O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

MA’NAVIYAT YUKSAKLIKKA CHORLAYDI

 
 

Payg‘ambarimiz (s.a.v) "Kishi biror kishini yaxshi ishga dalolat qilsa, unga o‘sha yaxshilikni bajarganligi savobi beriladi". deb marhamat qilganlar. (Imom Ahmad va Muslim rivoyati)

Bu hadisi sharifning ma’no-mazmunini hayotimizga tadbiq qilib, kishilarni yanada yaxshi ishlarga da’vat qilib borishimiz savob amallardandir. Yaqinda Samarqand viloyati bosh imom xatibligi va Respublika ma’naviyat targ‘ibot markazi Samarqand viloyati bo‘limi rahbariyati bilan Samarqand viloyati imom xatiblari ishtirokida sayyor ma’naviyat soatlari tashkil qilindi. Bundan maqsad imom-xatiblarimizning "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari" yilida yanada ilm saviyalarini oshirish va har bir imom xatib o‘z masjidida bajargan namunali holatlardan ibrat olib, fikr almashishdir.

Yaqindagina tashkil etilgan "Ma’naviyat soatlari" barcha imom xatiblarimizni xursand qilib, har bir sayyor yig‘ilishga qiziqish bilan ishtirok etishmoqda. Chunki imom xatiblarimiz ma’naviyat targ‘ibotchilarining mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun va mohiyati, bugungi dunyoning mafkuraviy manzarasi, globallashuv sharoitida mafkuralar to‘qnashuvi va uning oqibatlari, mahalla, oila, ta’lim-tizimining ishlash prinsiplari, yutuq va kamchiliklari, intirnet saytlari va ularning hayotimizga bo‘lgan ijobiy va salbiy ta’sirlari, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini samarali tashkil etishda davlat va jamiyat organlari, mahalliy hokimliklar oldida turgan dolzarb vazifalar, ma’naviyat, uning jamiyat taraqqiyoti va inson kamolotidagi tutgan o‘rni haqidagi mazmunli suhbatlardan bahramand bo‘lib, juma namozlarida, ta’lim muassasalari, mahallalardagi uchrashuvlarda ulardan foydalanmoqdalar. Bu borada imom xatiblar bilan suhbatlashilganda: "Ma’naviyat soatlari imomlar uchun ayni muddao bo‘ldi. Ijtimoiy-siyosiy masalalarni mutuxassisdan o‘rganishning gashti boshqacha bo‘lyapti. Biz o‘zlashtirayotgan ma’lumotlarni diniy bilimlar bilan uyg‘unlashtirgan holda xalqqa yetkazishga harakat qilyapmiz. “Ma’naviyat soatlari” hali o‘zining ko‘plab yaxshi natijalarini ko‘rsatadi"- degan iliq fikrlarni eshityapmiz.

Xalqimizda "dehqon bo‘lsang shudgor qil, mullo bo‘lsang takror qil" degan ajoyib naql bor. Bobolarimiz aytgan xar bir naqlda katta ma’no va mazmun bo‘lib, kishilarni ilm va hunarga undaydi. Alloh taolo Nahl surasining 97-oyatida shunday marhamat qiladi: "Erkakmi yo ayolmi kimda-kim mo‘min bo‘lgan holda biror ezgu ish qilsa, bas, biz unga yoqimli hayot baxsh eturmiz va ularni o‘zlari qilib o‘tgan go‘zal amallari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz!". Shunday ekan har birimiz yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarib, jamiyatimizda go‘zal yashash tartibini yuzaga keltirishga doimiy hissamizni qo‘shib borishimiz lozim. Bu borada imom domlalarimiz o‘rnak bo‘lishi, xalqimizga ma’naviy ozuqa bo‘lga ezgulikni, savob ishlarni targ‘ib qilishi kerak. Ma’naviyat soatlari ayni shu ishlarni targ‘ib qiladigan eng yuksak tadbirdir.


Kiritilgan vaqti: 06/04/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2490
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/manaviyat-yuksaklikka-chorlaydi
Chop etilgan vaqti: 08/11/2024 16:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing