O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

KORONAVIRUSGA QARSHI YETMISH KUN: choralar, targ‘ibotlar, xayriyalar va duolar

 
 

2020 yilda butun jahonni chulg‘ab olgan koronavirus pandemiyasi 34 million aholiga ega bo‘lgan O‘zbekistonda o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ancha yumshoq kechmoqda.

Yurtimizda yetmish kundan ziyod davom etayotgan karantin davrida koronavirus infeksiyasiga qarshi amalga oshirilgan ishlar o‘zining ijobiy natijasini bermoqda. 25 mayga kelib kasallikdan butunlay sog‘ayganlar soni 2607 nafarga yetdi. Bu esa virusdan zararlanish bilan bog‘liq jami 3215 holatning 80 foizidan ko‘pini tashkil etdi. Koronavirusdan davolanayotgan 595 nafar bemor qoldi.

Karantin choralari va tushuntirish ishlarining ko‘lami bilan o‘lkamizda kasallikning qayd etilgan holatlari ham, kunlik yangi holatlar ham nisbatan past darajada saqlanib turibdi. Asosiysi, sog‘ayganlar soni kundan-kunga ko‘paymoqda.

Ta'kidlash zarurki, butun dunyoning ko‘plab davlatlarida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat keskinligicha qolmoqda. AQSHning Jon Xopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunga kelib dunyo bo‘ylab jami 5,5 million nafardan ortiq odamda COVID-19 aniqlangan. Ulardan 2,3 million nafardan ziyodi sog‘aygan bo‘lsa, taassufki, salkam 346 mingdan ziyodi vafot etgan. Virusga chalinganlar soni bo‘yicha AQSH, Braziliya, Ispaniya, Italiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Eron, Turkiya va Hindiston kabi davlatlar yetakchilik qilmoqda (2020 yil 25 may holati).

Diyorimizda  koronavirus infeksiyasi aniqlanishining ilk kunlaridanoq muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan xalqimiz salomatligi, fuqarolar osoyishtaligini ko‘zlagan holda bir qator choralar qo‘llandi. Shuni alohida ta'kidlash lozimki, ko‘rilgan tadbirlarning samarasi o‘laroq, aholi soniga nisbatan olinganda aprel oyi yakunlariga ko‘ra, MDH davlatlari orasida infeksiya tarqalishining oldini olish bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkich aynan yurtimizga to‘g‘ri keldi.

Dunyo bo‘yicha bir kunda 80 mingdan ko‘proq holatda koronavirus kasalligi qayd etilayotgani, ayrim qo‘shni davlatlarda vaziyat og‘irligi butun xalqimizdan joriy etilgan tartib-qoidalarga qat'iy amal qilishni talab etmoqda.

Atrofimizda kasallikka chalinganlar yo‘q, deb o‘z hayotimizni xavf ostiga qo‘ymaylik. Qachonki har birimiz karantin tadbirlari to‘liq rioya etar ekanmiz, ko‘chadan sog‘lom qaytib kelamiz. Agar o‘zimiz, yaqinlarimiz, farzandlarimiz salomatligiga befarq bo‘lmasak, har birimiz profilaktik tadbirlar, tibbiyot xodimlari tavsiyalariga to‘liq rioya etishimiz shart bo‘ladi.

Shu yil 7 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Davlatimiz Rahbari “Har birimiz karantin va sanitariya-gigiyena qoidalariga qat'iy amal qilib, o‘zimiz, yaqinlarimiz va xalqimizning sog‘lig‘ini himoya qilish uchun mas'ul ekanimizni unutmasligimiz zarur va shart”, deb bugungi kunning eng ustuvor tamoyilini ta'kidladilar.

Yuzaga kelgan vaziyatni to‘g‘ri tushunib, karantin qoidalariga amal qilayotgan donishmand xalqimizning hamjihatligi ila ushbu xurujdan ortiqcha talofatlarsiz chiqishga erishilmoqda.

Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Ramazon hayiti tabrigida ham mazkur masalalarga alohida to‘xtalib o‘tdilar: “Mard va matonatli xalqimiz koronavirus pandemiyasi, boshimizga tushgan turli sinovlar va tabiiy ofatlar sharoitida “Olloh sabr-toqatli insonlar bilan birgadir”, degan ilohiy o‘gitga amal qilib, tushkunlikka berilmasdan, yanada ahil va birdam bo‘lib, insonparvarlik, hamjihatlikning yuksak numunasini ko‘rsatganini jahon hamjamiyati e'tirof etmoqda”.

Haqiqatan, sohaning yetuk ekspertlari xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston ushbu dahshatli pandemiyadan eng kam talofat ko‘rgan mamlakat sifatida chiqadi, deb baholanmoqda.

Jahonda, xususan, diyorimizdagi epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda koronavirus infeksiyasi aniqlangan dastlabki kunlardanoq mo‘min-musulmonlar uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi tomonidan bir qator bayonotlar, murojaatlar bilan chiqildi va ushbularning mazmun mohiyatini targ‘ib-tashviq qilish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Jumladan:

  • 2020 yil 16 martda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha fatvo e'lon qilindi. Unda asosan mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashgungacha juma namozlari o‘rniga uyda peshin namozini va besh vaqt namozlarini ham uyda ado etish tavsiya etildi. Bu amaliyot keyinchalik ko‘plab xorij mamlakatlarida ham joriy etildi;
  • 2020 yil 23 martda Ulamolar Kengashining karantin talablariga qat'iy rioya etish bo‘yicha mamlakat musulmonlariga murojaati yo‘llandi;
  • 2020 yil 23 martda pandemiya davrida dafn etish marosimlarini qanday o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Unda janoza, dafn va ta'ziya marosimlarini ixcham tarzda ŭtkazish barobarida epidemiya hamda karantin davridagi talablar, xususan, gigiyena qoidalari – qŭllarni yuvish, tibbiĭ niqoblarni taqish, ijtimoiy masofani saqlash va boshqalarga jiddiĭ amal qilish ta'kidlangan.
  • 2020 yil 13 aprelda Ulamolar Kengashining Ramazon oyini o‘tkazish haqidagi bayonoti berildi. Bayonotda xususan, Ramazon oyida tarovih namozlari, saharlik va iftorlik marosimlari hamda xatmi Qur'onlarni o‘z oila a'zolari bilan xonadonlarida o‘tkazilishi belgilandi.
  • 2020 yil 14 aprelda zakot, fitr sadaqasi va fidya miqdori haqida ma'lumotlar berildi. Unda bugungi kunda dunyoda koronavirus pandemiyasi davrida mo‘min-musulmonlarga zakot mablag‘larini keng tarqatish tavsiya etildi.
  • 2020 yil 21 mayda Ulamolar Kengashining 2020 yil Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi bayonoti e'lon qilindi. Unda asosan masjidlarda karantin davrida vaqtincha jamoat namozlari to‘xtatilganini inobatga olgan holda Ramazon hayiti namozini o‘qish ham mo‘min-musulmonlardan soqit bo‘lishi va hayit kuni quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgandan keyin xonadonlarda to‘rt rakatli nafl namoz o‘qish tavsiya etildi.

 Targ‘ibot-tashviqot ishlari

Masjidlar faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan bo‘lsada, imom-xatiblar tomonidan ommaviy axborot vositalari va internet tarmog‘ida kasallik tarqalishining oldini olish hamda dolzarb mavzularda chiqishlar qilish, aholining ehtiyojmand qatlami bilan xayriya tadbirlarini tashkil etish yo‘nalishidagi ishlar jadal olib borilmoqda.

Xususan, pandemiya davrida yetuk ulamolar, notiq imom-xatiblar tomonidan karantin mezonlariga amal qilish, zaruratsiz uydan chiqmaslik, ushbu sinovli kunlarda vahimaga berilmaslik, yordamga muhtoj shaxslarga g‘amxo‘rlik qilish va shu kabi yo‘nalishlarda chiqishlar qilindi, jumladan:

- 1281 ta televideniyeda;

- 766 ta radioda;

- 13.685 ta internet tarmog‘ida chiqishlar qilindi. Ayni kunlarda mazkur ishlar jadal davom ettirilmoqda.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali imom-xatiblarning juma ma'ruzalari onlayn tarzda berib borilmoqda.

Ramazon oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning joylardagi vakillari internet saytlarida 70 ta qori tomonidan onlayn xatmi Qur'onlar qilindi. Ularning yakuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ishtirokida amalga oshirildi. Mazkur tadbir televideniya va ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirda namoyish etildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Ramazon oyida mo‘min-musulmonlarning telefon orqali yo‘llangan shar'iy masalalariga tunu kun javob berish tizimi – Kol-markaz yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, savol-javobga ixtisoslashgan “Telegram” messenjerida bot ham ishladi. Bir kunda jami 3 mingdan ziyod savol-javol qilindi.

Koronavirus kabi yuqumli kasalliklar davriga taalluqli Islom ta'limotlarida kelgan tavsiyalar buklet va flayer shaklida tayyorlandi. Bukletlarda yuqumli xastalik keng tarqalgan vaqtda inson o‘zini qanday tutishi, kasallikdan saqlanishi va uning muolajasi borasidagi zarur ko‘rsatmalar yoritildi.

Mualliflarning o‘tkir yuqumli kasalliklarning kelib chiqishi tarixi, muolajasi va oldini olish chora-tadbirlarini o‘z ichiga olgan maqolalar asosida “Vabo insoniyat uchun bir sinov” nomli risola chop etildi. 

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan karonavirus xastaligini insoniyat boshidan aritish maqsadida dinimiz ko‘rsatmalariga muvofiq, bir qator duoyu tazarrular ham amalga oshirilmoqda. Diniy soha xodimlari bir necha ming rakat najot so‘rash namozini ado etdilar, ikki milliondan ziyod “Solatun nojiya”, “Solatun noriya”, “Hasbunallohu va ni'mal vakil” kabi salovoti sharif va duolar o‘qildi.

Shuningdek, xatmi Qur'onlar fayzu barakasidan butun dunyoga, xususan, yurtimizga qut-baraka yog‘ilishi, baloyu ofatlar daf etish niyatida 17.000 ta xatmi Qur'onlar qilindi.

Dastlabki xatmi Qur'onlar, salavotlar va xayriya ishlarining yakuniy duolari muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiliklarida Toshkent shahridagi “Suzuk ota” majmuasida, boshqa hududlarda ham mo‘tabar maskanlarda yurtimizdagi eng tabarruk ulamolar tomonidan amalga oshirildi.

“Haj” va “Umra” safarlari bo‘yicha Saudiya Arabistonidagi hamkor “al-Hidoya” shirkati vakillari tomonidan Makkai mukarramadagi Harami sharifda insoniyat boshiga kelgan bu xastalikni daf bo‘lishini so‘rab, Haq taologa yolvorib duo o‘qiganlari tahsinga loyiq ish bo‘ldi.

 Masofaviy diniy ta'lim jarayonlari

Karantin davrida diniy ta'lim muassasalari pedagog-o‘qituvchilari darslarni talabalarga o‘quv dastur va taqvimiy reja asosida video hamda audio darslar, ma'ruza matni va slaydlar ko‘rinishida masofaviy tarzda olib borilmoqda.

Ushbu darslar talabalarning “telegram” guruhlari va “moodle” dasturi orqali oflayn shaklda, “Zoom” dasturi orqali onlayn shaklda yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda talabalarning 20 foizi onlayn, 80 foizi esa oflayn tartibida darslarni tinglashmoqda.

Diniy ta'lim muassasalari tomonidan jami 175 ta onlayn,1052 ta video va 4014 ta audio darslar tashkil etildi, 624 ta ma'ruza matni va 342 ta slayd talabalarga taqdim etildi.

Har bir fan o‘qituvchilari talabalarning bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanish maqsadida masofaviy darslar bo‘yicha berilgan savollarga javob bermoqda, mutolaa uchun qo‘shimcha adabiyotlarni tavsiya etilmoqda.

Karantin ta'tili davomida o‘qituvchi va talabalar tomonidan bugungi kunga qadar jami 3000 ta xatmi Qur'on, 2 ta “Sahihul Buxoriy” hadis to‘plami xatmi, minglab mo‘tabar duo va istig‘forlar qilindi.

Shuningdek, Samarqand viloyatidagi Hadis ilmi maktabi tomonidan arab tili yo‘nalishida onlayn Respublika tanlovi o‘tkazildi.

 Xayriya tadbirlari

Pandemiya paytida ishsizlar, yordam va ko‘makka muhtoj aholini moddiy qo‘llab-quvvatlash muhim vazifalardan hisoblanadi. Davlatimiz Rahbari xalqimizning ma'naviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olgan holda “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish borasida tashabbuslari doirasida juda keng ko‘lamli ishlar qilindi.

Bugun ko‘mak berishning ayni vaqti ekanini anglagan holda, imom-xatiblar tomonidan ushbu tashabbus yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlanib, ehtiyojmand oilalarga keng ko‘lamli xayriya yordamlarini ko‘rsatish uyushtirildi.

Ushbu davr mobaynida imomlar tomonidan ko‘makka muhtoj oilalarga homiylarni jalb qilgan holda, 13,7 mlrd. so‘mdan ziyod yordam ko‘rsatildi. Joylarda 122 ta qoramol hamda 2685 ta qo‘y so‘yilib, go‘sht mahsulotlari ehtiyojmand oilalarga yetkazildi. Shuningdek, 180 mingga yaqin tibbiy niqoblar tarqatildi.

“Vaqf” xayriya jamoat fondi karantin vaqtida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, zakot mablag‘lari hisobidan oziq-ovqat mahsulotlari, bemorlarga dori-darmonlar, tibbiy niqoblar bepul tarqatdi. Fond muborak oy davomida 3.470.680.134 so‘mlik xayriya ishlarini amalga oshirdi.

Bundan tashqari, Ramazon oyida xalqimizga beminnat xizmat ko‘rsatayotgan Respublikamizdagi 2 124 nafar imom-xatib va imom noibiga 1 milliard 62 million so‘m pul mablag‘lari moliyaviy yordam sifatida berildi.

Ramazon hayiti kunlari Fond tomonidan 14 420 nafar xonadonga jami 1 milliard so‘mdan ziyod oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi tuhfa qilindi.

Shuningdek, aholining kam ta'minlangan qatlamini moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun respublikada faoliyat yuritayotgan har bir imom-xatibga saxovatpesha insonlarni jalb etgan holda o‘z hududidagi mahallalarda istiqomat qiluvchi nochor oilalar hamda ijtimoiy muassasalar – Saxovat, Muruvvat va Mehribonlik uylariga karantin mezonlariga amal qilgan holda jami 420 million so‘mlik moddiy yordamlar berildi.

 Sinov ketidan sinovni birdamlik bilan yengildi

2020 yilgi sinovli damlar yurtimiz ahlini bir-biriga mehr-oqibatli bo‘lishni, barcha insoniy fazilatlarni yanada mustahkamlashga omil bo‘ldi. Shu yil 1 mayda Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘onining bir qismi ochilib, yuzaga kelgan toshqin tufayli minglab yurtdoshlarimiz boshpanasiz qoldi. Bu favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rildi. 

Shu kunning o‘zidayoq Prezidentimiz zudlik bilan Sirdaryo viloyatiga yetib bordi va vaziyat to‘liq nazoratga olindi. Davlatimiz rahbari tomonidan “Bironta xonadon, bironta odam e'tiborsiz qolmaydi”, degan qat'iy iroda bilan favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha rejali ishlar amalga oshirildi.

Yurtimiz ulamolari ham suv omboridagi favqulodda holat oqibatlarini bartaraf bo‘lishini Yaratgan Parvardigordan so‘rab, dinimizda tavsiya etilgan amallar ado etdilar. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarning 36 ta mintaqasidagi tabarruk ulamolarimiz va imom-domlalarimiz mazkur noxush hodisaning salbiy oqibatlarini Alloh taolodan bartaraf etishini so‘rab, xatmi Qur'onlar o‘qilib, muborak Ramazon kunlarida duoyu tazarrular qilindi.

Imom-xatiblar, imom noiblari va madrasalar talabalari tomonidan 420 ta xatmi Qur'on qilindi. Shuningdek, 4 bosh qoramol, 85 ta qo‘y so‘yilib, kam ta'minlangan oilalar, yordamga muhtoj kishilar, yetim-esirlar va duosi mustajob insonlarga tarqatildi.

Xalqimiz boshiga tushgan koronavirus xastaligi va tabiiy ofatlar zararlarini daf etilishini so‘rab o‘qiladigan duoyu tazarrular davom ettirilmoqda. Shu kunga qadar imom-xatiblar, imom noiblari va otinoyilar tomonidan 1 991 010 marta “Salotun noriya”, 2 437 028 marta “Salotan tunajjino”, 8 025 125 marta “Sayidul istig‘for” va 9 539 139 marta “Hasbunallohu va ni'mal vakil” aytildi.

May oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan “Sirdaryoliklarga ko‘mak” xayriya aksiyasi boshlangan edi. Ramazon oyida mashaqqatda qolgan yurtdoshlarimizga o‘z yordam qo‘lini cho‘zgan azizlarimiz tomonidan 105 million so‘mdan ziyod mablag‘ yig‘ildi va turfa xil buyumlar jamlandi. 23 may, arafa kuni 2 ta ISUZU yuk moshinasida guruch, un, yog‘, shakar, makaron, quruq choy va xo‘jalik sovuni kabi oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat jami 105 million so‘mlik 347 nafar oilaga mo‘ljallangan hayit tuhfalari, shuningdek, 1200 ta kuylak, 200 ta joynamoz, 500 ta kiyim-boshlar Ramazon hayiti arafasida ehtiyojmand sirdaryoliklarga yetkazildi.

Ushbu noxush voqeada aziyat chekkan sirdaryoliklarga imom-xatiblar tashabbusi bilan jami 4,2 milliard so‘mlik moddiy va buyum ko‘rinishidagi mahsulotlar xayriya qilindi.

 

Aholi ro‘zg‘ori butligiga erishish yo‘lida

Prezidentimiz tomonlaridan bir necha bor bu yilgi murakkab vaziyatni hisobga olib, barcha tomorqalarda 2-3 marta ekin ekish va qo‘shimcha hosil olish birinchi darajali vazifa ekani ta'kidlandi. Shu ma'noda pandemiya tufayli yurtimizda e'lon qilingan karantin vaqtida aholini oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan birlamchi talabini qondirish ko‘p jihatdan tomorqalardan qanchalik oqilona foydalanishimizga bog‘liq ekani to‘g‘risida imom-xatiblar tomonidan 842 marta ommaviy axborot vositalari, tele, radiokanallar, bosma va elektron nashrlarda keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari amalga oshirildi.

 

Munosib e'tirof yanada kuch-g‘ayrat bag‘ishladi

El boshiga ish tushgan qiyin damlarda xalqimizning bir-biriga yelkadosh bo‘lish, g‘amxo‘rlik ko‘rsatish kabi ezgu fazilatlari yanada kuchliroq namoyon bo‘layotgani barchamizni birdek xursand qilmoqda.

Davlatimiz Rahbari shu yil 29 aprel kungi yig‘ilishda pandemiyaga qarshi kurashda faollik ko‘rsatgan bir guruh soha vakillariga alohida tashakkur bildirib: “Shu jarayonda o‘zini ayamasdan xizmat qilayotgan huquq-tartibot idoralari xodimlariga, mard va jasur harbiylarimizga, vazirlik va idoralar, hokimliklarning rahbarlari va xizmatchilariga, muhtaram nuroniylarimiz va mahalla faollariga, saxovatpesha tadbirkorlarimizga, olimlarimiz, o‘qituvchi va domlalar, ijodkor ziyolilarimiz, imom-xatiblarimizga chin dildan rahmat aytaman”, dedilar.

Yurtboshimizning bunday xayrli ishlarda keng jamoatchilik vakillari qatorida muhtaram imom-xatiblarimizni ham alohida esga olganlari din peshvolarini savobli ishlarni yanada ko‘paytirishga ruhlantirdi.

Mana shunday hamjihatlikdagi sa'y-harakatlar murakkab sinovlarni yengib o‘tishda Yaratgan Parvardigorning madadi ila xalqimizga kuch-quvvat bag‘ishlab, xursandchilik kunlar yanada bardavom bo‘lishiga ishonch uyg‘otadi.

 O‘tkir HASANBAYEV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

raisi o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 26/05/2020 18:54;   Ko‘rilganligi: 1367
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/koronavirusga-qarshi-etmish-kun-choralar-targibotlar-xayriyalar-va-duolar
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 02:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing