O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Mehnatning tagi rohat

 
 

Ma’lumki, inson hayoti hamma vaqt jamiyat bilan uzviy bog‘langan holda kechadi, inson undan ajralib yashashi mumkin emas. Inson o‘z hayoti uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat, kiyim-bosh, turar-joy ta’minotini qadim-qadimdan yo‘lga qo‘yib kelgan. Shular jumlasiga tijorat, ziroat, chorvachilik, turli foydali kasb-hunar va tadbirkorlik ham kiradi. Dinimiz ta’limoti yalqovlik, boqimandalik kabi zararli illatlarni qat’iy qoralab, insonlarni halol rizq topish yo‘lida sa’y-harakat qilish va chin-ixlos bilan mehnat qilib hayot kechirishga chorlaydi. Ajdodlarimizdan qolgan pandu-nasihat va o‘gitlarda barchani halol mehnat qilish, topilgan rizq-ro‘zni ko‘pchilik bilan birga baham ko‘rish, Alloh bergan hayot va ne’matlariga doim shukr aytish kabi solih amallarga chaqirilgan. Misol uchun “Mehnatning tagi rohat”, “Qo‘li ochiqning yo‘li ochiq”, “Shukri ko‘pning rizqi ko‘p” kabi ko‘plab purma’no hikmatlarni zikr etishimiz mumkin.

Inson hayotida halol pok yurishi, Alloh taqdir qilgan hayotga rozi bo‘lishi uchun biror kasbni ushlashi lozim. Agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak hamma payg‘ambarlar ham biror kasb egalari bo‘lganlar. Odam alayhissalom dehqon, Idris alayhissalom garchi o‘zlari hakim zot bo‘lsalarda tikuvchilik bilan shug‘ullanganlar. Shu bilan birga birinchi kiyim tikkan va birinchi tikilgan narsani kiygan kishi bo‘lganlar. Payg‘ambar alayhissalom tijorat bilan shug‘ullanganlar.

Biz ummati Muhammadga lozim bo‘ladigan narsalarning eng afzali hayot chog‘imizda doim halol pok rizq qidirishimiz lozim. Alloh Taolo bandariga mehribon va rahmli Zotdir unga nima yaxshiyu nima yomon ekanini O‘zi yaxshi biladi. Shuning uchun bizning rizqimizni, hayotimizni o‘z zimmasiga olgan zotdan rozi bo‘lib yashamog‘imiz lozimdir.

Ma’lumki, har qanday kasbni puxta egallash, o‘z kasbining mohir ustasi bo‘lish uchun ana shu kasbga taalluqli ilmni mukammal o‘zlashtirmoq kerak. Kasbiga muhabbatli inson o‘z mehnatidan charchamaydi, balki rohatlanadi. Kasbi tufayli atrofdagilarga yordami tegsa, inson o‘zini baxtli hisoblaydi. Shuning barobarida Alloh taolo tomonidan ulug‘ ajru hasanotlar yuborilishiga munosib ekanini his qilish bilan ruhiyati yengil tortadi, imoni quvvat oladi.

Imomi Tabaroniy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (s.a.v) “Gunohlar ichida shundaylari borki, unga faqat halol rizq topish maqsadida qilingan tashvishgina kafforat bo‘ladi”, deb marhamat qilganlar. Darhaqiqat, inson halol mehnati bilan ulug‘ savoblar va’da qilingan darajalarga erishishi bilan bir qatorda yo‘l qo‘ygan xato va gunohlari kechirilishiga ham muyassar bo‘ladi.

Xalqimizda farzandlarni yoshligidan biror hunarga o‘rgatish maqsadida ustozga shogird berishdek juda yaxshi an’ana bor. Bu odat boshqa xalqlarda uchramaydi desak, mubolag‘a bo‘lmas. Istiqlol sharofati bilan bugun ona zaminimizda sertarovat, jahon andozalariga to‘la mos keladigan yuzlab kasb-hunar kollejlari bunyod etildi. O‘sib kelayotgan yosh avlod bugunning eng ilg‘or texnika va texnalogiyalarini mukammal egallashini ta’minlash maqsadida ushbu ta’lim muassasalari yuqori sifatli anjomlar bilan jihozlanib, talabalarga taqdim etildi. Bu yoshlarga bo‘lgan e’tibor va ishonch timsolidir. Zero, o‘zida ilmu fanning qaysi sohasiga bo‘lsa ham qiziqish uyg‘otib, o‘qib, o‘rganib, ma’lumot hosil qilgan har qanday inson, albatta ma’lum miqdorda odamiylik xususiyatlariga ham ega bo‘ladi. Ushbu imkoniyatlardan foydalanib, foydali kasbni egallagan o‘smir kelajakda boqimandalik, boshqalarga qaram bo‘lish, firibgarlik, tilamchilik va nopok yo‘llar bilan jinoyat sodir etib yengil yelpi pul topish kabi illatlardan omonda bo‘ladi. Ming afsuslar bo‘lsinki, aniq bir foydali kasb-hunari bo‘lmagan shaxslarning aksariyati chet mamlakatlarga borib qullikka rozi bo‘layotganliklari, shulardan ba’zilari ekstremistik, terroristik tashkilotlarga a’zo bo‘layotgani achinarli holdir. Ana shunday boqimandalarning yana bir toifalari esa o‘z erkaklik vazifalarini unitib turmush o‘rtog‘ini ayollarga xos bo‘lmagan joylarga ishga yuborib, oilaning ta’minotini ayollar zimmasiga yuklagan holda o‘zlari bekorchilik asnosida hayot kechirmoqdalar.

Makhul (r.a) Payg‘ambarimizning (s.a.v): “G‘iybatchi, maddoh, ta’na qiluvchi yoki o‘likka o‘xshab yuruvchi kishilar bo‘lishdan saqlaninglar”, degan hadislaridagi “o‘likka o‘xshab yuruvchilar”ni kasb bilan shug‘ullanmaydigan kishilar, deb izohlagan.

Ibn Umar (r.a) Payg‘ambarimizdan (s.a.v) rivoyat qiladi. U zot (s.a.v) aytdilar: “Alloh taolo har bir kasbi bo‘lgan kishini yaxshi ko‘radi, o‘zi sog‘-salomat bo‘lib, yo oxiratining ishi bilan, yo dunyo ishi bilan shug‘ullanmaydigan kishini yomon ko‘radi”.

Ja’far ibn Muhammad otalaridan rivoyat qiladi: Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bozorga chiqib, oila ahllari uchun kerakli narsalarni sotib oldilar. Bu qilgan ishlarining sababini so‘rashganida: “Menga Jabroil (a.s.), odamlarning qo‘liga qarab qolmasligi uchun ahli oilasi yo‘lida harakat qilgan kishining Alloh yo‘lida ekani xabarini berdi”, deb javob qildilar.

Yuqoridagilardan kelib chiqib shu xulosaga kelishimiz mumkinki, demak har birimiz kasbimizga muhabbat bilan yondashgan holda farzandlarimiz va atrofdagilarimizni ham halol mehnat oraqali rizqimizni topishga undashimiz lozim bo‘ladi. Ushbu sa’y-harakatimiz orqali jamiyatimzdagi muhit yanada sog‘lomlashishida o‘z savobli hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz.


Kiritilgan vaqti: 03/02/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 43398
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/mehnatning-tagi-rohat
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 02:16
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing