Luqmoni Hakimning o‘g‘liga nasihatlari
Ey o‘g‘lim, Allohga shirk keltirma! Chunki shirk eng katta gunohdir. Odamlarga yuzingni burishtirma. Hech qachon kekkayib, kerilib yurma. Chunki Alloh takabbur va maqtanchoq kimsalarni yaxshi ko‘rmaydi. Yerga qarab vazminlik bilan yurgin va hech qachon ovozingni baland ko‘tarma!
Ey o‘g‘lim, salomatlik bebaho boylik, go‘zal axloq beqiyos ne'matdir. Kattalar bilan gaplashayotganingda har bir so‘zingga ehtiyot bo‘l. Qarindoshlar bilan aloqani uzma. Bekorchi va bema'ni odamlar oldida o‘tirma. O‘zingdan kattalar bilan hazillashma.
O‘g‘lim, imkon qadar urush-janjaldan saqlan! Dunyo ishlari uchun ortiqcha g‘am yema. Yoshligingni g‘animat bil va ilm sohibi bo‘lgan kishilar bilan maslahatlash. Qayg‘uga botma, g‘amgin bo‘lma. Odamlarning qo‘lidagi narsalarga ko‘z tikishdan saqlan. Taqdirga rozi bo‘l. O‘zingga berilgan rizqqa qanoat qil. O‘zingdan-o‘zing behuda g‘amgin bo‘lma. Xafagarchilik bilan qalbingni band etma.
Ey o‘g‘lim, avvalo o‘zingga nasihat qil. Boshqalarga tavsiya qiladiganlaringga avval o‘zing amal qil. Biliming va holingga qarab so‘zla. Sukut qilsang, pushaymon bo‘lmaysan. So‘z kumush bo‘lsa, sukut oltindir. Kattalar bilan tortishma. Musibatga sabrli, kishilar oldida kamtar bo‘l.
O‘g‘lim, yolg‘on gapirishdan juda ehtiyot bo‘l. Chunki yolg‘on diningni buzadi va odamlar oldida obro‘yingni to‘kadi. Natijada e'tibor va darajangni yo‘qotasan. Ochiq chehrali, to‘g‘ri so‘zli bo‘l. Salomlashishga odatlan.
Ey o‘g‘lim, oz mol-dunyo oqilona sarf-xarajat va tadbir bilan ko‘payadi. Ko‘p mol-dunyo behuda sarf-xarajat oqibatida kamayadi. Qanoatli bo‘lsang, dunyoda sendan boy odam bo‘lmaydi.
Ey o‘g‘lim, me'dangni ovqatga to‘ldirma. Aks holda aqling, fahm-farosating noqis bo‘ladi. Oshqozon to‘lsa, fikr uxlaydi, hikmat sukutga ketadi, a'zolar ibodatdan qoladi.
Ey o‘g‘lim, ishlaringda faqat olimlar bilan maslahatlash. Olim johilni biladi. Chunki u avval johil edi. Johil olimni bilmaydi. Chunki u olim bo‘lmagan.
O‘g‘lim! Yaxshilikni uning qadriga yetadiganlarga qil. Bo‘ri bilan qo‘y orasida do‘stlik bo‘lmaganidek yaxshilik sohiblari bilan gunohkor kimsalar orasida do‘stlik bo‘lmaydi. Dunyoda toat-ibodatlarga ham g‘ayrat qilki, oxiratda senga yo‘ldosh bo‘lsin. Dunyoni batamom tark etma. Halolidan rizq ishlab topki, hech kimga muhtoj bo‘lmaysan.
Ey o‘g‘lim, hasad qilma, birovlar orqasidan yomonlama. Agar senga yomonlik qilsalar kechirimli bo‘lgin, yaxshilik ko‘rsang shukr qilgin, ofat va balolarga duch kelganingda sabr qilgin. G‘ayrlikdan, ko‘ra olmaslikdan hazar qil, kasalmandlar ziyoratini kanda qilma, o‘tganlarni yomon sifatlar bilan eslama.
Farzandim, so‘zni yumshoq so‘zla, qattiq so‘zlama, ahmoqlarni, johillarni sukut bilan kutib ol. Vaqtingning ko‘pini sukut bilan o‘tkaz. Tafakkurdan xoli bo‘lmaki, tiling balosidan qutulasan. Sukut salomatlik eshigini ochuvchi yagona kalitdir. O‘zingdan kattalar bilan tortishma va ularga qaysarlik qilma. O‘zingdan kichkinaga past nazar bilan qarama. Gapirmoqchi bo‘lganingda yaxshilab o‘ylab gapir. Hech kim “uf” demasin.
O‘g‘lim, yozda soydan, qishda ko‘zadan suv ichma. Ochko‘zlik badanning eng katta dushmanidir, ishtahasizlik ham shunday. Yuvingach ma'lum muddat o‘ranib yotish kerak. Ovqatdan so‘ng yurish kerak. Oyog‘ingni issiq tut, boshingni salqin...
Ey o‘g‘lim, birovga yaxshilik qilgan bo‘lsang, yaxshiligingni aytib, uni uyaltirma kamsitma. Birovga ichirgan va yedirganingni minnat qilib, zaharga aylantirma! Evaziga narsa kutib qilingan yaxshilik yaxshilik hisoblanmaydi, balki u oddiy oldi-berdidan iborat, xolos.
O‘MI - Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 13/01/2020 16:36; Ko‘rilganligi: 1685
Chop etilgan vaqti: 13/06/2025 15:36