MASJID ODOBLARI
Insonning kundalik hayotini go‘zal qilib turuvchi amallardan biri uning xulqi, odobi, insoniylik odob-axloq normalariga rioya qilmog‘idir. Islom dini turli xil odob-axloq mujmualarini o‘zida mujassam etgan dindir. Bu dinda odob-axloq ibodat darajasiga chiqarilgandir. Salomlashish, muomala, oila, so‘zlashish, yotish, yurish, ovqatlanish, mezbonlik va mehmonga borish, ta’lim olish, ta’lim berish, tarbiyalash va hakazo odoblarning barcha-barchasi bu muqaddas dinda o‘z ifodasini topgan. Ana shunday odoblar sirasiga “Masjid odoblari” ham kiritilgan bo‘lib, bu odob zamirida Alloh taoloning uyi – masjidga hurmat-ehtirom yotadi.
Darhaqiqat, masjid dinimizning eng katta ramzlaridandir. Qur’oni karim oyatlarida va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida masjidga katta ahamiyat berilgan. Chunki, masjid musulmonlarni birdamlik va ittifoqqa chorlaydi. Masjid sari yuzlangan kishi esa go‘yoki, Aloh taoloning mehmoni kabi bir maqomda turadi. Mehmon esa o‘z izzati va mezbonning hurmatini yaxshi anglamog‘i lozim. Aks holda uning mehmonligi kutilgan samara bermasligi mumkin. Shuning uchun Alloh taoloning uyiga “mehmon” bo‘lib borayotgan har bir mo‘min kishi bu mehmonlikning vazifa va burchlarini yaxshi anglab yetmog‘i foydadan xoli emas. Islom dinining asoslaridan hisoblanmish Qur’oni karim va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislarida masjidlarga xos bo‘lgan odob-axloq masalalari mukammal tarzda bayon etilgan. Oyat va hadislardagi ushbu odob-axloqqa oid ma’lumotlar bir to‘plam qilinib, bu haqda ko‘plab asarlar nashr etilgan. Ushbu o‘rinda har bir mo‘min-musulmon kishi bilishi shart bo‘lgan masjidga xos bo‘lgan odob-axloq qoidalariga taalluqli ma’lumotlarni e’tiboringizga havola qilamiz.
Avvalo masjidga borayotgan kishi niyatni xolis qilmog‘i lozim:
﴿فَادْعُوا اللَّهَ مُخْلِصِينَ لَهُ الدِّينَ...﴾
“Bas, Allohga dinni xolis qilgan holingizda yolboring.”[1]
﴿وَمَا أُمِرُوا إِلَّا لِيَعْبُدُوا اللَّهَ مُخْلِصِينَ لَهُ الدِّينَ حُنَفَاءَ وَيُقِيمُوا الصَّلَاةَ وَيُؤْتُوا الزَّكَاةَ وَذَٰلِكَ دِينُ الْقَيِّمَةِ﴾
“Holbuki, ular faqat Allohgagina ibodat qilishga, Uning dinigagina ixlos qilishga, boshqa dinlarga moyil bo‘lmaslikka, namozni to‘liq o‘qishga, zakot berishga buyurilgan edilar. Ana shu to‘g‘ri millatning dinidir.”[2]
﴿وَأَنَّ الْمَسَاجِدَ لِلَّهِ فَلَا تَدْعُوا مَعَ اللَّهِ أَحَدًا﴾
“Va, alabatta, masjidlar Allohnikidir. Bas, Allohdan boshqaga duo qilmang.”[3]
Demak, masjidga niyatni xolis qilgan holda Alloh taologa ibodat va duo qilish uchun, yoki Uni zikri uchun, yoki o‘ziga muammo bo‘lib turgan diniy masalalar yechimi uchun boriladi.
2. Masjidga chiroyli kiyimlarda borish lozim, chunki Alloh taolo:
﴿يَا بَنِي آدَمَ خُذُوا زِينَتَكُمْ عِندَ كُلِّ مَسْجِدٍ ...﴾
“ Ey Odam bolalari, har bir sajda chog‘ida ziynatlaningiz (ya’ni masjidga borayotganda toza libosda bo‘lingiz)....”[4] deb buyuradi.
3. Tozalikka rioya qilish. Muqaddas dinimizda poklik va tozalik eng e’tiborli amallardan hisoblanib, qalb musaffoligi botiniy poklikdan keyin zohiriy pokizalikka buyuriladi. Poklikni sevadigan kishini Alloh taolo ham yaxshi ko‘rishini ma’lum qiladi:
﴿... فِيهِ رِجَالٌ يُحِبُّونَ أَن يَتَطَهَّرُوا وَاللَّهُ يُحِبُّ الْمُطَّهِّرِينَ﴾
Sen u (masjid)da hech qachon turma! Albatta, birinchi kundan taqvo asosida qurilgan masjidda turmoqliging haqdir. Unda poklanishni sevadigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevadir. (9: 108)
“... Unda poklanishni sevadigan kishilar bor. Alloh ham poklanuvchilarni sevadir”.[5]
﴿وَثِيَابَكَ فَطَهِّرْ﴾
“Va kiyimingni pokla!”[6]
﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِذَا قُمْتُمْ إِلَى الصَّلَاةِ فَاغْسِلُوا وُجُوهَكُمْ وَأَيْدِيَكُمْ إِلَى الْمَرَافِقِ وَامْسَحُوا بِرُءُوسِكُمْ وَأَرْجُلَكُمْ إِلَى الْكَعْبَيْنِ وَإِن كُنتُمْ جُنُبًا فَاطَّهَّرُوا وَإِن كُنتُم مَّرْضَىٰ أَوْ عَلَىٰ سَفَرٍ أَوْ جَاءَ أَحَدٌ مِّنكُم مِّنَ الْغَائِطِ أَوْ لَامَسْتُمُ النِّسَاءَ فَلَمْ تَجِدُوا مَاءً فَتَيَمَّمُوا صَعِيدًا طَيِّبًا فَامْسَحُوا بِوُجُوهِكُمْ وَأَيْدِيكُم مِّنْهُ مَا يُرِيدُ اللَّهُ لِيَجْعَلَ عَلَيْكُم مِّنْ حَرَجٍ وَلَٰكِن يُرِيدُ لِيُطَهِّرَكُمْ وَلِيُتِمَّ نِعْمَتَهُ عَلَيْكُمْ لَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَ﴾
“Ey iymon keltirganlar! Namozga turmoqchi bo‘lsalaringiz, yuzlaringizni va qo‘llaringizni chig‘anoqlari ila yuvinglar. Boshlaringizga mas’h tortinglar. Va oyoqlaringizni to‘piqlari ila yuvinglar. Agar junub bo‘lsalaringiz, poklaninglar. Agar bemor yoki safarda bo‘lsalaringiz yoxud birortalaringiz tahoratxonadan kelsa yoki ayollarga yaqinlik qilsa-yu, suv topa olmasalaringiz, bas, pokiza tuproq ila tayammum qilinglar. Undan yuzingizga va qo‘llaringizga mas’h tortinglar. Alloh sizlarga qiyinchilik tug‘dirishni istamas Ammo sizlarni poklashni va sizlarga o‘z ne’matini batamom qilib berishni istaydir. Shoyadki shukr qilsangizlar.”[7]
Yuqorida keltirilgan oyatlardan ma’lum bo‘ladiki, Islom dini mukammal poklik dini ekan. Islomda har bir amal poklikka tayagan, poklikka qaratilgandir. Xossatan, namoz o‘qish uchun nafaqat badan, balki kiyim-bosh va joy ham pok bo‘lishi zarur. Shu jumladan dinning qo‘rg‘oni bo‘lgan masjidlarga boruvchi kishi botiniy holatda ham zohiriy holatda ham pok bo‘lmog‘i lozim. Shuningdek, masjid odoblaridan yana biri og‘izdagi noxush hidlardan xoli bo‘lmoq uchun misvok ishlatishdir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Agar ummatim uchun mashaqqat deb bilmaganimda edi, ularga har namozdan oldin misvok ishlatishni buyurgan bo‘lardim” deb bizlarni yana bir poklikka undadilar.
4. Masjid odoblaridan yana biri masjidga kirishdan oldin qo‘l telefonlarini ovozsiz qilmoq va masjidga kirganda o‘ng oyoq bilan kirib, masjiddan chap oyoq bilan chiqiladi. Masjidga kirayotganda “Bismillah, salamun ala Rosulillah, Allohummaftah liy abvaba rohmatik” duosini o‘qiladi.
5. Masjidga kirganda dunyo ishlarini iloji boricha masjidda so‘zlashmasligi lozim, chunki Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Masjidda gapirilgan dunyoviy gap (qadam bosib kelgan) savob amallarini barchasini yeydi, olov o‘tinni yegani kabi”deb masjidda dunyo ishlari bilan zaruratsiz holda mashg‘ul bo‘lmaslikka buyurdilar.
6. Masjidlar namoz va zikr uchungina qurilgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam masjidlarga xos odoblarni o‘rgatib, masjidlarga loyiq bo‘lmagan amallarni qilishdan qaytarganlar.
Masjidga sokin, vazmin holda boshqalarga xalaqit qilmasdan shoshilmasdan kirib borish va chiqish, masjidni ozodaligiga putur yetkazmaslik, masjidga kirganda nomoz o‘qimasdan chiqib ketmaslik, ibodatda boshqalarga xalaqit bermaslik shular jumlasidandir.
Masjid hurmatiga noloyiq bo‘lgan ishlardan, masjidda shovqin qilish har xil narsalarni tashlash, e’tiborsiz harakat qilish, yoshi ulug‘larga nisbatan e’tiborsiz bo‘lish, mav’izalarga beparvo bo‘lish, ibodatga nisbatan loqayd bo‘lish, masjid imomi ruxsatisiz jamoatga gapirish eng katta odobsizliklardan sanaladi.
Mazkur masjid odoblariga rioya qilish bilan mu’min banda Alloh taoloning roziligini topib, ibodatlari qabul darajasiga yetsa ajab emas. Alloh taoloning uyini ehtirom va e’zozlash, undagi mulkni asrab-avaylash, bu ulug‘ dargohning xodimlari-yu, mehmonlarini hurmat qilish har bir mu’min-msusulmonga xos amallardandir. Darhaqiqat, bu ko‘rsatmalar asrlar osha xalqimizning milliy qadriyatlariga aylanib ulgurgan odoblar sirasiga kiradi.
Kiritilgan vaqti: 20/01/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 4124
Chop etilgan vaqti: 04/10/2024 17:19