan oila qurish uchun jo‘natish bahonasidan foydalanish;
- O‘smirlarni yoz faslida cherkov qoshidagi dam olish lagerlariga bepul jalb qilish va shu yerda ta’sir o‘tkazish;
- Nodavlat tijorat tashkilotlar sifatida soxta insonparvar yordam (pul, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari tarqatish) ko‘rsatish davomida missionerlik harakatlarini olib borish;
- Mahalliy tilda missionerlikka yo‘naltirilgan gazeta-jurnallarni nashr etish va aholi ichida bepul tarqitish;
- Bepul tibbiy yordam markazlarida bemorlar ichida targ‘ibot o‘tkazish va hokazo.
“Iyegova guvohlari”, Yevangel xristian-baptislar kabi cherkov ahillarining aqidasida davlat ramzlarini hurmat qilish, Konstitusion burchni bajargan holda harbiy xizmatni o‘tash, jamoat ishlarida qatnashish taqiqlanadi. Yoki, zarur bo‘lganda bir odamning qonini boshqa odamga quyish man etiladi. Ko‘rinib turibdiki, yuqoridagi kabi xalqimiz uchun noananaviy bo‘lgan diniy jamoa va sekta vakillarining maqsadi jamiyatimiz a’zolarini fuqarolik faolligini so‘ndirish va qaram qilib olish ekanidan yaqqol dalolat beradi. Bundan tashqari, “Iyegova guvohlari” cherkovi a’zolari faqat ushbu jamoaga a’zo bo‘lgan shaxs bilan oila qurishi lozimligi, jamoadan tashqaridan kelayotgan barcha ma’lumotlarni yolg‘on va zararli deb bilish lozimligi belgilab qo‘yilgan.
Missionerlik va prozilitizm xalqimizning asriy qadriyatlariga zid ijtimoiy hodisa bo‘lib, oxir-oqibat diniy asosdagi nizolarga olib kelishi mumkin. Mamlakatmizning tub aholisi qariyb o‘n besh asrdan buyon Islom diniga e’tiqod qilib, Islom dini qadriyatlari xalqimizning tarixiy-milliy qadriyatlari bilan chambarchas birlashib ketgan.
Xalqimiz boy madaniy-ma’rifiy, milliy-diniy tarixga ega bo‘lib hech qanday noananaviy diniy aqida va tamoyillarga muhtoj emas. Dindoshlarimizga muqaddas Islom dini va uning tarkibidagi Imom A’zam (Hanafiy) mazhabi ta’limotlariga sodiq qolishlarini tilaymiz.
Kiritilgan vaqti: 14/04/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 3636
Chop etilgan vaqti: 13/10/2024 06:06