O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Mavlono Fazlulloh Abulaysiy as Samarqandiy

 
 

Fazlulloh Abulaysiy buyuk Faqeh Abulays avlodidan bulib, temuriylar davrida Samarqandda faoliyat olib borgan mashhur alloma. U o‘sha davrning eng yirik olimlari Sa’duddin Taftazoniy, Sayid Sharif Jurjoniy, Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi bilan birga madrasalarda dars bergan va ilmiy tadqiqotlar olib borgan.

Manbalarda qayd etilishicha, Samarqanddagi hozirgi Faqeh Abulays masjidi hududida u zotning xonoqoh-madrasasi bo‘lgan. Buyuk adib va davlat arbobi Alisher Navoiy 1465-1469 yillarda shu yerda yashab, mavlono Fazlulloh Abulaysiydan tafsir, hadis, fiqh arab tili va sheriyatdan dars olgan. Navoiyning o‘zi “Majolis in-nafois”da, Xondamir va Mirxond asarlarida ushbu malumotlarni keltirgan.Ustoz va shogird o‘rtasida juda yaqin munosabat bo‘lgan. Keyinchalik Navoiy ustoz meni farzandim der edilar, deb faxr bilan eslaydi.

Fazlulloh Abulaysiy mashhur olim Sayid Jurjoniyning shogirdlaridir. Navoiyning xabar berishicha, Jurjoniy ul zotga dars berish uchun ijozatnoma yozib bergan. Akademik Botirxon Valixo‘jayevning tadqiqotlarida keltirilishicha, Mavlona Fazlulloh Abulaysiy Ulug‘bek Mirzoning yaqin kishilaridan bo‘lgan. 1422 yilda u otasi Shohruh Mirzoni Iroq ustidan qilgan g‘alabasi bilan tabriklash uchun Hirotga Fazlulloh Abulaysiy bilan borgan. Shuningdek 1410-yilda Ulug‘bek Mirzo Samarqanddan chiqishga majbur bo‘lganda Fazlulloh Abulaysiy boshchiligida Samarqand ulug‘lari unga sadoqat ko‘rsatib, dushmanlarga shahar darvozalarini ochishmaydi.

Alisher Navoiy Fazlulloh Abulaysiyni Samarqandning eng katta olimi edi, deb yozadi. Xondamir esa Mavlono Fazlulloh Abulaysiy zo‘r olimligi va donishmandligi sababli ikkinchi Sino laqabini olgan edi, deydi. Ikki alloma ham ustozining islom huquqshunosligi va arab girammatikasida mohir va tengsiz ekanligini ta’kidlashadi. Fazlulloh Abulaysiydan fors-tojik adabiyotining buyuk namoyondasi Abdurahmon Jomiy, mashhur adib Davlatshoh Samarqandiy, tasavvuf peshvolari Sa’duddin Qoshg‘ariy va Xo‘ja Ahror Valiylar dars olishgan.

Fazlulloh Abulaysiydan boshqa mashhur Abulaysiylar haqida ma’lumotlar juda kam. Faqatgina bu zotning Xo‘ja Xovand ismli o‘g‘li keyinchalik Hirotda Alisher Navoiy homiyligida ijod qilgani va bir qancha asarlar yozgani malum.

Navoiyning yozishicha, Fazlulloh Abulaysiy Samarqandda vafot etgan va o‘zining ulug‘ bobokaloni Abulays Samarqandiy yoniga, uning maqbarasida dafn etilgan.

Hozirgi kunda ushbu maqbara saqlanib qolmagan. Yetmishinchi yillarda mahalla ahli qabrlar ustiga mo‘jaz ayvoncha qurishgan. Qizig‘i madrasa o‘rnida faoliyat yuritgan sobiq 15-maktab o‘quvchilari orasidan koinotshunos va adabyotshunos akademiklar - Shavkat Vohidov va Botirxon Valixo‘jayev, professorlar Sharof Ermuhammedov, G‘iyosiddin Bahriyev, taniqli fan va madaniyat arbobi Fazliddin Muhammadiyev, Rahmatjon Norov, Aziz Yunusov, Abduhafiz Xurramov, Muhammad Barotov kabi insonlar yetishib chiqdi.

Demoqchimizki, Samarqand shahri Vobkent ko‘chasida joylashgan Faqeh Abulaysiy masjidi yonidagi Faqeh Abulays Samarqandiy va Fazlulloh Abulaysiy qabri qadimiy Chokardiza qabristonidan saqlanib qolgan yagona mazoratdur. Shuningdek Fazlulloh Abulaysiy masjid xonaqosi o‘rnidagi bugungi Faqeh Abulaysiy masjidi Markaziy Osyodagi Alisher Navoiy shaxsiyatiga bog‘liq yagona nuqta hisoblanadi.


Kiritilgan vaqti: 10/03/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2701
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/mavlono-fazlulloh-abulaysiy-as-samarqandiy
Chop etilgan vaqti: 25/09/2021 10:36
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing