Ming oydan afzal kecha
Allohga shukrki, rahmat va mag‘firatli oy bo‘lmish, fazilatli Ramazon oyini tinch, hotirjam va osoyishtalikda o‘tkazmoqdamiz. Xar bir mo‘min banda bu oyni darajoti, barakoti va fayzidan katta umidlar qilib, ibodat va ezgu amallarga oshiqadilar.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib: “Kimda kim Ramazon oyida biror bir nafl amalni bajarsa, u boshqa oyda farz amalni ado qilgan bilan teng bo‘ladi. Kimda kim bu oyda bir farz amalni bajarsa, boshqa oydagi yetmishta farz amalni ado qilgan bilan teng bo‘ladi”, deganlar. Ha azizlar, bu oy ibodatlarda, ezgu amallarda bir-birimiz bilan musaboqalashadigan va shuni evaziga amal sandiqlarimizni savoblarga limmo – lim to‘ldiradigan betakror oydir.
Mo‘minlarga rahmat va hidoyat bo‘lgan, ilohi kalom, Quroni karim ham aynan Ramazon oyida nozil bo‘lganligi, bu oyni fayziga fayz qo‘shadi. Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Albatta, biz uni muborak kechada nozil qildik. Albatta biz ogohlantirguvchi bo‘ldik», deb marhamat qiladi. Ushbu oyatda zikr qilinayotgan, “Qur’on nozil qilingan kecha” muborak Ramazon oyining kechalaridan biri bo‘lmish “Laylatul qadr”dir. Bu kecha, dunyo tarixidagi eng muborak kechadir. Mufassirlarimiz “qadr” so‘ziga ikki xil ma’no berishadi. Birinchisi qadr, ya’ni qadri ulug‘, ikkinchisi qadar, ya’ni Laylatul Kadr kechasi bandalarning bir yillik qadarlari – taqdirlari belgilanadigan kechadir.
Alloh taolo “qadr” surasida: «Laylatul qadr ming oydan yaxshiroqdir» deb marhamat qiladi. Bu kechada qilingan ibodatlarning fazli ming oylik ibodatlardan afzaldir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Laylatul qadrda imon ila savob umidida qoim bo‘lsa, uning oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi” deb marhamat qildilar, deyilgan.
Darhaqiqat, inson xatodan, gunohdan xoli emas. Ba’zida insonlarga qo‘limiz bilan, ba’zida tilimiz bilan gohida bilib-bilmay ozor beramiz. Bu hadisi sharif Ramazon oyini g‘animat bilgan, ayniqsa, Laylatul qadr kechalarini katta niyat va umidlar bilan Alloh taologa ibodat qilib, duo qilib va istig‘for aytib tunni bedor o‘tqazgan mo‘minlar uchun ulug‘ hushxabar va bashoratdir. Laylatul qadr kechasi Ramazonning qaysi kuniga to‘g‘ri kelish haqida Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko‘plab hadislar rivoyat qilingan. Jumladan, Oisha onamiz roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligining toq kunlaridan axtaringlar”, deb marhamat qildilar.
Qadr kechasida Alloh taoloning amri bilan farishtalar osmondan yerga tushishadi, tong otguncha insonlarni duo qilishadi va duo qilganlarga qo‘shilib «omin» deb turishadi. Azizlar bu kechaning har bir soniyasi g‘animatli, qo‘ldan boy bermaydigan, zaxiramizni limmo – lim ajru-savob bilan to‘ldiradigan kechadir. Albatta, Laylatul qadr kechasini Qur’on tilovati, duo va istig‘for bilan ibodat qilib tunni bedor o‘tkazishimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofik bo‘ladi, inshaalloh.
Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Men «Ey Allohning rasuli Qadr kechasi qaysi kunligini bilsam, nima deb aytay?» desam, u zot: «Ey Robbim, sen avf qilguvchisan va avf qilishni yaxshi ko‘rasan, meni avf et», deb ayting dedilar. Alloh ta’olo barchalarimizga ushbu kechani muborak aylasin, uni komil ibodatlar, mustahkam taqvo va chin ixlos bilan qarshilash, uni oyat va xadislarda ko‘rsatilganidek o‘tqazish nasib etsin.
Kiritilgan vaqti: 07/06/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 2163
Chop etilgan vaqti: 03/12/2024 00:15